3 655
Jasur Jaloliddinov: Indzagi menga ko‘p gapirdi, ammo uning so‘zlarini yaxshi tushuna olmadim
Iqtidorli futbolchi Jasur Jaloliddinov O‘zbekistonning 2019 yildagi eng yaxshi yosh futbolchisi deb e’tirof etildi. Ochig‘i, u bunday nomga har tomonlama munosib edi. O‘zi esa yaqinda Italiyaning «V» seriyasi ishtirokchisi «Benevento» klubining yig‘inlarida qatnashib keldi.
Taniqli futbolchi bo‘lgan va hozirda bosh murabbiylik qilayotgan Filippo Indzagining e’tiborini tortgani uchun ham Jaloliddinovning harakatlarini shaxsan o‘z ko‘zi bilan ko‘rish maqsadida mashg‘ulotlariga taklif qilishgandi. Shunga muvofiq hamyurtimiz u yerda bir necha kun mobaynida o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi. Shu sababli Jasur bilan suhbatda bo‘ldik. Dastlab yilning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lgani bilan tabrikladik.
- Jasur sizni O‘zbekistonning eng yaxshi yosh futbolchisi degan nomga sazovor bo‘lganingiz bilan tabriklayman. Mavsum davomida siz haqingizda ko‘plab ijobiy fikrlar aytildi. Shunday ekan, yakunda mana shunday sovringa ega chiqishingizni kutganmidingiz?
- To‘g‘risi, buni kutmagandim. Lekin, yashirmayman, shunday bo‘lishiga umid qilgandim va xohlagandim. O‘tgan yili ham nomzodlar orasiga kirganimda sovrinni qo‘lga kiritishni juda istagandim. Mana, bu yil shunga erishdim. Bu borada menga klubdagi akalarim, murabbiylarim katta yordam berishdi. Agar boshqa jamoada o‘ynaganimda bu sovrinni yuta olarmidim yo yo‘qmi, ochig‘i bilmadim.
- Yakuniga yetayotgan 2019 yildan qanchalik darajada qoniqdim deb ayta olasiz?
- Hammasi yaxshi bo‘ldi. Oldimga qo‘yilgan vazifalar bajarildi deb o‘ylayman, jamoam tomonidan ham, o‘zim tomonimdan ham.
- Endi Italiya safari haqida so‘ramoqchiman. «Benevento» klubining yig‘inlarida qatnashib keldingiz. U yerda sizni qanday qarshi olishdi, umuman sizda ular qanaqa taassurot qoldirishdi?
- Meni yaxshi kutib olishdi. Dastlab meni hamma narsa bilan tanishtirib chiqishdi. Stadion, baza, xodimlar, umuman hammasi bilan. Shundan keyin jamoaning mashg‘ulotlarida qatnashishni boshladim. Adashmasam, mashg‘ulotlarimizni videoga ham olishdi. Tushunishim bo‘yicha ular men haqimdagi qarorlarini endi ma’lum qilishadi. Hozir esa ularda chempionat bahslari davom etyapti. Yaqinda birinchi davra tugaydi. Shundan so‘ng qanday qarorga kelishganini yetkazishadi. Taassurotlarim yaxshi. Baribir bu Yevropaning top-beshlikdagi chempionati ekanligi ko‘rinib turibdi. Taqqoslab bo‘lmaydigan darajada ularda futbol kuchli desam ham bo‘ladi.
- Ayting-chi, ularning mashg‘ulotidagi asosiy e’tibor nimaga qaratilar ekan? Ularga moslashishingiz siz uchun murakkab kechmadimi?
- Mashg‘ulotlar haqida gapiradigan bo‘lsam, ochig‘i ularning asosiy e’tibori jismoniy tomonga qaratiladi. Garchi futbolchilari texnika tomondan u qadar kuchli bo‘lishmasa-da, lekin jismoniy tarafdan bu borada ular ancha ustun. Shuning uchun ularning o‘yinchilari bu borada barqaror o‘ynay olishadi. «Benevento»ning yoshlar jamoasidagi mashg‘ulotlariga ham bordim. U yerda ham asosan jismoniy tomonga e’tibor qaratilar ekan. Albatta, bu jamoaga kirishib ketishim qiyin bo‘lmadi.
Menga foyda bo‘lgan tomoni shundaki, bu u yerdagi barcha o‘yinchilarning professionalligi bilan bog‘liq. Chunki klubdagi birinchi mashg‘ulotimdan so‘ng o‘zimni go‘yoki «Benevento»da bir-ikki oydan beri shug‘ullanib yurgan o‘yinchidek his qildim. Chunki futbolchilari bilan ham yaxshi kirishib ketdim. Meni jamoa a’zosidek qabul qilishdi va hamma bilan bo‘lgani kabi iliq munosabatda bo‘lishdi. Shu bois bu borada mashg‘ulotlarda qiyin bo‘lmadi.
- Jamoa bosh murabbiyi Filippo Indzagi bilan muloqotingiz qanday kechdi? Uning mashg‘ulotlari jiddiy ekanmi? Umuman, murabbiy sifatida sizda qanday taassurot uyg‘otdi?
- Ko‘rinib turibdiki, murabbiy mashg‘ulotlarda ehtiroslarga juda berilib ketadi. Kuchli mutaxassis. O‘zi taniqli futbolchi bo‘lgani uchun ham hamma narsani yaxshi tushunadi. To‘g‘risini aytsam, til masalasida katta muammo bo‘ldi desam ham bo‘laveradi. Ularda shunday ekanki, murabbiy futbolchilarga aytadigan gaplarini aytar ekan, ammo ko‘rsatmalarini tushunasizmi-yo‘qmi, bu sizning muammoingiz ekan. Ochig‘i, Indzagi menga ko‘p gaplarni gapirdi-yu, ammo uning nimalar deganini tushuna olmadim. Men italyanchani bilmasligim bois uning so‘zlarini bilmay qoldim. Chunki tarjimon maydonda bo‘lmasdi, shunga o‘sha paytlarda menga qiyinroq bo‘ldi.
- Sizga safaringiz davomida alohida tarjimon biriktirilganmidi?
- Tarjimon bor edi, men bilan birga yurdi. Ammo ularning mashg‘ulot jarayonlari nihoyatda yopiq tarzda o‘tkazilar ekan. Hattoki, o‘yindan bir kun oldin meni ham mashg‘ulotlarga qo‘yishmadi. Chunki barcha e’tibor o‘yinga qaratilgan. Shunday paytda yoshlar jamoasiga borib mashg‘ulotlarda qatnashib turdim. Tarjimon maydon atrofiga qo‘yilmaganligi sababli ham Indzagining gaplarini umuman tushuna olmadim. Agar hammasi hal bo‘lsa, italyanchani o‘rganish niyatim bor.
- U yerdan ketayotganingizda sizga nimalar deyishdi?
- Texnik tomondan yaxshi fikr bildirishdi. Ammo jismoniy tarafdan ancha orqada ekanligimni ham ta’kidlashdi. Lekin Italiyaga bormasimdan oldin ham jismoniy tomondan ulardan orqada ekanligimni bilardim. To‘g‘risi, hozir biror nima deya olmayman. Lekin qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim. Menimcha, ular hamma narsani hisobga olib, keyin yakuniy qarorini aytishsa kerak. Bu borada «Bunyodkor» bilan ham gaplashishsa ajab emas.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi