O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2022 saralashining ikkinchi bosqichini sharmandali mag‘lubiyat bilan boshladi.
O‘yindan oldin deyarli barcha o‘zbekistonlik muxlislar Falastinni osonlik bilan yutishimizga ishonishgan edi. Bahsdan oldin jonli efirda o‘z fikrlarini bildirgan Server Jeparov ham guruhdagi asosiy raqiblarimiz Yaman va Singapur (Saudiya Arabistoni hisobga olinmaganda) ekanligini aytib, Falastinni raqiblar safiga qo‘shmagan edi. Biroq...
Uchrashuv terma jamoamizning faol harakatlari bilan boshlandi, biroq qanotdan yorib kirishga urinishlar, jarima maydonchasi ichiga uzatmalar foyda bermadi. Odil Ahmedov va Jaloliddin Masharipov uzoqdan raqib darvozasini ishg‘ol qilishga urindi, biroq Ektor Kuper jamoasining o‘yini Eldor Shomurodov atrofida qurilgandek ko‘rindi. Bosh murabbiy havolatib oshirilgan to‘plar uning aniq zarbasi bilan yakunlanishiga umid qildi. To‘g‘ri, Shomurodov "Rostov"da gol urishdan to‘xtamayapti, ammo Rossiya klubining o‘yiniga e’tibor qaratsangiz, uzatma paytida Shomurodovdan tashqari yana ikki bo‘yi uzun futbolchi zarbaga tayyorlanib turadi. Bizda esa har doim ham bunday emas.
Falastin ikkinchi jamoa bo‘lib o‘ynashi kutilgandi va shunday ham bo‘ldi. Shu joyda yana ammo... Asosiy uslubi himoyaviy bo‘lgan terma jamoamiz yetakchi bo‘lib o‘ynashni yodidan chiqarib qo‘ygandek ko‘rindi. Bunga noaniq paslar, hujumning ikkinchi to‘lqini yo‘qligi, kamchilik bo‘lib himoyalanishdagi xatolarni isbot sifatida ko‘rsatish mumkin.
O‘zi bizga himoyaviy uslub to‘g‘ri keladimi?
Ektor Kuper o‘zining himoyaviy uslubi bilan mashhur. Uning uslubi har doim ham u boshqargan jamoalarga foyda keltirmagan. Argentinalik mutaxassis kelguniga qadar terma jamoamiz himoyadan o‘ynaydigan jamoa bo‘lmagan, biroq o‘sha paytda O‘FA vitse-prezidenti bo‘lgan Umid Ahmadjonov uslubimizga umuman zid bo‘lgan Ektor Kuperni terma jamoaga taklif qildi.
Terma jamoamizga chaqirilgan biror futbolchining klubi himoyaviy o‘yin ko‘rsatadimi? Yo‘q. Avval asosiy legionerlarimizdan boshlaymiz.
- Odil Ahmedov to‘p tepadigan "Shanxay SIPG" Xitoy uyoqda tursin, xatto Osiyoning eng kuchli klublaridan biri bo‘lgan "Guanjou Evergrand"ga qarshi bahslarda ham to‘pga egalik qilib, guanjouliklarni raqib maydonida kutib olishga urinadi;
- Terma jamoamiz hujumchisi Eldor Shomurodovning klubi "Rostov" joriy mavsum hujumga jiddiy e’tibor qaratdi. Valeriy Karpin shogirdlari raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar hujumga ko‘pchilik bo‘lib o‘tib, raqib darvozasi oldida mashg‘ulotlarda ishlangan turli hujumlardan foydalanishni boshladi. Shomurodov esa aynan shu uslub o‘yinchisi ekanligini isbotladi, lekin Kuper buni tushunmayapti.
- Ikrom Aliboyev va "Seul". Janubiy Koreya futboli haqida tushuntirishning keragi yo‘q deb o‘ylayman. K-liganing barcha vakili to‘p bilan o‘ynashni, ko‘proq pas berishni va kombinatsion hujumlarni xush ko‘radi. "Seul" ham shundaylarning biri.
Superligamizda himoyaviy uslubdan foydalanadiganlar bormi? Mana shu savol haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Avval unga javob beraman. Superligada himoyaviy uslub orqali o‘ynaydigan jamoa deyarli yo‘q. Ba’zi deganimning sababi - ayni damda turnir jadvalida hammadan uzoqlashib ketgan va har o‘yinida kamida 2-3ta gol urayotgan "Paxtakor"ga qarshi bahslarda raqib yopilib olishi mumkin. Endi nega ligamizda himoyaviy o‘ynaydigan klub yo‘g‘u, nega termamiz bunday o‘ynashi haqida o‘ylab ko‘ramiz.
Dunyoning istalgan terma jamoasi (yetakchilardan tortib autsayderlargacha) o‘z chempionatida muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatayotgan jamoa uslubida harakat qiladi. Masalan, Angliya - "Manchester Siti", Ispaniya - "Barselona", Germaniya - "Bavariya", Fransiya - PSJ, Rossiya - "Zenit", Qozog‘iston - "Astana", Xitoy - "Guanjou Evergrand".
Bizda "Paxtakor" super harakat qilyapti. "Sherlar" himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatadi, qanotlar faol, yarim himoyadagi futbolchilar ikki darvoza orasida tinim bilmay yugurishadi, hujumchilar ham mahsuldorlik ko‘rsatishyapti. Bundan tashqari terma jamoa asosini "Paxtakor" futbolchilari tashkil qiladi.
Kuper esa butun faoliyati davomida qo‘llab kelgan uslubni qo‘yib yubormayapti. So‘nggi 10 yilda bu uslubda muvaffaqiyatga erishgan jamoani eslay olmayman. Ha, bitta bor ekan, "Inter" (2010 - Chempionlar ligasi). Ektor Kuper O‘zbekiston terma jamoasida qolishni, keyingi bahslarda autsayderlardan "shapaloq" qabul qilishni istamasa uslubni o‘zgartirishi kerak, aks xolda O‘FA uni boshqa mutaxassisga almashtiradi.
Jasurbek Aslanov
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi