12:38 / 07.02.2019
4 164

Terma jamoamizning Osiyo kubogidagi ishtiroki mutaxassislar talqinida

Terma jamoamizning Osiyo kubogidagi ishtiroki mutaxassislar talqinida
BAA maydonlarida o‘tkazilgan Osiyo Kubogi musobaqasi o‘z yakuniga yetdi va unda hammani hayron qoldirgan holda Qatar terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bizning terma jamoamiz esa ushbu musobaqada nimchorak finalda Avstraliya to‘sig‘idan o‘ta olmasdan ishtirokini barvaqt yakunlashga majbur bo‘ldi. Natijada O‘zbekistonning ishtiroki har kimda turlicha taassurot qoldirdi. Albatta, hammamiz bosh jamoamizdan ijobiy natijalarni kutgandik, ammo har doim ham o‘ylaganlarimiz amalga oshavermaydi. Milliy terma jamoamizning musobaqadagi ishtirokiga munosabat bildirish maqsadida futbolimiz ichida mehnat qilayotgan bir qator mutaxassislar bilan bog‘landik va ular o‘zlarining fikr-mulohazalarini aytishdi.

Ilhom Qurbonov («Mash’al» klubining vitse-prezidenti):
- Terma jamoamiz shaxsan menda yaxshi taassurot qoldirdi. Chunki futbolchilar maksimal darajada o‘ynashdi, bor e’tiborini o‘yinlarga qaratishdi. Kimnidir zo‘r yoki yana kimnidir yomon o‘ynadi deb ayta olmayman, biz asosan jamoaviy o‘yin ko‘rsatamiz. Agar futbolchilarimiz shunday o‘ynashda davom etsa, albatta Qatarga boramiz. Keyingi musobaqalarda hozirgi tarkibdan qaysidir o‘yinchilar tarkibda bo‘lmasligi mumkin, ammo terma jamoada endi katta shijoatni ko‘ryapman. To‘g‘ri, Avstraliyaga yutqazib qo‘yganimiz juda alamli bo‘ldi. Ammo 2011 yili ularga 6:0 hisobida yutqazib qo‘yganimizdan keyin oradan shuncha vaqt o‘tib, tengma-teng o‘ynagan holda penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lganimiz bu fojea emas. Tan olaman, musobaqachaga o‘tkazilgan uchrashuvlarda Ektor Kuperning taktikasi yoqmagandi. Ammo Osiyo Kubogidagi terma jamoamiz tomonidan namoyish etilgan o‘yin uyaladigan emasdi.

- Bilasizmi, murabbiyning ishiga olti oy ichida baho berish juda og‘ir. Chunki jamoa tuzish uchun yetarlicha vaqt berish kerak. Ikki yilda murabbiy o‘zi xohlagan jamoani tuzib olishi mumkin. Kuper esa deyarli yangitdan jamoani shakllantiryapti. Uning Osiyo Kubogidagi ishiga 4 baho qo‘ysa bo‘ladi. Milliy terma jamoada to‘p surayotgan har bir futbolchida vatan tuyg‘usi bo‘lishi kerak va bu hissiyot o‘yinchilarimizda bor. Qolaversa, Osiyo Kubogi har bir futbolchi uchun o‘ziga yarasha reklama ham bo‘ldi. Misol uchun «Spartak» bosh murabbiyi Oleg Kononov ham terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yinga bejizga kelmagandir, axir. Agar o‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, mabodo pro-liganing biror-bir bellashuviga boradigan bo‘lsam, men o‘yin ko‘rish uchun emas, balki qaysidir futbolchini kuzatgani boraman. Demoqchimanki, Kononov ham Osiyo Kubogini ko‘rish uchun bormagan, uning qo‘liga qaysidir familiya tushgan va shu bois uni kuzatish uchun borgan. Baribir o‘zbek futboli e’tiborda. Jaloliddin Masharipovning Yevropada o‘ynamoqchiman degan gapi ham meni quvontirdi. Eldor Shomurodov ham Rossiya chempionatida o‘ynamoqchiman, o‘sha yerda futbolchi sifatida o‘saman deb aytgandi. Ko‘rib turibsizki, u o‘sishda davom etyapti.

- Musobaqa davomida Yaponiyaga yutqazgan bo‘lsak, bu mag‘lubiyat hamma-hammamizniki. Bu birgina Kuperning mag‘lubiyati emas. Negaki, barchamiz bitta ishni qilyapmiz – o‘zbek futbolini ko‘tarish uchun mehnat qilyapmiz. Bizda ajoyib o‘yinchilar juda ko‘p. Masalan Otabek Shukurovning maydonda qilgan ishi Ignatiy Nesterov yoki Eldor Shomurodovnikichalik ko‘rinmagandir. Ammo u barcha o‘yinlarda to‘liq o‘ynadi va katta mehnat qildi. U Masharipovdek golli pas uzatmagandir yoki Shomurodovga o‘xshab gollar urmagandir, lekin Otabekning ko‘rinmas xizmatlari katta bo‘ldi. Kuper qo‘l ostidagi futbolchilarni o‘zi istagan joyga qo‘ydi. Misol uchun Oleg Zoteyevni chap qanot himoyasiga qo‘ydi va uning harakatlari menga yoqdi. Masharipov, Hamdamov kabilar ham katta hajmdagi ishlarni bajarishdi. Shuning uchun birorta o‘yinchimizni alohida ajratib ko‘rsatib o‘tmoqchi emasman.

Davron Fayziyev («Dinamo» klubi bosh murabbiyi):
- Terma jamoamiz munosib o‘yin ko‘rsatdi. O‘sha Avstraliya bilan kechgan uchrashuvda ham o‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Lekin men terma jamoamizning Avstraliya to‘sig‘idan o‘tishiga ishongandim. Penalti – bu lotereya. Bunda futbolchilarni ayblash noto‘g‘ri. To‘g‘ri, mag‘lubiyatdan so‘ng salbiy fikrlarni bildirayotganlar ham bo‘lyapti. Biroq tan olib aytish kerakki, terma jamoamizning o‘yin sifati o‘sganligi ko‘rinib turibdi. Ko‘pchilik himoyaviy o‘yinni tanqid qildi. Ammo Avstraliyaga qarshi bahsda to‘pni nazorat qilish va hujum uyushtirish borasida ham yigitlarimiz qolishgani yo‘q. Kerak paytda hujum qilishdi, kerak paytda himoyalanishdi. Faqat o‘sha uchrashuvda raqibga nisbatan bosimni yanada oshirish kerakmidi? Chunki Avstraliya ham bizdan cho‘chib o‘ynayotgandi. Tushunaman, muxlislar faqat natija talab qilishadi. Endi bu musobaqa biz uchun dars bo‘ladi. Oldimizda esa jahon chempionati saralash bahslari kutib turibdi.

- To‘g‘risi, Kuperning mashg‘ulotlarini ko‘rish niyatim bor edi, ammo bu imkoniyat bo‘lgani yo‘q. Faqat futbolchilar bilan suhbatlashganimda mashg‘ulotlar qiziqarli o‘tayotganini, kayfiyat zo‘r ekanligini aytishardi. Mutaxassis o‘z nomi bilan ham yaxshi tanilgan. Ektor Kuperning ishiga ijobiy baho beraman. Jamoaning o‘yinlarida murabbiyning imzosi ko‘rindi. Ayniqsa, futbolchilarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi bilinib turdi. Bunday mutaxassis bilan ishlashni hamma ham xohlasa kerak. Men ham Kuperning mashg‘ulotlarini jonli ravishda kuzatib, o‘zim uchun nimalarnidir o‘rganishga harakat qilaman.

Ja’far Irismetov («Paxtakor» klubining sport direktori):
- Terma jamoamiz ishtirokida bitta yaxshi taymni ko‘rdik. Bu ham Avstraliyaga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi. Umuman, qanday baho berishimiz mumkin? Ikkita kuchli raqib bilan uchrashuvlarda yutqazdik. O‘ylashimcha, Turkmanistonni har qanday tarkib bilan yuta olardik. Bu bilan turkmanlarni kuchsiz demoqchi emasman, shunchaki, yutishimiz aniqroq edi. Yaponiya bilan Avstraliyaga esa yutqazdik. To‘g‘ri, avstraliyaliklarga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldik. Ammo o‘sha uchrashuvda faqat bir bo‘lim yaxshi o‘ynadik. Ummon ham bizga qaraganda kuchliroq o‘ynagandi. Terma jamoamizni tanqid qilmoqchi emasman. Faqat jahon chempionatiga chiqmoqchi bo‘lsak, bundan ham kuchliroq o‘ynashimiz kerak. Shomurodov, Sidiqov, Hamdamov, Masharipov kabilar o‘z o‘yinlari bilan ko‘zga tashlanishdi. Ammo yana ayrim futbolchilar biz kutgan o‘yinni ko‘rsatib bera olishmadi. Endi bundan buyog‘iga terma jamoaga yangi o‘sib kelayotgan iqtidorli yoshlarni jalb etaverish kerak. Chunki bir-ikkita liderlarimiz terma jamoaga tortmay qolishyapti.

- Ektor Kuperning ishini murabbiy sifatida tahlil qila olmayman. U hali terma jamoamizda ko‘p ham ishlagani yo‘q. O‘ylashimcha, murabbiy hali ham terma jamoamiz bilan tanishish jarayonida. Uning ishini jurnalistlar tahlil qilsa bo‘ladi, bizning esa uning ishini muhokama qilishimiz noto‘g‘ri.

Usmon Toshev (Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyi):
- Biz bungacha Qatarda edik, ammo u yerda ayrim sabablarga ko‘ra BAAdagi Osiyo Kubogi o‘yinlarini ko‘rsatmas ekan. Faqat yangiliklar orqali golli vaziyatlarni ko‘rdik xolos. Dubayga borganimdan keyin terma jamoamizning Avstraliyaga qarshi o‘yinini ko‘rdim, yigitlarimizning harakatlari menga yoqdi. Jamoamiz tartibli o‘ynadi, futbolchilarning jon-jahdi bilan to‘p surishlari ham yaxshi chiqdi. O‘ylaymanki, bu katta yo‘ldagi birinchi qadam bo‘ldi. Ishonamanki, terma jamoamizning kelajagi bor.

- Ektor Kuper haqida gapirish qiyin. Chunki men ham murabbiyman, u ham murabbiy. Shu bois o‘z hamkasbim haqida baho berish yoki uning qolish-ketishi haqida fikr bildirish noto‘g‘ri. Ammo men Kuper haqida yaxshi fikrdaman. Hammasiga vaqt kerak. U birinchi qadamni qo‘ydi, endi ikkinchi qadamni tashlash uchun biroz vaqt kerak. Jahon chempionati saralash bahslariga esa ancha bor. Agar hadeb murabbiyni almashtiraversak, unda yaxshilikka qarab ketmaymiz. Ektor Kuper kuchli mutaxassis. U o‘zi qurayotgan jamoani oxirigacha boshqarishi shart.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoamizning Osiyo kubogidagi ishtiroki mutaxassislar talqinida