“Chelsi” Alonso bilan yangi davr boshlashga yaqin...

Joriy mavsum “Chelsi” uchun juda og‘ir va notinch kechmoqda. London klubi bir necha bor bosh murabbiy almashtirdi, natijalar esa rahbariyat va muxlislar kutgan darajada barqaror bo‘lmadi. Shu sababli klub mutasaddilari endi jamoani uzoq muddatli loyiha asosida qayta qurishga qodir mutaxassis izlamoqda.
TEAMtalk nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Chelsi” rahbariyati bu lavozimga Xabi Alonsoni tayinlashga juda yaqin turibdi. Ispaniyalik mutaxassis London klubi bilan prinsipial kelishuvga erishgani aytilmoqda.
Manba ma’lumotiga qaraganda, so‘nggi kunlarda tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy ruhda o‘tgan. “Chelsi” rahbariyati Alonso nomzodini jiddiy o‘rganib chiqqan va aynan u jamoani yangi bosqichga olib chiqishi mumkin, degan xulosaga kelgan.
Klubning sport rahbariyati ispaniyalik mutaxassisni taktik qarashlari, zamonaviy futbolga mos g‘oyalari va yuqori darajadagi tajribasi sababli uzoq muddatli loyiha uchun qulay nomzod sifatida ko‘rmoqda. Alonso “Bayer”dagi faoliyati orqali o‘zini g‘oyaga ega, intizomli va aniq tizim asosida ishlaydigan murabbiy sifatida ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, uning “Real”dagi tajribasi ham “Chelsi” rahbariyati uchun muhim omil bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Katta klub muhiti, bosim, yulduz futbolchilar bilan ishlash va yuqori talablar — bularning barchasi London jamoasida ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
“Chelsi” so‘nggi yillarda katta mablag‘ sarflaganiga qaramay, maydonda kutilgan darajada mustahkam va barqaror o‘yin ko‘rsata olmadi. Jamoada iqtidorli futbolchilar ko‘p, ammo ularni yagona tizimga solish, bir g‘oya atrofida birlashtirish va natijaga olib chiqish uchun kuchli murabbiy kerak.
Aynan shu nuqtada Alonso varianti juda qiziq ko‘rinadi. U hujumkor, tartibli va aqlli futbol tarafdori. Uning jamoalari odatda to‘p bilan ishlash, pressing, pozitsion o‘yin va tezkor qaror qabul qilishga katta e’tibor qaratadi. Bunday uslub hozirgi “Chelsi” tarkibiga ham mos tushishi mumkin.
Hozircha rasmiy e’lon qilinmaganining sababi ham bor. Tomonlar Alonsoning klubdagi mavjud sport tuzilmasi bilan qanday hamkorlik qilishi, transfer siyosatida qanchalik ta’sirga ega bo‘lishi va kelgusi rejalar qanday shakllantirilishini muhokama qilmoqda.
Bu masalalar hal bo‘lgach, rasmiy xabar berilishi mumkin. Ammo manbalarga qaraganda, jarayon ijobiy yo‘nalishda ketmoqda va “Chelsi” rahbariyati bu qaror orqali jamoada yangi davr boshlashni istayapti.
Avvalroq Xabi Alonsoning “Liverpul”ga qaytishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgan edi. Ammo hozirgi vaziyatda “Chelsi” uni jiddiy nishonga olgani aytilmoqda.
Agar kelishuv yakuniga yetsa, London klubi uchun bu katta burilish bo‘ladi. Chunki “Chelsi”ga hozir navbatdagi vaqtinchalik yechim emas, balki aniq reja, kuchli xarakter va ishonchli futbol falsafasi kerak. Alonso esa aynan shunday loyiha uchun mos nomzod sifatida ko‘rinmoqda.
Muxlislar esa yana umid qilmoqda: balki bu safar “Chelsi” murabbiy almashtirishni emas, haqiqiy qayta tiklanishni boshlar. London klubida sabr kerak, lekin futbolda sabr ham ba’zan 90+ da gol uradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!