Butun mavsum davomida Superliga uchrashuvlarini kuzatib, tahlil qilib borgan, PFL bilan hamkorlikda oy laureatlarini aniqlagan, har turdan keyin tur ramziy jamoasini e’lon qilib borgan Tribuna.uz sayti 2019 yilgi chempionat yakunlariga ko‘ra, mavsum ramziy jamoasini tuzdi.
Darvozabon:
O‘tkir Yusupov
Klubi: «Navbahor»
O‘yinlari soni: 24
Superliga-2019ning eng yaxshi posboni bo‘lish uchun da’vogarlar orasidan «Navbahor» posboni O‘tkir Yusupovni tanladik. Namanganliklar posboni yetakchi klublar darvozabonlari Eldor Suyunov, Sanjar Quvvatov, Javohir Ilyosov, Murod Zuhurov, Ignatiy Nesterov va qolgan darvozabonlardan eng ko‘p – 24 ta o‘yin o‘tkazib, eng kam – 19 ta gol o‘tkazdi. Shu bilan birga 2 marta penaltini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. 28 yoshli O‘tkir Yusupov darvozabon bo‘lishiga qaramay, mavsum davomida «Navbahor»ning yetakchilaridan biri bo‘la oldi.
Himoyachilar:
Hojiakbar Alijonov
Klubi: «Paxtakor»
O‘yin va gollari soni: 21 o‘yin, 1 ta gol
Chempionlikka erishgan «Paxtakor» asosiy tarkibidagi eng yosh futbolchi Hojiakbar Alijonov mavsum kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. 22 yoshli himoyachi nafaqat OChL va milliy jamoada, balki Superligada ham ajoyib o‘yinlar namoyish etdi. Hojiakbar nafaqat himoyada balki hujum tashkil etishda ham o‘ng qanotda Arveladze uchun muhim figuraga aylana oldi. Bitta gol urish bilan birga jamoasining qator gollariga assitentlik ham qildi.
Islom To‘xtaxo‘jayev
Klubi: «Lokomotiv»
O‘yin va gollari soni: 24 o‘yin, 5 gol
«Temiryo‘lchilar» sardori Islom To‘xtaxo‘jayev bu mavsumni ham yuqori darajada o‘tkaza oldi. 30 yoshli futbolchi «Lokomotiv»ning 2-o‘rin bilan OChLga yo‘llanma olishiga katta hissa qo‘shdi. Islom bu yilgi o‘yinlar soni bo‘yicha jamoada Anzur Ismoilovdan keyingi o‘rinda joy olgan bo‘lsa-da, himoyachi bo‘lishiga qaramay, 24 o‘yinda 5 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etib, jamoasiga muhim ochkolarni taqdim etdi. Eng muhimi, «Lokomotiv» mavsumda eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘ldi – 16 ta gol.
Darko Stanoyevich
Klubi: «Surxon»
O‘yin va gollari soni: 25 o‘yin, 3 gol
Turnir debyutanti «Surxon» jamoasining mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazishiga legionerlardan iborat himoya qo‘rg‘onining hissasi katta. Termiz klubining 6-o‘rinni egallashi va Superligada bu jamoa darvozasi tomon umuman penalti belgilanmaganligiga markaziy himoyadagi serbiyalik Stanoyevich-Bubanya juftligining o‘rni katta. Ayniqsa, Darko Stanoyevich eng qiyin pallalardagi muhim uchta goli va harakatlari bilan jamoa joniga oro kirdi. Klubi safida mavsumda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi bo‘ldi.
Stanislav Andreyev
Klubi: «Metallurg»
O‘yin va gollari soni: 25 o‘yin, 5 gol
Chap qanot himoyasida «Paxtakor» vakili Farrux Sayfiyev bosh da’vogar bo‘lsa-da, Superligada undan samaraliroq yana bir chapaqay himoyachi bor edi, bu – Stanislav Andreyevdir. Bekobod klubi safida kuchli beshlikdan o‘rin olgan Stas butun mavsum davomida jamoasi safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazib, 5 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etdi, 3 marta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Yarim himoyachilar
Kaxi Maxaradze
Klubi: «So‘g‘diyona»
O‘yin va gollari soni: 26 o‘yin, 5 gol
Ulug‘bek Baqoyev qo‘l ostida Jizzax jamoasi kutilmaganda OChL yo‘llanmasi uchun kurash olib borgan bo‘lsa-da, yakunda 4-o‘rin bilan cheklandi. Bu ham «So‘g‘diyona» uchun katta yutuq, aslida. Jamoa muvaffaqiyatiga gruziyalik legioner Kaxi Maxaradzening hissasi katta bo‘ldi. Bo‘ydor yarim himoyachi butun mavsum davomida jamoasining barcha o‘yinlarida maydonga tushgan yagona futbolchi bo‘lib, 26 uchrashuvda 5ta gol urishga erishdi, 4ta golga hammualliflik qildi.
Nurillo To‘xtasinov
Klubi: «Bunyodkor»
O‘yin va gollari soni: 24 o‘yin, 6 gol
22 yoshli futbolchi o‘tgan mavsum Sergey Lushan qo‘l ostida «So‘g‘diyona» safida maydonga tushib muxlislarga tanila boshlagan bo‘lsa, bu yil Vadim Abramov boshqaruvida mavsum kashfiyotlaridan biriga aylandi. Yarim himoyachi 24 o‘yinda maydonga tushib, jamoasining 6ta muhim goliga mualliflik qildi, 5 marta golli uzatmani amalga oshirdi. «Qaldirg‘ochlar» bilan OChLga yo‘llanma olgan futbolchi butun mavsum davomida Abramovning maydon markazidagi «ijodkor», hujumlarni tashkil etuvchi «motor»ga aylana oldi.
Xurshid G‘iyosov
Klubi: «Bunyodkor»
O‘yin va gollari soni: 25 o‘yin, 12 gol
«Bunyodkor» safida besh mavsumdan buyon to‘p surayotgan Xurshid G‘iyosov uchun 2019 yilgi mavsum faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘ldi. Hujumkor yarim himoyachi Vadim Abramov qo‘l ostida yangi qirralarini namoyish etdi, jamoasining muhim futbolchisiga aylanib, 12 ta goli bilan to‘purarlar ro‘yxatiga qo‘shildi. Aynan uning goli amaldagi chempion «Paxtakor»ning mavsumdagi yagona mag‘lubiyati bilan yakunlandi. 24 yoshli futbolchi mavsum davomida «Bunyodkor» safida yetakchilik qilib, klubi bilan OChL yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Jaloliddin Masharipov
Klubi: «Paxtakor»
O‘yin va gollari soni: 25 o‘yin, 4 gol
Mavsumning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylangan Jaloliddin Masharipov «Paxtakor»ning bir mavsumning o‘zida uchta sovringa ega chiqishiga katta hissa qo‘shdi. 26 yoshli hujumkor yarimhimoyachi 25 o‘yinda maydonga tushib, 4 ta golga mualliflik qilgan bo‘lsa-da, golli uzatmalar muallifi sifatida Masharipovga Superligada hech kim teng kela olmaydi. Jaloliddin Superligadagi 25 o‘yinda 16 marta jamoadoshlarining goliga assitentlik qilgan bo‘lsa, 7 marta penalti ishlashga muvaffaq bo‘lgan. Ajoyib natija.
Hujumchilar:
Dragan Cheran
Klubi: «Paxtakor»
O‘yin va gollari soni: 24 o‘yin, 23 gol
«Paxtakor»ning legioner hujumchisi Dragan Cheran 2019 yilgi Superliganing eng yaxshi futbolchisi nomiga da’vogarlik qilishi aniq. 32 yoshli serbiyalik goleador ushbu mavsumda chempionatning aksariyat klublaridan ko‘proq – 23 ta gol urishga erishib, eng yaxshi to‘purarga aylandi. Cheran jamoasining qator gollariga ham hammualliflik qildi.
Humoyun Murtazoyev
Klubi: «Nasaf»
O‘yin va gollari soni: 26 o‘yin, 14 gol
«Nasaf» hujumchisi Humoyun Murtazoyev 14ta goli bilan to‘purarlar ro‘yxatida Igor Sergeyev va Zafar Polvonovlardan keyingi o‘rinda joy olgan bo‘lsa-da, 27 yoshli forvard mavsum davomida qarshiliklarning yetakchisiga aylana oldi va muhim gollarga mualliflik qildi. Qolaversa, 2018 yilgi mavsumda Pro-ligada to‘p surgan Humoyunning «Nasaf» safidagi dastlabki yilida Superligada to‘purarlar safiga qo‘shilgani sabab aynan Murtazoyev yil ramziy jamoasidan o‘rin oldi.
Zaxira tarkib: Javohir Ilyosov (Lokomotiv), Dilshod Saitov (Nasaf), Anzur Ismoilov (Lokomotiv), Murod Xolmuhammedov (Qo‘qon-1912), Farrux Sayfiyev (Paxtakor), Sanjar Qodirqulov (Bunyodkor), Jamshid Iskanderov (Lokomotiv), Shavkat Salomov (Surxon), Dostonbek Hamdamov (Paxtakor), Zafar Polvonov (OKMK), Igor Sergeyev (Paxtakor)
Bosh murabbiy: Shota Arveladze
Superliganing eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun Shota Arveladze, Vadim Abramov, Ulug‘bek Baqoyev da’vogarlik qilgan bo‘lishsa-da, ular orasidan gruziyalik murabbiyni ramziy jamoaga kiritdik. Har holda O‘zbekistondagi uchta sovringa ham ega chiqqan mutaxassisni tanlamaslik adolatdan bo‘lmasdi. Aynan uning qo‘l ostida «Paxtakor» o‘z o‘yin uslubiga ega bo‘lib, mamlakat futbolining yaqqol bayroqdoriga aylandi.
Usmon IBODOV
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...