O‘zbekiston terma jamoasi va Toshkentning “Lokomotiv” klubi hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov allaqachon tajribali futbolchiga aylanib ulgurgan.
“Paxtakor” va "Lokomotiv" bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Abduxoliqov chet elda ham to‘p tepib qaytdi. 2014 yil Xorvatiyaning "Xayduk" jamoasi safida faoliyat olib borgan hamyurtimiz 2017-2018 yillarda Qatarning "Al Sayliya" klubida o‘ynadi. Bu yilgi mavsumning ortda qolgan 16ta turida Abduxoliqov raqiblar darvozasiga jami 10ta gol urishning uddasidan chiqdi. Biz hujumchiga muxlislardan kelgan qiziqarli savollar bilan murojaat qildik.
- Temurxo‘ja Abduxoliqovning hayotdagi shiori qanday?
- Qo‘limdan kelganicha foyda keltirish, yaxshilik qilish agar bu qo‘limdan kelmasa hech bo‘lmasa zarar yetkazmaslik.
- Nimaga o‘zbekistonlik futbolchilar tez charchab qolishadi deb o‘ylaysiz?
- Tez charchash? To‘g‘risi bilmayman. Bizning kamchiliklarimiz juda ko‘p, biroq kamchilik barchada bor.
- Idealingizdagi eng kuchli uch hujumchi kimlar?
- Braziliyalik Ronaldoni eng kuchli markaziy hujumchi deb bilaman. Yoshlikda uning o‘yinlarini ko‘rib katta bo‘lganman. "Chelsi" sobiq vakili Dide Drogba ham mening sevimli hujumchilarimdan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda esa Polsha terma jamoasi hamda "Bavariya" klubi to‘purari Robert Levandovskining o‘yinlari menga ma’qul kelmoqda.
- Siz o‘z vaqtida Xorvatiya va Qatar chempionatlarida o‘ynagansiz. Tasavvur qiling, "Lokomotiv" ushbu chempionatlarda ishtirok etganida nechanchi o‘rinlarni egallagan bo‘lardi?
- Hozirgi "Loko" Qatarda menimcha kuchli uchlikda bo‘lardi. Xorvatiya chempionatida esa o‘rtamiyonalardan biri bo‘lardi. Bu shunchaki mening shaxsiy fikrim xolos.
- Xo‘jalik ishlaridan qaysi biri qo‘lingizdan keladi? Masalan, elektr simlarini ulash yoki santexnika ishlari?
- Ko‘p narsadan xabarim bor, lekin tan olaman ko‘p narsa qo‘limdan kelmaydi. Futboldan boshqa hech bir hunarni bilaman deb da’vo qila olmayman.
- Sizni o‘z hissiyotlarini jilovlay oladigan og‘ir bosiq futbolchi sifatida bilamiz. Aytingchi, "Surxon" bilan Toshkentdagi o‘yindan so‘ng termizlik muxlislarda qilgan harakatingizni qanday izohlaysiz? Umuman olganda tarbiya futbolchi uchun qanchalik ahamiyatli deb bilasiz?
- Tarbiya oiladan boshlanadi. Tarbiya kasbidan qat’i nazar har bir insonga kerak. "Surxon" muxlislariga ota-onalari hayot bo‘lsa sog‘lik va uzoq umr tilayman, agar vafot etganlar bo‘lsa oxiratlari obod bo‘lsin deyman.
- Ukangiz Orifxo‘ja Abduxoliqov ham futbolchi va ayni paytda "Oq-tepa" klubida o‘ynamoqda. U bilan qaysi jamoada tandem bo‘lib o‘ynashni xohlar edingiz.
- Albatta u bilan birga maydonga tushishni istayman. U O‘zbekiston milliy terma jamoasida tandem bo‘lib o‘ynashni orzu qilaman.
- Agar sizga Malayziya yoki futboli u qadar rivojlanmagan mamlakatdan mo‘maygina daromadli taklif tushsa rozi bo‘larmidingiz?
- Ayni paytda Toshkentning "Lokomotiv" klubi a’zosiman va bundan xursandman. Shu bois bunday taklif bo‘lsa yo‘q deyman.
- Yaqindagina O‘FA rahbariyatida o‘zgarish sodir bo‘ldi. Yangi rahbariyat haqida fikringiz qanday? Ular oldin bo‘lmagan nimani o‘zgartirishdi deb o‘ylaysiz?
- Yangi rahbariyat haqida fikrim albatta ijobiy. Chunki futbolimiz tepasiga uning atrofidagi emas uning ichidagi insonlar, professionallar kelishdi. Shunisi quvonarli hol. Eng asosiy olib kelingan narsa bu professionallik va xotirjamlik. Bu juda ham muhim.
- Oddiy inson sifatida O‘zbekistonning go‘zal shaharlariga borganmisiz? Masalan, Samarqand, Buxoro yoki Xivadagi tarixiy qadamjolarni ziyorat qilganmisiz? Ular sizda qanday taassurot qoldirgan?
- Shukurki ona diyorimizning bormagan viloyatim, shahrim deyarli qolmagan. Ba’zi shaharlarga bir necha marotaba borganman xatto. Tassurotlar esa xilma-xil va bir olam. Doimo mana shunday ulug‘ zotlar yurtida tug‘ilib o‘sganimdan faxrlanaman.
- Aytingchi futboldagi eng katta orzuingiz nima? Jahon chempionatiga chiqishdan tashqari.
- Shunga o‘xshagan savolga yuqorida ham javob berdim: ukam Orifxo‘ja bilan birga milliy terma jamoada tandem bo‘lib o‘ynash va g‘alabalarni qo‘lga kiritish.
- Superligada o‘zingiz o‘ynagan klublardan tashqari qaysi klublarni yoqtirasiz?
- Qolgan klublarga hurmat saqlagan holda uchtasini sanayman: "Bunyodkor", "Nasaf" va "Navbahor".
- Kam maosh bo‘lsa ham Yevropada o‘ynash uchun "Xayduk"ka o‘tganman degan edingiz. Xorvatiyada maoshingiz qanchalik kam bo‘lgan?
- Xorvatiya menga tramplin vazifasini o‘tab berishi kerak edi, lekin ayrim sabablarga bu amalga oshmadi. Biroq ushbu klubda o‘ynab ko‘p narsa o‘rgandim, mashhur murabbiy Igor Tudor bilan birga ishladim. Moliyaviy tomoniga kelsak O‘zbekistondagi eng kam ish haqqidan ko‘proq edi har holda (kuladi).
- Xorvatiya klubiga o‘tishdan avval uch nafar agent bilan ishlayapman ularning har biriga Yevropadan klub topish shartini qo‘ydim. Qay biri Yevropada yaxshi jamoa topsa aynan u mening agentim bo‘ladi degan edingiz. U agentlar kimlar edi va qanday jamoalarni sizga taklif qilishgan?
- To‘g‘risi o‘shanda agentlar uch nafar emas juda ko‘p edi. Xatto ko‘pini tanimasdim ham.
- Bir vaqtlar intervyulardan birida xayriya fondi ochish niyatidaman degan edingiz. Shu fond ochildimi?
- Buni yaxshi eslayman, hozir ham niyat va harakat bor. Biroq katta ehtimol bilan bu fond futbolni tugatganimdan keyin ochilsa kerak.
Narzulla Saydullayev tayyorladi
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi