Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida bosh murabbiy o‘zgartirildi. Bunga qadar ushbu lavozimda ishlab kelgan Azamat Abduraimov iste’foga chiqarildi. Uning o‘rniga esa Olim Shokirov tayinlandi. Bunga sabab sifatida termaning Belorussiyadagi xalqaro turnirda muvaffaqiyatsiz ishtirok etganini aytish mumkin.
“O‘z ishimni sidqidildan bajardim”
2018 yildan beri o‘smirlar termasida ishlab kelgan mutaxassis jamoani Osiyo chempionatining final bosqichiga olib chiqqandi. Lekin unga hal qiluvchi rasmiy musobaqada ishlash nasib qilmaydigan bo‘ldi. Shu munosabat bilan Abduraimov bilan bog‘landik. Azamat Birodarovich esa avvalo terma jamoada olib borgan ishlari haqida fikr bildirib, yangi murabbiyga ham omad tiladi.
- Terma jamoada zimmamdagi vazifani chin dildan bajarishga harakat qildim, - deya gap boshladi, Abduraimov. - Men buni har qanday kishining ko‘ziga tiq boqqan holda ayta olishim mumkin. Terma jamoaga biror-bir kishining tavsiyasi bilan o‘yinchi chaqirganim yo‘q, bu masalada boshqalardan tilim qisiq emas. O‘ylaymanki, bunday terma jamoa birinchi marta haqqoniy tarzda tashkil qilindi. Yana qaytaraman: men o‘z ishimni sidqidildan bajardim. Afsuski, termani jahon chempionatiga olib chiqish nasib etmadi.
Terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Olim Shokirovga esa faqat muvaffaqiyatlar tilab qolaman. U bilan munosabatimiz juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi. Olim biz bilan safarlarga chiqar, turnirlardagi o‘yinlarni birga kuzatardik. Terma jamoaning o‘zagini asosan “Paxtakor” o‘yinchilari tashkil etadi. Bu klubni yaqindan biladigan mutaxassisning terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishi ayni muddaodir. U biz boshlagan ishni munosib davom ettira oladi. Qolaversa, jamoada katta murabbiy Sergey Arslonov ham ishlashda davom etadi.
Terma jamoa tarkibi deyarli shakllanib bo‘lgan, faqat ayrim jihatlarga ishlov berish kifoya qiladi. Oldingi bergan intervyularimda ham terma jamoa o‘yinida biroz kamchiliklar yo‘q emasligini yashirmasdan aytganman. Ayniqsa, himoya chizig‘ida juda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygandik. To‘g‘ri, o‘shanda tarkib hali to‘liq shakllanishga ulgurmagan, futbolchilar qandaydir xayajon va hadik bilan to‘p surishardi. Bizga qadar O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatining final qismiga chiqa olmagandi.
Biz uchun chiroyli o‘yindan ko‘ra natija muhimroq hisoblanardi. Boz ustiga shundan kelib chiqqan holda ishqibozlar ham bizdan ochiqchasiga norozi bo‘lishga tushgandilar. Ammo bizga chiroyli o‘yindan ko‘ra natija muhim ahamiyat kasb etganligini yana ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Buning samarasi o‘laroq biz final bosqichi yo‘llanmalaridan biriga ega chiqdik. Bahraynda bo‘lib o‘tadigan qit’a chempionati uchun hali ancha bor. Shu vaqt ichida terma jamoaning yangi ustozi ancha ishni amalga oshirishga bemalol ulgura oladi. Asosiysi, buning uchun vaqt yetarli.
“Ushbu termani ishonchli qo‘llarga topshiryapman”
Shu o‘rinda terma jamoamizning Belorussiyadagi o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan xalqaro musobaqadagi ishtirokiga ham to‘xtalib o‘tsak. U yerda jamoamiz mezbonlardan tashqari Finlyandiya, Belgiya va Islandiyaga qarshi bahs olib bordi. Biroq Minskdagi turnirda vakillarimiz 8 ta jamoa orasida oxirgi o‘rinni egalladi. “V” guruhida ishtirok etgan yon qo‘shnimiz – Tojikiston esa finalgacha yetib borgani e’tiborga molik. Xo‘sh, u yerda Abduraimov jamoasi nima sababdan muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi? O‘z navbatida mutaxassis bu masalaga ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
- Afsuski, menga jamoa bilan final bosqichida ishtirok etish nasib qilmaydigan bo‘ldi. Shuning barobarida ko‘nglimning bir chetida mana shunday umid bor: jamoa ishonchli qo‘llarda, hammasi yaxshi bo‘ladi. Yana qaytaraman: termaning o‘yinidagi ayrim jihatlar ustida ishlash, unga sayqal berish kifoya. Muhimi, asosiy tarkibning o‘zagi shakllanib bo‘lgan. Yigitlar bir-birlarini yaxshi tushunishadi. Minskda tashkil etilgan turnirga kelsak, maydon egalariga qarshi kechgan bahsda o‘yinimizdagi o‘sha ba’zi kamchiliklar ko‘zga tashlanib qoldi.
Shuning hisobiga beloruslar barcha jabhada bizdan ustun kelishdi. Ustiga-ustak stadionning mahalliy ishqibozlar bilan to‘lib-toshgani ham yigitlarimizga aks ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Ular ilk daqiqalardan hayajonlanib to‘p surishlari evaziga tezkor golni o‘tkazib yubordik. Xullas, o‘sha bellashuvda 1:4 hisobida yutqazib qo‘ydik. Qolgan uchta uchrashuvda jamoamiz mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, o‘zidan yomon taassurot qoldirmadi. Ayniqsa, finlyandiyaliklarga qarshi bellashuvda yigitlarimizning harakati menga juda yoqqandi.
Qo‘shimchasiga biz o‘sha o‘yinlarda raqiblarga yirik hisobda yutqazmadik. Turnir nihoyasiga yetganidan keyin “BATE” akademiyasining bitiruvchilaridan iborat jamoa bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazib, 4:1 hisobida zafar quchdik. E’tiborlisi, jamoalar tarkibidagi futbolchilarning yoshi o‘rtasidagi farqqa qaramay, mana shunday natija qayd etdik. “BATE” akademiyasining o‘rinbosarlari o‘z tengqurlari orasida chempion sanalishardi. Biz esa ularni dog‘da qoldirdik. Yana shuni aytishim kerakki, ularga qarshi o‘yin o‘tkazilgan maydonning holati yaxshi emasdi.
Shunga qaramasdan yigitlarimiz munosib to‘p surishdi. Musobaqa davomida belgiyaliklarga qarshi ancha vaqt bir o‘yinchi kam bo‘lib to‘p surishimizga to‘g‘ri keldi. Lekin biz o‘sha bellashuvda ham yomon taassurot qoldirmadik. Tan olish kerak, biz osiyoliklar yevropaliklardan ancha ortdamiz. O‘tgan yili Moskvada tashkil qilingan turnirda munosib qatnashib, yakunda ikkinchi o‘rinni band etganmiz. O‘shanda serblar ustidan g‘alaba qozongandik. Biz musobaqada g‘olib chiqqan turklargagina yutqazganmiz xolos. Umuman aytganda, terma jamoamizdagi yigitlarda xarakter bor.
Ehtimol, tarkibimizda jarangdor nomlarga ega futbolchilar bo‘lmagandir, lekin yigitlar yaxlit jamoa sifatida maydonda yomon ko‘rinishmagan. Asosiysi, termadagi muhit xuddi oiladagi kabi yuzaga kelgandi. Bu yigitlar bilan astoydil ishlash kerak. Ular kelajakda albatta yanada zo‘r futbolchi bo‘lib yetishadilar. Murabbiylar shtabi vakillariga esa qit’a birinchiligida munosib ishtirok etishni-yu, buning samarasi o‘laroq jahon chempionati yo‘llanmalaridan biriga ega chiqishlarini chin dildan tilab qolaman. Ushbu terma jamoani ishonchli qo‘llarga topshiryapman. Murabbiylar deyarli shakllangan jamoani qabul qilib oldilar.
“Men ham yetakchi klublarda ishlaganimda yuqori natijalarga erisha olardim”
Azamat Abduraimovning murabbiylik faoliyatiga e’tibor qilsak, negadir uning bu boradagi ishlari ko‘ngildagidek kechmaganini ko‘rish mumkin. Albatta, uning o‘zbek futbolida tutgan o‘rni katta, bunga gap bo‘lishi mumkin emas. Qolaversa, qanday futbolchi bo‘lganligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Umuman olganda, Abduraimovlar sulolasi sifatida Azamat ham alohida ahamiyat kasb etadi. Biroq keyinchalik o‘zini murabbiylikka bag‘ishlaganidan beri futbolchilikdagi kabi biror esda qolarli yutuqqa erisha olmay kelmoqda.
Uning bungacha “Dinamo” hamda “Andijon”da bosh murabbiylik qilganini yaxshi bilamiz. Keyin esa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini boshqardi. Garchi qo‘l ostidagi jamoani Osiyo chempionatiga olib chiqqan bo‘lishiga qaramay, o‘z ishini oxirigacha yetkazib qo‘yish unga nasib etmadi. Bo‘lib o‘tgan ishlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, go‘yoki u omadsiz murabbiydek ko‘rinadi. Balki unday emasdir, balki buning o‘ziga yarasha sabablari bordir. Ushbu masala bo‘yicha Azamat Abduraimovga yuzlanganimizda quyidagicha munosabat bildirdi.
- Nima desam ekan, o‘zim boshqargan jamoalarda tarkibda ko‘rishni istagan futbolchilar bilan hamma vaqt ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmaganim ham buning sabablaridan biridir. Men “Dinamo” bilan “Andijon” klublarini boshqarganman. “Andijon”dagi faoliyatimda dastlab klubni birinchi ligadan oliy ligaga olib chiqishga erishganman, to‘g‘rimi? Lekin aksiga olib oliy ligada juda yomon start olganmiz. Bunga esa tarkibga o‘zimiz istagan futbolchilarni jalb qila olmaganimiz sabab bo‘lgan. To‘g‘ri, murabbiy sifatida bunda mening ham aybim bor. Men Babayandan farqli ravishda o‘z xatolarimni tan olishni bilaman. Natijalar salbiy ko‘rinish hosil qilganidan keyin o‘z xohishimga binoan ishdan bo‘shadim.
Ammo bu mening yomon murabbiy ekanligimni anglatmasa kerak. Nokamtarlikka yo‘ymang-u, o‘zimni yaxshi mutaxassis deb hisoblayman. Bunga misol tariqasida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini olish mumkin. Biz katta ko‘lamdagi ishlarni amalga oshira oldik. Ikki yil davomida turli yig‘inlarda 50 dan ziyod futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazib, eng munosiblarini jamoada olib qoldik. Ish jarayonida turli joylarga borib termaga nomzod o‘yinchilarni qidirdim, seleksiya bilan shug‘ullandim. Bundan tashqari, mini-futbolda “Ardus” bilan ishlaganman. Biz o‘shanda chempion bo‘lgandik. Murabbiy sifatida o‘zimga ishonaman.
Agar menda “Paxtakor” yoki u singari yetakchi klublardan birida ishlash imkoni tug‘ilsa, o‘ylaymanki, albatta yuqori natijalarga erisha olaman. Bunisi endi butunlay boshqa tarixga aylangan bo‘lardi. “Andijon”dagi faoliyatim tufayli Abduraimov layoqatsiz murabbiy, deya o‘ylaydiganlar ham yetarlicha topiladi. Lekin shunday fikrlaydiganlar Samarqandda munosib ish olib borganimni negadir esga olgilari kelmaydi. Biz o‘shanda juda yaxshi klubni tashkil eta olganmiz. “Dinamo” quyi ligaga ham tushib ketmagandi.
Shunchaki, rahbariyat bilan chiqisha olmasdan qolganim tufayli ketishga qaror qilganman. Esingizda bo‘lsa, “Dinamo”dagi faoliyatim davomida “Lokomotiv”ni 5:0 hisobida yutganmiz. “Loko” tarkibida esa tajribali Filimonov darvozani qo‘riqlagandi. Tarkibda juda yaxshi ijrochilarimiz bo‘lgan. Masalan, Bahodir Nasimov keyinchalik terma jamoaga chaqirilgandi. Yoki bo‘lmasa Salim Mustafoyevni olish mumkin. Samarqandlik ishqibozlarning birortasi menga nisbatan biror marta ham tanqidiy fikr bildirishmagan.
Samarqanddagi ishimda umuman parokandalik bo‘lmagan, shunchaki mutasaddilar bilan kelisha olmay qolganim uchun jamoadan ketishni ma’qul topganman. Ha, tan olaman, “Andijon”dagi faoliyatim juda qoniqarsiz chiqqan. Har bir murabbiyda yaxshi va buning aksi o‘laroq faoliyatida yomon davrlar kuzatilmasdan qolmaydi. Jumladan, men ham bundan mustasno emasman. Lekin bu bilan o‘zimni yomon murabbiyga chiqarib qo‘ymoqchi emasman. Futbol – hayotimning mazmuni. Hayotimni ushbu o‘yinsiz aslo tasavvur qila olmayman.
“Ochig‘i, voqealar rivoji bunday tus olishini kutmagandim”
Xullas, bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi. Endi hech nimani ortga qaytarib bo‘lmaydi. Hayot esa davom etmoqda. Balki Abduraimovda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklaridan tegishli xulosa chiqarib olish imkoniyati tug‘ilgandir. Lekin boya o‘zi aytib o‘tganidek, o‘zini to‘lig‘icha futbolga bag‘ishlagan. Undan keyingi rejalari qanday bo‘lishi haqida so‘raganimizda shunday javob qaytardi:
- Ochig‘ini aytsam, voqealar rivoji bunday tus olishi mumkinligini kutmagandim. Hozir ertangi kun rejalarim xususida biror tayinli gap aytishga qiynalaman. Avvalo, yaqin bir oy yaxshilab dam olishim kerak. Shundan keyin variantlar ustida o‘ylashim mumkin. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, yangi mavsum eshik qoqmoqda. Har bir jamoada o‘z murabbiyi bor va bunday paytda ish topish ancha qiyin bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»