22:00 / 26.06.2019
2 667

AIBA Olimpiadadan chetlatildi, Tokioda boks turniri XOQ bayrog‘i ostida o‘tadi

AIBA Olimpiadadan chetlatildi, Tokioda boks turniri XOQ bayrog‘i ostida o‘tadi
2020 yilgi Tokio Olimpiadasining boks turniri va unga saralash musobaqalarini AIBA emas, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi o‘tkazadigan bo‘ldi.
Bugun, 26 iyun kuni XOQning Lozannada bo‘lib o‘tgan sessiyasi yashirin ovoz berish yo‘li bilan Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi (AIBA)ni mazkur vakolatdan mahrum etish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Reuters xabariga ko‘ra, AIBA`ning Olimpiadadan chetlatilishiga tashkilotdagi moliyaviy muammolar va uning rahbariyati bilan bog‘liq mojaro sabab bo‘lgan.

Havaskor boksning bosh tashkiloti bir necha yillardan buyon moliyaviy tang ahvolda qolmoqda. Hozirda u 16 mln dollar qarzga botgan.

Shuningdek, AIBA rahbarligi uchun kechayotgan ichki kurashlar va unga o‘zbekiston G‘ofur Rahimovning prezident etib saylanishi mazkur tashkilotning XOQ bilan munosabatlarini keskinlashtirib yuborgan. Mazkur mojaro ortidan hatto boks ham olimpiya tasnifidan chiqarib yuborilishi mumkin edi.

AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish departamenti Rahimovga nisbatan Magnitskiy akti doirasida sanksiya qo‘llagan, uning dollarda har qanday moliyaviy operatsiyani amalga oshirishiga taqiq qo‘yilgan. G‘ofur Rahimov mazkur ayblovlarni rad etib keladi.

O‘zbekistonlik biznesmen 2018 yil noyabr oyida Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining ogohlantirishiga qaramay, AIBA prezidenti lavozimiga saylangan edi. 2019 yil mart oyida esa u o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdi va uning o‘rniga tashkilotga vaqtinchalik rahbar saylandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta XOQ Ijroiya qo‘mitasi Tokio Olimpiadasi uchun boks yo‘llanmalari qay tartibda o‘ynalishini tasdiqlagan edi.

Unga ko‘ra, Tokioda erkaklar o‘rtasida 8ta, ayollar o‘rtasida esa 5ta vazn toifalari bo‘yicha janglar tashkil etiladi. Saralash turnirlari kelasi yilning yanvar-may oylarida o‘tkazilishi belgilangan. Bu oraliqda 4ta qit’aviy va 1ta jahon miqyosida saralash turnirlari o‘tkaziladi.

Saralash musobaqalari mezbonlari hozircha e’lon qilinmadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » AIBA Olimpiadadan chetlatildi, Tokioda boks turniri XOQ bayrog‘i ostida o‘tadi