00:13 / 26.11.2019
2 759

O‘zbekiston futbolida bukmekerlik faoliyatiga qachondan ruxsat beriladi?

O‘zbekiston futbolida bukmekerlik faoliyatiga qachondan ruxsat beriladi?
O‘zbekistonda futbolni aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turiga aylantirish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, mamlakat futbolini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, futbol klublari faoliyatini rivojlantirish, terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etish, mamlakatimizda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit’a birinchiliklarini o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi tayyorlandi va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganidan xabaringiz bor.

O‘zbek futboliga befarq bo‘lmagan ishqibozlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, qator veb-saytlarda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Farmon loyihasida ko‘rsatilgan yangi tashabbuslarga o‘z munosabatlarini bildirib, taklif yoki tavsiyalarini qoldirishmoqda. Takliflar O‘FA mutaxassislari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganib, tahlil etib borilmoqda.

Keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohaza, qolaversa savollarning katta qismi bukmekerlik idoralari mavzusida bo‘lmoqda.

Quyida ushbu mavzu bo‘yicha kelib tushgan savollarga O‘FA yuristi – D.Norqobilov to‘xtalib o‘tadi:
- Yillar davomida mazkur faoliyatning ta’qiqlanishi hamda nazorat qilinmasligi natijasida sport sohasida, jumladan, futbolda bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Xabaringiz bor, 2019 yil davomida kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash va ularning oldini olish juda faol amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonda O‘zbekistonda 2 ta muhim jihatga e’tibor qaratish lozim ekani oydinlashdi:

1) Milliy qonunchilik doirasida, xususan, Jinoyat Kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda futbol faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar tomonidan bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanish, totalizator o‘ynash, o‘yinga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishilgan o‘yinlar o‘tkazish va ularda ishtirok etish yuzasidan javobgarlikning belgilanmaganligi;

2) Kelishilgan o‘yinlar tashkil etilishiga asosiy sabab bo‘lgan bukmekerlik faoliyatining rasman ruxsat etilmaganligi hamda bunga qaramasdan mazkur sohaning noqonuniy ravishda rivojlanayotganligi.

Shu munosabat bilan mazkur farmon loyihasida yuqoridagi ikki muhim jihat bo‘yicha taklif tayyorlandi va yechim 2 bosqichda amalga oshirilishi belgilandi:

1) Futbol faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar tomonidan bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanish, totalizator o‘ynash, o‘yinga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishilgan o‘yinlar o‘tkazish va ularda ishtirok etish yuzasidan javobgarlikning milliy qonunchilik doirasida aniq belgilanishi yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralarga 2020 yil 1 iyunga qadar parlamentga aniq taklif kiritish vazifasi yuklandi.
Bu vazifa ijrosi ta’minlanishi natijasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tegishli huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari, xususan Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura hamda Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash va ularning oldini olish jarayonini olib borishiga imkoniyat yaratiladi.

Bu jarayon futbol faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarni ogohlikka chaqirib, ularning atrofidagi kelishilgan o‘yinlarga bevosita aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlashga hamda ularning mazkur noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yishga yordam beradi;

2) Hozirgi kunda kelishilgan o‘yinlar natijasida noqonuniy faoliyat yuritayotgan bukmekerlik kompaniyalari orqali katta hajmdagi valyuta mablag‘lari O‘zbekistondan chiqib ketmoqda hamda mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar tomonidan professional futbolchilar, murabbiylar va futbol klublari rasmiy shaxslarini aldov yo‘li bilan ushbu faoliyatga jalb qilish, ularga keyinchalik ruhiy bosim, qo‘rqitish, aldash, zo‘rlik o‘tkazish, tahdidlar bilan o‘z buyruqlarini majburan bajartirish holatlari uchramoqda. Ba’zi holatlarda esa ularga tan jarohati yetkazilishi va o‘limi bilan tugamoqda.
Bunday noxush holatlarning oldini olish uchun esa hozirgi kunda bizda yetarlicha huquqiy mexanizm mavjud emas. Faoliyatning o‘zi ham amalda ta’qiqlangan. Biz xuddiki, soya bilan kurashayotgandek holatdamiz.

Bugungi kunda mazkur faoliyatni rasman yo‘q deb inkor qilishimiz keyinchalik ham iqtisodiy, ham ijtimoiy og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Iqtisodiy jihatdan mazkur faoliyatdan keladigan daromadning davlat g‘aznasiga soliq sifatida tushmasligi hamda futbolni rivojlantirishga sarflanmasligi, ijtimoiy jihatdan esa yosh avlodni, xususan yosh futbolchilarni bolaligidan boshlab ma’naviy jihatdan zaharlanishi, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga mukkasidan ketishiga olib keladi.

Shu sababli 2020 yil davomida bukmekerlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solinishi bo‘yicha hamda mazkur faoliyatga ruxsat berilgan taqdirda, uni nazorat qilish mexanizmlarini normativ huquqiy asosi ishlab chiqiladi va tegishli tartibda joriy etiladi.

Nazorat mexanizmlarini ishlab chiqishda quyidagi asosiy faktorlarga e’tibor qaratiladi:

* Voyaga yetmagan shaxslarning mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishi va bukmekerlik idoralari orqali pul tikishi mutlaqo ta’qiqlanadi;
* Tavakkalchilikka beriluvchan fuqarolarimizni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan himoya qilish maqsadida pul tikish me’yori va pul tikish davomiyligini chegarasi belgilanadi;
* Bukmekerlik faoliyati ko‘pincha internet tarmog‘i orqali amalga oshirilayotganini inobatga olib, mazkur virtual jarayonga davlat tomonidan xalqaro tashkilotlar hamkorligida nazorat mexanizmlari joriy etiladi;
* Bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi idoralarning daromadlaridan ma’lum bir qismini futbolni rivojlantirish uchun yo‘naltirish mexanizmi joriy etilib, doimiy nazorat qilinadi.

Shundan so‘nggina 2021 yil 1 yanvardan boshlab, mazkur faoliyatga rasman ruxsat berilishi rejalashtirilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston futbolida bukmekerlik faoliyatiga qachondan ruxsat beriladi?