13:25 / 09.01.2020
1 921

Mutaxassislarimiz terma jamoamiz haqida nima deyishmoqda?

Mutaxassislarimiz terma jamoamiz haqida nima deyishmoqda?
8 yanvardan boshlab U-23 Osiyo chempionati boshlandi. Terma jamoamiz esa bugun Eronga qarshi dastlabki o‘yinini o‘tkazadi. Tabiiyki, endi barchaning e’tibori ushbu jamoamizga qaratilgan. Axir o‘rtaga Olimpiada «chiptasi» tikilgan va bu bizning asosiy maqsadimiz hisoblanadi. Hozirgacha vakillarimiz yaxshi taassurot qoldirib kelishyapti va hal qiluvchi bahslarda ham ulardan ijobiy natijalarni kutib qolamiz. Shu o‘rinda bir qator mutaxassislarimiz ham terma jamoamizning bugungi holati, maqsadga erishish yo‘lidagi imkoniyatlari va termani boshqarayotgan murabbiylar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Dilshod Nuraliyev: «Terma jamoamizga qarshi o‘ynaydigan har qanday raqibga og‘ir bo‘ladi»
- Terma jamoamiz kuchli guruhga tushib qolgan. Shunga qaramasdan, O‘zbekiston ham o‘z guruhida favorit hisoblanadi. Buning birinchi sababi, bizda xorijlik mutaxassislar ishlashyapti. Ya’ni, terma jamoamizda tajribali murabbiylar shtabi yig‘ilgan. Ikkinchidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan terma jamoamiz uchun tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yaxshi shart-sharoitlar yaratib berildi. Toshkentda o‘yinlar o‘tkazildi, Dubaydagi yig‘inda ham saviyali raqiblar bilan bellashuvlar tashkil etildi. Shu bois tayyorgarlikni a’lo darajada o‘tdi deb o‘ylayman.

Uchinchi sababi sifatida esa terma jamoamizdagi futbolchilar anchadan beri birga o‘ynab kelishyapti. Tarkibimizdagi ko‘p o‘yinchilar «Nasaf» jamoasidan chaqirilgan. Barcha yigitlar bir-birini yaxshi tushunishadi. Bu esa tabiiyki, bizga tashabbus beradi. O‘rtoqlik uchrashuvlarda yigitlarimiz yaxshi harakat qilishayotganini ko‘rib turibmiz. Hujumchimiz Bobur Abduholiqov ham yaxshi sport formasida. Ishonamanki, O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘ynaydigan har qanday raqibga juda og‘ir bo‘ladi. Biz yaxshi niyat qilyapmiz va yigitlarimiz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladilar. O‘rtoqlik uchrashuvlaridan ham bilinib turibdiki, jamoamiz ajoyib holatda. To‘g‘ri, baribir rasmiy maqomdagi o‘yinlar boshqacha. O‘ziga yarasha hayajon bo‘ladi. Birinchi o‘yinni esa Eronga qarshi o‘tkazamiz. Ammo biz jamoamizga ishonamiz.

Drulovich chempionatda o‘zini ko‘rsatgan, eng yaxshi sport formasiga ega bo‘lgan futbolchilarni tarkibga to‘plab oldi. Chunki barcha futbolchilar murabbiyning o‘yin uslubiga to‘la mos tushadilar. Har bir murabbiyning o‘yin uslubi bo‘lganidek, Drulovichning ham o‘ziga yarasha taktik sxemasi bor. Murabbiylarimiz raqiblarni o‘rganib, shunga yarasha to‘g‘ri tarkibni tanlay oladilar deb o‘ylayman. Lekin hech qaysi murabbiy yaxshisini qoldirib yomonini olib ketmaydi. Ochig‘i, murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq.

Yakuniy tarkibga qarasangiz, barchasi Superligada o‘zini ko‘rsatgan yigitlar. Oston O‘runov masalasiga kelsak, boshida uni tarkibga jalb qilmaganida ham hayron bo‘lgandik. Ostonni harakteri og‘ir deb aytayotganlar ham bor. Lekin men buni yaxshi bilmayman. Ammo murabbiylardan shu haqida eshitgandik. Balki chindan uning xarakteri to‘g‘ri kelmagandir. Yoki bo‘lmasa O‘runovning pozitsiyasida Aziz G‘aniyev, Sharof Muhitdinov, Sanjar Qodirqulov va yana boshqa o‘yinchilarimiz bor. Shu bois murabbiylarimiz ularni Ostondan kuchli deb hisoblashgandir. Xullas, bizda markazda o‘ynaydigan yaxshi futbolchlarimiz ko‘p. Ammo, menimcha O‘runov jamoamizda bo‘lganida yomon bo‘lmasdi.

Azamat Abduraimov: «Terma jamoamizda yuqori saviyali o‘yinchilarning ko‘pligi bizga qo‘l keladi»
- Birinchi navbatda terma jamoamizda Olimpiada yo‘llanmalaridan birini qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat bor deb hisoblayman. Chunki tarkibdagi aksariyat futbolchilarni ukam Jasur Abduraimov ishlagan paytlardan beri yaxshi bilaman. O‘shanda otam bilan yoshlar termasi tarkibidagi o‘yinlarini tomosha qilishga borardik. Afsuski, o‘shanda ular Osiyo chempionatiga chiqa olmagandilar. Endi bu yigitlarning ko‘pchiligi Superligadagi jamoalar safida to‘p surmoqda. Shuningdek, ular olimpiya terma jamoamizning o‘zagini tashkil eta olganlar.

Shundan kelib chiqqan holda aytishim kerakki, bu jamoada katta potensial bor. Tarkibda yorqin, yuqori saviyadagi o‘yinchilar ko‘pligi bizga qo‘l kelishi mumkin. Ikkinchidan, vakillarimiz joy olgan guruhni «o‘lim» kvarteti sifatida baholash mumkin. Ammo masalaning boshqa ijobiy tomoni ham yo‘q emas. Guruh bosqichidayoq kuchli raqiblarga qarshi o‘ynash turnirdagi ishtirokni davom ettirish yo‘lida qo‘l kelishi tayin. Agar guruhdan eson-omon chiqib oladigan bo‘lsak, musobaqaning pley-off bosqichidan ishlarimiz yanada yurishib ketadi va biz bemalol yuqori natijadan umid qilishimiz mumkin.

Agar terma jamoamiz chorak finaldan muvaffaqiyatli o‘tib olsa, o‘z-o‘zidan futbolchilardagi ishtiyoq keskin darajada ortib ketadi. Biz uchun minimum vazifa dastlab guruhda birinchi o‘rinni band etish bo‘lsa, maksimumi chempionlik unvonini qayta himoya qilishdan iboratdir. Qolaversa, oxirgi o‘rtoqlik uchrashuvlarida qayd etilgan natijalar yigitlarimizning juda yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega ekanligidan dalolat bermoqda. Vaholanki, yanvar oyi aksar hollarda biz uchun yuqori darajada o‘yin namoyish etishimizga monelik qiladigan vaqt hisoblanadi. Chunki bu paytga kelib milliy chempionat allaqachon tugagan, futbolchilar ta’tilga chiqib dam olayotgan bo‘ladi. Shularni inobatga olgan holda yigitlarimizning ishqibozlar orzu qilayotgan istakni ro‘yobga chiqara olishlariga ishonaman.

O‘smirlar terma jamoasidagi vazifam bilan bog‘liq ishlar tufayli Lyubinko Drulovichning ishini tuzukroq kuzatish imkoniga ega bo‘lmadim. Ammo Chig‘atoydagi yig‘in paytida uni ish ustida ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. U juda malakali mutaxassis ekanligini namoyish etdi. O‘ylaymanki, Drulovichda juda kuchli murabbiylar shtabi bor. Biroq bu futbol. Boz ustiga guruhimiz o‘ta jiddiy raqiblardan iborat. Shu sabab ko‘p narsa murabbiylarning ishiga bog‘liq bo‘ladi. Agar bosh murabbiy shogirdlarini o‘yinlarga juda yaxshi tayyorlasa, bu muvaffaqiyat kaliti bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Shuningdek, meni murabbiylar shtabida Ravshan Haydarovdek vakilimiz borligi xursand qiladi. Bundan tashqari, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha Jamshid Umarov ham bor. Asosiysi, bu murabbiylar 2018 yili yanvarda qo‘lga kiritilgan g‘alabada bosh-qosh bo‘lishgan va asosiy ishni bajargan o‘yinchilarni ham yaqindan biladilar. Har bir terma jamoada xorijlik murabbiy ishlar ekan, shtabda mahalliy mutaxassislarning bo‘lishini yaxshi holat deb hisoblayman. Bu har tomonlama yaxshi. Birinchidan, biznikilar xorijlik murabbiylardan o‘rganishlari mumkin. Ikkinchidan, ular mahalliy futbolchilar bilan yaxshi aloqa o‘rnatgan bo‘ladilar va mentalitetni biladilar. Kuperda bunday mutaxassislar deyarli bo‘lmagan. To‘g‘ri, Denis Ivankov darvozabonlar murabbiyi sanaladi. Ammo baribir u Kuperning shtabidagi yagona mahalliy mutaxassis edi.

Islom Ahmedov: «Futbolchilardan qanday foydalanish murabbiylarga bog‘liq»
- Bu terma jamoa yaxshi saviyadagi futbolchilardan tashkil topdi. Yetarli darajada tajriba to‘plagan yigitlarimiz bor. Murabbiylar shtabida esa tajribali Ravshan Haydarov bor. U qanday qilib natija ko‘rsatishni yaxshi biladi. Yevropalik mutaxassislar bilan muvaffaqiyatli ishtirok eta olishlariga ishonamiz. Raqiblarga kelsak, chindan ham guruhimiz kuchli. Xitoyda oxirgi yillarda futbol rivojlanyapti. Eron bilan Janubiy Koreya esa har doim kuchli jamoa bo‘lib kelgan. Lekin boya aytganimdek, terma jamoamizda ajoyib o‘yinchilar yig‘ilgan. Endi bu yigitlardan qanday foydalanish faqat murabbiylarga bog‘liq. Tayyorgarlik esa a’lo darajada o‘tdi. Baribir o‘rtoqlik o‘yin bilan rasmiy uchrashuvning farqi katta. Biz esa terma jamoamizdan yaxshi natijalarni kutib qolamiz.

Ro‘ziqul Berdiyev: «Futbolchilarimizning imkoniyatlarini yaxshi bilaman»
- Terma jamoamizning Osiyo chempionatidagi ishtirokini barcha intiqlik bilan kutyapti. Chunki bizning asosiy maqsadimiz Olimpiada musobaqaga chiqish hisoblanadi. Olimpiya terma jamoamiz safida 10 nafar «Nasaf» futbolchilarining ishtirok etishi ham biz uchun katta yutuq. Chunki har doim o‘zbek futboli uchun xizmat qilishga harakat qilamiz. Umuman olganda, terma jamoamizdagi barcha o‘yinchilarimizning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Shu sababli jamoamizdan faqat ijobiy natijani kutyapman. Ko‘pchilik esa guruhimizni o‘ta xavfli deb atashyapti. To‘g‘ri, raqiblar anoyi emas. Ammo bizning ham imkoniyatlarimiz va kuchimizni hisobga olish lozim. Terma jamoamiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishga qodir.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mutaxassislarimiz terma jamoamiz haqida nima deyishmoqda?