13:43 / 14.01.2019
4 001

Terma jamoamiz uslubi yoqqol namoyon boʻlgan oʻyin (video)

Terma jamoamiz uslubi yoqqol namoyon boʻlgan oʻyin (video)
Foto: “the-afc.com”
BAAda davom etayotgan Osiyo Kubogi guruh bosqichining “F” guruhidan oʻrin olgan Turkmaniston – Oʻzbekiston uchrashuvida terma jamoamiz yirik va ishonchli gʻalabaga erishdi.

Oʻyinning birinchi boʻlimidayoq masala hal etildi. Eldor Shomurodov dubl qayd etdi, Javohir Sidiqov va Jaloliddin Masharipov oʻz hisoblariga bittadan gol yozishdi. Oʻyinning ikkinchi boʻlimini xotirjam oʻtkazgan Oʻzbekiston termasi hisob ushlab qoldi.

Terma jamoamiz guruhdagi birinchi oʻyinga qaraganda kuchaydimi yoki Turkmaniston termasi kuchsizmidi? Turkmanlar birinchi turda Oʻzbekiston oʻz tarixida qilmagan ishni – yaponlar darvozasiga bir emas, ikki gol urishni uddasidan chiqqandi. Yon qoʻshnilarimizni yaqqol kuchsizga chiqarish toʻgʻri emas.

Natijaning yirik koʻrinish olishiga, Ektor Kuperning Oʻzbekiston MTJga joriy etgan uslubning eng yaxshi namoyish etilgani boʻldi. Buni oʻyindan keyinga matbuot anjamanida argentinalik mutaxassisning oʻzi ham aytib oʻtdi. U birinchi boʻlim haqida fikr bildirar ekan, “bu bizning eng yaxshi oʻyinimiz” dedi.

Ha, Ektor Kuper joriy etgan uslubni, u kelganidan buyon birinchi bor toʻlaqonliroq kuzatish imkoniga ega boʻldik. Toʻpni nazorat qilishga urinish, tezkor paslar orqali koʻpchilik boʻlib hujumga qoʻshilish...

Tan olish kerak, oʻylangan gʻoyalarning yorqinroq boʻy koʻrsatishiga Turkmaniston termasining ham hissasi boʻldi. Turkmanlar birinchi turdagi Ummondan farqli ravishda pressingga eʼtibor bermadi. Toʻpni nazorat qilishga uringan va boʻsh zonalar qidiradigan jamoa uchun eng asosiy toʻsiq – raqibning shiddatli pressingi. Ummon termasi shu uslubda bizga jiddiy boshogʻrigʻi keltirgandi. Yon qoʻshnilarimiz esa bu jihatni hisobga olmadi va jazolandi.

Endi oldinda yanada kuchli raqiblar duch keladi va ular futbolchilarimizga boʻsh zona qoldirmaslikka urinadi. Ana oʻshanda ham argentinalik mutaxassisning oʻylagan rejalar amalga oshsa, biz turnirda uzoqroqqa boramiz. Aks holda...

Bu gʻalabadan keyin Oʻzbekiston terma jamoasi guruh peshqadamiga aylandi va ochkolari sonini 6 taga yetkazib, muddatidan avval keyingi bosqich masalasini hal qildi. Yaponiyada ham shuncha ochko bor, ammo ular toʻplar nisbati tufayli ikkinchi oʻringa joylashdi.

17 yanvar kuni Oʻzbekiston va Yaponiya terma jamoalari oʻzaro uchrashuvda guruh gʻolibligi masalasini hal qilishadi. Ektor Kuper shogirdlarini ushbu bahsda durang ham guruhda yetakchilikni ushlub qolishiga yetarli boʻladi.

Turkmaniston – Oʻzbekiston 0:4
Gollar:
0:1 – 17 Sidiqov, 0:2 – 24 Shomurodov, 0:3 – 40 Masharipov, 0:4 – 42 Shomurodov.
Oʻzbekiston: Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov (Davron Hoshimov, 46), Anzur Ismoilov, Oleg Zoteyev, Islom Toʻxtaxoʻjayev, Odil Ahmedov (Fozil Musayev, 76), Dostonbek Hamdamov, Otabek Shukurov, Javohir Sidiqov (Ikrom Aliboyev 68), Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodov.
Turkmaniston: Mammet Oʻrozmuhammedov, Zafar Bobojonov, Sapar Mekanov, Vezirgeldi Ilyasov, Gurbangeldi Batirov, Sardor Annaoʻrozov, Arslanmurat Omonov (Titov, 65), Ruslan Mingazov, Ahmet Atayev (Annayev, 44), Rasul Xoʻjayev, Vohid Oʻrozsahedov (Annadurdiyev, 46).
Ogohlantirishlar: Anzur Ismoilov (71).

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoamiz uslubi yoqqol namoyon boʻlgan oʻyin (video)