13:20 / 09.12.2018
2 488

«Sarri falsafasi»

«Sarri falsafasi»
Mauritsio Sarri nimanidir aniq bilardi. U hatto bilmasligini aytganida ham bilardi. U doimo Gvardiolaga yutqazgan, bugun u g‘azab, tajriba va bilimlarni to‘plab g‘alaba qozondi.

Sarri matbuot anjumanida shunday degan edi: “Men Gvardiolaga barcha uchrashuvlarni yutqazganman. Shunday ekan, siz mendan emas, boshqalardan uning ustidan qanday qilib g‘alaba qozonishni so‘rashingiz kerak”.

U bugun bizni hayron qoldirishni uddaladi!

Italiyalik murabbiy Londonga g‘alabalar uchun tashrif buyurmadi. U sovrinlarni yutish bo‘yicha “master” ham emas. Sarri-faylasuf! U jamoada hayot tarzi, tayyorgarlik jarayonini o‘zgartiradi! U jamoaga keskin natijalarni yaxshilash vazifasini qo‘ymaydi. U barcha ishni sekin-asta amalga oshiradi. Roman Abramovich esa shunday murabbiyga ehtiyoj sezgan ko‘rinadi. “Bir kunda mentalitetni o‘zgartira olmaysiz, uni sekin-asta o‘zgartirishingiz kerak. Ehtimol, bir haftada bir foiz, shunday qilib… buning hikoyasi uzun”, dedi Sarri, o‘yindan keyin.

Eng muhimi, italiyalik murabbiy o‘z o‘yinini ko‘rsata olmoqda. “Manchester Siti” ga qarshi o‘yin o‘zining qilayotgan ishlar tizimini tekshirish uchun oddiy sinov bo‘ldi. Sarrining oldingi yillar sovrinlarni olmaganining yagona sababi, u yetakchi jamoalarga yutqazib qo‘ygani edi. Bundan tashqari, u Gvardiolani doim o‘zidan ustun qo‘ygan, uning o‘yinlaridagi chizgilarni o‘rganishga uringan. Bugun don Sarri Gvardiolaga ilk bor “saboq” berdi.

Ikkala jamoaning ham o‘yingacha o‘z muammolari bor edi. “Shaharliklar”da De Bryuyne va Aguerro o‘ynamadi, shuningdek, Jezusning o‘yini “chiqmayapti”. To‘g‘ri, bu chempionning olg‘a yurishiga, juda ko‘p gol kiritishi va kam gol o‘tkazishiga ta’sir o‘tkazmayotgandi. “Chelsi” da esa o‘yinlardagi xilma-xillik sezilmayotgani, undan tashqari hafta o‘rtasidagi “Vulverxemptona”ga uchralgan mag‘lubiyat ta’siri bor edi.

Jamoalarning boshlang‘ich tarkibi hammani hayratlantirdi. Har ikki murabbiy ham “yengil otliqlar” bilan o‘ynashga qaror qildilar. Gvardiola Sterlingni “erkin o‘yinchi”ga aylantirgan bo‘lsa, Sarri o‘zini topa olmayotgan Moratani “zayavka”dan chiqarib tashladi, Jiruga esa zaxira o‘rindig‘ini ko‘rsatdi! Biz allaqachon Kante bog‘lab turadigan Billian-Azar-Pedro triosi o‘yini tajribasini ko‘rdik. Ammo biz ko‘rganimiz himoyaga tayanilgan o‘yindagi chizgi edi. Kecha himoyaviy o‘yin emas edi. Sarrining kechagi “taktika”sida bu uchlik uchun qolgan barcha o‘yinchilar imkoniyat yaratib berishi ko‘zda tutilgan edi. Kechagi o‘yin buni oqladi!

Sarrining futboli- bu yagona mexanizm atrofida birlashgan jamoa! U hech qachon qaysidir super yulduz o‘yinchiga bog‘liq bo‘lmaydi. Sarrining eski tarkibida bunday o‘yinchilar bo‘lmagan-shuning uchun u o‘z futbol falsafasini yaratgan.

“Chelsi” ning so‘nggi omadsiz uchrashuvlari Jorjinyu sababli yuzaga keldi. “Tottenxem” klubi o‘yinchisi Delli uni yopishi oqibatida “Chelsi” o‘z o‘yinini umuman topa olmagan edi. Umuman olganda, Jorjinyuni APL himoyachilari juda ham charchatmoqda. Aynan shuning uchun kechagi o‘yin uchun chizgilarda Sarri shtabi Azar va Jorjinyu juftligini o‘yinning asosiy quroliga aylantirmadi.

Bundan tashqari biz birinchi marta Sarri Kantedan nimani xohlayotganini eshita oldik:

“Men Kantega nima uchun bu joyda o‘ynayotganini tushuntirdim. Uning maydondagi o‘rni uchun o‘z g‘oyam bor” Kante murabbiyning ostida, misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirmoqda! Bu yerda gol muhim emas! Siz qachondir raqibni shunchaki dribbling ishlatib dog‘da qoldiradigan, raqibni o‘z tezligi bilan ortda qoldiradigan Kanteni ko‘rganmisiz? Faqat markazni emas, balki hujum va himoyada ham bir xil o‘ynayotgan Ngolonichi? Hozirda o‘ynayotgan Kante barcha jabhalarda kuchli va bunga u Sarri bilan erishdi!

“Siti” “Chelsi”dan yomonroq o‘ynadimi? Gvardiola jamoasi yutqazgan o‘yinlarda ham doimo ustun bo‘lgan. Birinchi bo‘lim “shaharliklar” foydasiga hal bo‘layotgan bir paytda “Chelsi” o‘zining birinchi taymdagi eng mazmunli hujumini uyushtirdi va gol urdi! Londonliklar “Siti”ga birinchi taymdagi o‘yin tizginini berdi va birgina hujum bilan maydon egasi kim ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Ikkinchi taymda “Chelsi”ning oldida ikkita tanlov bore edi: O‘yinda chuqur himoyada o‘ynash yoki hujumga o‘tib raqibni o‘z maydonida qamal qilish. Sarri “Siti” bilan o‘yinda himoyaviy o‘yin ish bermasligini yaxshi bilar edi. To‘pga egalik qilib, ularni to‘psiz qoldirishni hech ham iloji yo‘q! Ahir bu Gvardiola jamoasi.

Sarri asosiy e’tiborni hujumlar soniga emas ularning sifatiga qaratdi. To‘pni yetkazib berishda ham asosiy e’tibor aniqlikka qaratildi. (442 ga 669). “Chelsi” 5ta darvozaga tepgan to‘pning 4 tasi aniq bo‘ldi. “Aristokratlar” nechta burchak to‘pi amalga oshirdi, bilasizmi? Bitta! Ikkita golning birini qanday urdi? Burchak to‘pining uzatilishidan. Mana,aniqlik!

Azar Kante va Luizga ajoyib uzatishlarni amalga oshirdi, ular gol urishdi. Whoscored nashri esa Aspilikuetani eng yaxshi o‘yinchi deb baholadi. (8.9 ball) U 13 marta raqib hujumini qaytarishga erishdi.

Londonliklar uchun bu uchrashuvdagi yagona yo‘qotish bu Kovachichning jarohati. Uning salomatligi tez orada tiklanishiga umid qilamiz.

Xulosa o‘rnida, Sarri umrida qilmagan ishini qildi-Gvardiolani mag‘lub etdi. “Siti” o‘z mag‘lubiyatsiz seriyasini yakunladi. Chempionatga shukuh qaytdi.
Erkinjon G‘aybullayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Sarri falsafasi»