3 197
Murodjon Ahmadaliyev va Daniel Roman jangi: Bokschilarning imkoniyatlari qanday? (Taxlil)
Hozirgi kunda o‘zbek professional boks olamidagi eng shov-shuvli xabar deya, hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyevning WBA chempionlik kamari uchun AQSh vakili, ushbu yo‘nalishdagi chempionlik kamari soxibi Daniel Romanga qarshi jang o‘tkazishi bo‘lib turibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Avgust yoki sentyabr oyiga mo‘ljallanayotgan ushbu extimoliy jang Murodjon uchun juda katta ahamiyatga ega.
Chunki, u o‘zbek professional boks olami tarixiga o‘ziga xos zarxal xarflar bilan bitiladi. Bu borada batafsil to‘xtalib o‘tishni lozim topmadik. Sababi, bugun biz boshqa omillarga e’tibor qaratmoq niyatidamiz. Ya’ni ularning imkoniyati va jang olib borish uslublari haqida to‘xtalmoqchimiz. Qolaversa, ushbu jangda kimning imkoniyati yuqori, degan savolga o‘ziga xos taxminlarimiz va taxlillarimiz bilan javob topish istagidamiz. O‘ylaymanki, bizning bu boradagi qarashlarimiz, shaxsiy fikrlarimiz sizni befarq qoldirmaydi.
Murodjon Ahmadaliyevning ustun jihatlari
Murodjonning avvalo, eng katta yutug‘i uning professional boksga xos bo‘lgan kuchli zarbasi deya e’tirof etgan bo‘lardik. Ya’ni "Pancher"ligini. Qolaversa, chapaqayligi ham raqibiga juda katta noqulaylik tug‘dira oladi. Boksda chapaqaylik qanday ijobiy holat ekanligi barchaga ma’lum. Ya’na bir e’tiborga molik tomoni, hamyurtimizning havaskor boksdagi ulkan tajribasidir. To‘g‘ri, havaskor va professional boks orasida “ot bilan tuya” kabi farq bor. Biroq, uning ijobiy tarafi shundaki, o‘ziga xos tezkorlik, oyoqda ishlash, kombinatsiyalarning rang barangligi havaskor boksda jiddiy o‘rgatiladi.
Bu borada esa, yurtdoshimiz benazir hisoblanadi. Yana bir xursand qiladigan jihati Murodjonning har ikki qo‘lida birdek zarba yo‘llay olishidir. E’tibor bersangiz chalg‘ituvchi o‘ng qo‘l zarbasi ham juda kuchli ko‘rinish oladi. Masofani his qilish qobiliyati ham juda yuqori. Bunga birgina misol qilib, Isaak Zarate bilan o‘tkazgan jangiga e’tibor qaratishingizni tavsiya qilardik. Qarshi hujumda ham chiroyli harakat qiladi. Uning eng foydali zarbasi o‘ng qo‘lidagi yon tomondan boshga va jigarga yo‘llanadigani desak yanglishmagan bo‘lamiz. To‘g‘ri, ko‘p holatda yakuniy zarbani chap qo‘lda yo‘llaydi.
Lekin intihoni o‘ng qo‘lda o‘sha ta’kidlab o‘tgan zarbamiz tayyorlab beradi. Bo‘ylar borasida ham kamchilik yo‘q. Aksincha, Murodjon 1 sm ga baland. Albatta, bo‘ydagi ustunlik nisbiy tushuncha hisoblansada, ba’zan ushbu omil ham foydali hisoblanadi. Misol uchun bo‘y va qo‘lning uzunligi yordamida “jeb” zarbalaridan unumli foydalanishni nazarda tutdim. Demak, bu borada ham xavotirga tushishga hojat yo‘q. Murodjonda yana bir xislat yaxshi rivojlanganki, albatta, bu shaxsan bizning kuzatuvimizdan kelib chiqib bildirilayotgan fikr, ya’ni u jang mobaynida ham ring tashqarisidagi murabbiylarining ko‘rsatmalariga e’tibor qaratadi.
Odatda, aksariyat bokschilar jang boshlanishi bilan barchasini unutadi, qulog‘iga hech nima kirmaydi. Bu borada shaxsan bokschilarimizning o‘zlari ham ko‘p bora ta’kidlab o‘tishadi. Qo‘shimcha motivatsiya beruvchi omillar ham yo‘q emas. Misol uchun, avvalo, o‘zining murabbiyi To‘lqin Qlichevning o‘sha yerda bo‘lishi, juda katta ishtiyoq bilan Ahmadaliyevga kuch berishi tayin. Bir so‘z bilan aytganda, hamyurtimizning ushbu jangni o‘z foydasiga hal qila olishi uchun yetarli darajada ustunlik jihatlari bor. O‘ylaymizki, u bundan oqilona foydalana oladi.
Xalal beruvchi omillar
Bu borada elementar holatlarni aytib o‘tish mumkin. Jumladan, tabiiyki jang AQShda o‘tkaziladi. Daniel Roman esa mezbon bokschi. Qolaversa, teng jangda ba’zan da’vogar nisbatan ustunlik qilsada, chempionga nisbatan hakamlarning yaqin yondashuvi seziladi. Raqibiga nisbatan 10-12 raundlik janglarda kam ishtirok etganligini ham aytib o‘tish lozim. Va yana, chempionlik jangining kuchli bosimi ham nisbatan xalal berishi mumkin. Albatta, bu bir taxmin xolos. Umid qilamizki, agar bu jang amalga oshsa, Murodjon bunday qarashlarga hojat qoldirmasdan katta ustunlik evaziga g‘alaba qozonadi. Biz unga ishonamiz!
Daniel Romanning ustunlik jihatlari
Daniel Roman 2010 yildan buyon professional boksda faoliyat yuritib keladi. Ya’ni unda 9 yillik tajriba bor. Qolaversa, 30 bor jang o‘tkazib ularning 27 tasida g‘alaba qozona olgan. Mag‘lubiyat ham yo‘q emas. Takashi Okada va Xuan Reyesga ochkolar hisobida imkoniyatni boy bergan. Jensen Ramires bilan esa, durangga imzo chekkan. Albatta, bular faoliyatining boshlanish qismida bo‘lgan. So‘ngi bora Reyesga uchralgan mag‘lubiyatdan keyin, ketma-ket 19 marotaba zafar quchib, mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. Ayonki, uning birinchi ustunligi profi ringdagi tajribasidir. Ya’ni qaysi ma’nodaki, unda 10-12 raundlik janglar yurtdoshimizga nisbatan anchagina ko‘p.
Qolaversa, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek u o‘z uyida jang olib boradi. Bu ham bir kichik ustunlik desak yanglishmagan bo‘lamiz. Yana bir jihati u ham xuddi Murodjon kabi ikki qo‘lda kuchli zarba yo‘llay oladi. G‘alabalarining 10 tasini nokaut bilan yakunlagan. Bu esa har holda kuchli zarba sohibi ekanligini anglatadi. Lekin zarba kuchi borasida baribir Ahmadaliyev undan ustunroq nazarimizda. Uning eng xavfli zarbasi pastdan jag‘ qismiga yo‘llaydigani desak mubolag‘a bo‘lmas.
To‘g‘ri, u nokaut qayd etgan janglarida aynan ushbu zarbasi rol o‘ynagan deb ayta olmaymiz. Lekin, mazkur quroli raqibni to‘xta olishda, muvozanatdan chiqarishda eng ko‘p xizmat qiladi. Buni bevosita janglaridan kuzatishingiz mumkin. Ramonning yana bir xavfli tomoni, yaqin masofadan jang olib borishda benazirligidir. Raqibni kutib olishda ham yaxshi harakat qiladi. Ringni ham yaxshi his qiladi. Qisqa qilib aytganda hozirda WBA reytingi peshqadami ekanligi ham uning qanday bokschi ekanligini anglatib turibdi.
Xalal beruvchi omillar
Birinchi navbatda faoliyati mobaynida Murodjon kabi kuchli zarbasi bor bokschilar bilan to‘qnash kelmaganligi. Qolaversa, u 30 ta jangi mobaynida birorta o‘zbek boks maktabi uslubiga xos harakat qiluvchi raqiblar bilan jang o‘tkazgan emas. Aynan ushbu omillar uning zarariga ishlashi oydek ravshan. Qolaversa, oyoq bilan ishlash borasida ham biroz kamchiligi bordek taassurot uyg‘otmoqda. Mazkur, kamchiliklar yurtdoshimizning g‘alabasiga xizmat qilsa, ayni muddao bo‘lardi.
Albatta, ushbu fikrlarimiz bizning kuzatuvimiz mahsuli xolos. O‘ziga xos kuzatuvimiz esa, yurtdoshimizning ushbu uchrashuvda imkoniyati yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Xalqimizda “Yaxshi niyat - yarim davlat” degan naql bor. Keling, yaxshi niyat qilaylik, duoda bo‘laylik. Zero, ushbu niyatlarimiz ijobat bo‘lib, Murodjon Ahmadaliyev AQSh zaminida chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan birinchi yurtdoshimizga aylansin!
Ahmadbek EShMATOV Tayyorladi
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi