01:15 / 26.12.2018
3 148

Sabr qilaylik...

Sabr qilaylik...
Sir emas, yakunlanayotgan 2018 yil futbolimiz uchun yangiliklar davri bo‘ldi. Birinchidan, milliy chempionatimiz formati o‘zgartirildi, ichki turnirlarda barcha ishlar nisbatan izga solindi. Ikkinchidan, O‘zbekiston milliy jamoasiga nihoyat, xorijdan bosh murabbiy olib kelindi.

Boshqacha ifoda etsak, «O‘z mutaxassislarimiz chet ellik murabbiylardan qolishmaydilar» qabilidagi ko‘r-ko‘rona yondashuv xato bo‘lgani tan olindi. Ochig‘i, shuning o‘zi katta gap. Zero, ayni shunday fikr-aqida oqibatida futbolimizning eng yorqin avlodi vakillaridan to‘liq foydalanolmadik. Demoqchimanki, agar milliy jamoamiz vaqtida malakali mutaxassisga topshirilganida, Maksim Shatskix, Server Jeparov, Temur Kapadze, Aleksandr Geynrix... kabi yetuk ijrochilarga balki mundialda o‘ynash armon bo‘lib qolmasmidi?

Lekin endi bularni o‘ylab, siqilishdan naf yo‘q. Asosiysi - kelajak. Shaxsiy fikrimcha, o‘rtoqlik uchrashuvlari natijasiyu, o‘yin sifatiga qarab, Ektor Kuperni tanqidlar bo‘hroniga yo‘liqtirmaslik kerak. Shuningdek, argentinalik mutaxassis nomzodini tanlagan O‘FA rahbariyatini ham tinch qo‘yib turaylik. Sabr kerak, sabr... Hech narsa o‘z-o‘zidan vujudga kelmaydi axir. Unutmaylik, Kuper yaqindagina ham nimalarga qodirligini isbotlagan murabbiydir (Misr termasini uzoq tanaffusdan keyin mundialga olib chiqdi).

Bas shunday ekan, Osiyo kubogi arafasida uni qo‘llab-quvvatlaylik. Yana bir tomoni borki, bilishimizcha, ko‘plab mutaxassislar jamoamizda ishlashdan bosh tortishgan ekan. Ehtimol, ular milliy termamizning umumiy holati yomonligi tufayli kelishmagandir. Demak, Kuperni o‘ziga ishongan murabbiy sifatida ham hurmat qilsak bo‘laveradi.

Omadsiz mutaxassis, demagin,
Maqtovga bo‘lma ko‘p xasis.
Yorqin g‘alabamiz qilgin his,
Kuperdan ko‘nglingni sovutma.

Termani shay qilar uchqur sor,
Yuz burma, qo‘llashni bilib or.
Sehrgar emas u, yo‘qni qiladigan bor,
Kuperdan ko‘nglingni sovutma.

Babayan Amerika ochib ketgani yo‘q,
Terma hamon mundialga yetgani yo‘q.
Pulni sovurib, ketib qolgani yo‘q,
Kuperdan ko‘nglingni sovutma.

O‘tib ketgay zahmatli kunlar,
Dunyoda lol bo‘lar hali ko‘plar.
Xato gapirgan tilini tishlar,
Kuperdan ko‘nglingni sovutma.

Harakat - barakat, bitar kamu-ko‘st,
Sovuq gaplardan ilon tashlar po‘st.
Bunchalar sabrsiz bo‘lma, ey do‘st,
Kuperdan ko‘nglingni sovutma.

Keksalar duoda qo‘llarin ochishsin,
G‘alaba qalblarga nurin sochsin.
Niyat shu - mundial yo‘lin ochsin,
Kuperdan ko‘nglingni sovutma.
Baxtiyor HASANOV, Pop tumani

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sabr qilaylik...