18:56 / 16.01.2019
2 599

Ektor Kuper: «Achchiq tajribam jarohatlardan ancha ehtiyot bo‘lishga o‘rgatgan»

Ektor Kuper: «Achchiq tajribam jarohatlardan ancha ehtiyot bo‘lishga o‘rgatgan»
Osiyo Kubogining «F» guruhida muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan O‘zbekiston termasi ertaga, 17 yanvar kuni so‘nggi 3-turni Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bugun ushbu uchrashuv o‘tkaziladigan Al-Ayn shahridagi «Xalifa bin Zayid» stadionida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va yarimhimoyachi Javohir Sidiqov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

«Ertaga Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri Yaponiyaga qarshi o‘ynashimizni tushunib turibmiz. Biz faqatgina ertangi o‘yin haqida o‘ylayotganimiz yo‘q, pley-off bahslari haqida ham bosh qotirmoqdamiz. Shunga qaramay, o‘yinda g‘olib chiqib, guruh peshqadami bo‘lishni maqsad qilganmiz. Ba’zi faktorlarni hisobga olishimiz kerak. Jarohatlardan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Nimchorak finalda qaysi raqibga qarshi o‘ynashimizga u qadar katta ahamiyat qaratmagan bo‘lardim», – dedi Kuper anjumanning kirish qismida.

«Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri – ertangi raqibimiz. Shuning uchun ham yaxshi tayyorgarlik olib boryapman. Minimum vazifa uddalangan bo‘lsa ham, ertaga kuchli jamoaga qarshi o‘zimizni sinab ko‘rish imkoniyatiga egamiz», – deb ta’kidladi Javohir Sidiqov.

– Tarkibda rotatsiyalar ko‘ramizmi? Yaponiyaga qarshi qandaydir syurpriz tayyorlab qo‘yganmisiz?
– Ertaga faqat uch ochko uchun maydonga tushamiz, shunga qaramay jamoaning jismoniy holati haqida qayg‘urishimiz kerak. Ikki o‘yinda 180 daqiqa to‘p surgan futbolchilar bor. Afrika kubogidagi salbiy tajribamdan kelib chiqib jarohatlar masalasiga ancha ehtiyotkorona yondashaman.

– Avstraliyaga duch kelib qolish variantiga qanday qaraysiz?
– Tarkibda qandaydir o‘zgarishlar qilishimizdan qat’iy nazar, ertaga g‘alaba qozonish vazifamiz o‘zgarmay qolaveradi. Tarkibdagi 23 futbolchining barchasi sog‘lom va shay holatda. Men uchun pley-offda kimga qarshi o‘ynash u qadar muhim emas. Chempionlikni ko‘zlagan jamoa barchaga qarshi o‘yinga tayyor bo‘lishi kerak. Yevropa Chempionlar ligasida klubni boshqarganimda ham keyingi bosqichlardagi raqibimiz kim bo‘lishi borasida ko‘p ham xavotir olmasdim.

– O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasi O‘zbekiston uchun ancha salbiy ko‘rinishda. Bunga o‘zgartirish kiritish vaqti keldi, deb hisoblaysizmi?
– To‘g‘ri, biz tarixni, statistikani hurmat qilishimiz kerak. Ammo bu – statistika va raqamlar xolos. Ertaga esa maydonda real futbol bahsi bo‘ladi. Statistika va boshqa faktlar o‘z yo‘liga. Masalan, Ummon ham O‘zbekiston uchun noqulay raqib edi, o‘zaro salbiy statistika bor edi, ammo o‘yinda biz g‘alaba qozondik.

– (Savol Javohir Sidiqovga) O‘tgan yilning yanvaridagi olimpiya termalari o‘rtasidagi Osiyo chempionati chorak finalida O‘zbekiston Yaponiyaga qarshi o‘ynab, 4:0 hisobida g‘alaba qozongan, siz unda gol urgan edingiz. Shu sababli ertangi bahs oldidan boshqalarga qaraganda sizda ishonch yuqoriroq bo‘lsa kerak?
– Ishonch nafaqat menda, balki boshqa jamoadoshlarimda ham yuqori. To‘g‘ri, men Yaponiya termasiga qarshi o‘smirlar va yoshlar termalari miqyosida ko‘p bora o‘ynab, biror marta mag‘lubiyatga uchramagan ekanman. Faqat men emas, jamoaning barcha a’zolarida o‘yin oldidan katta ishonch bor.

– Yaponiya terma jamoasining o‘yini, saviyasi haqida qanday fikrdasiz? Bu jamoaning nozik jihatlari qayerda, deb o‘ylaysiz?
– Yaponiyaning kuchsiz tomonlarini bilganimda ham o‘yinimiz oldidan buni aytmagan bo‘lardim. Raqibimiz tezlik va pressing jihatdan kuchli ekanini tan olishim kerak. Bu faktorlarga qaramay, biz ularga qarshilik ko‘rsata olamiz. Ammo o‘yin uslubimizni to‘la o‘zgartirib tashlamoqchi emasmiz. Albatta, kichik o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy.

– Ertangi o‘yin natijasiga qarab ikkita variant bo‘ladi: Al-Aynda qolish yoki Sharjaga qaytish. Qaysi variantni ma’qul ko‘rgan bo‘lardingiz?
– Qaysi shaharda o‘ynashimiz muhim emas. Biz g‘alaba uchun maydonga tushamiz. BAAning barcha shaharlarida sharoitlar yetarli, shuning uchun ham bu men uchun ikkinchi darajali omil.

Eslatib o‘tamiz, har ikki jamoa ham muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan. Yaponiyaga qarshi bahsdagi g‘alaba yoki durang natija O‘zbekiston termasiga «F» guruhida birinchi o‘rinni olish imkonini beradi. Ushbu kvartet g‘olibi nimchorak finalda «Ye» guruhida ikkinchi o‘rinni olgan jamoa (Saudiya Arabistoni yoki Qatar) bilan, ikkinchi pog‘ona sohibi esa «B» to‘rtligini shu o‘rinda tugatgan Avstraliyaga to‘qnash keladi.

Yaponiya–O‘zbekiston o‘yini ertaga, 17 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:30da boshlanadi. Uchrashuv «Sport» telekanali orqali jonli efirda namoyish ettilishi, uni bevosita stadiondan Xayrulla Hamidov sharhlab borishi rejalashtirilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: «Achchiq tajribam jarohatlardan ancha ehtiyot bo‘lishga o‘rgatgan»
[/banner_pushhouse