2 285
Transfer narxi 5 oyda 200 mingdan 2 mln yevroga ko‘tarilgan 19 yoshli Oston O‘runov «Spartak»da o‘ynab keta oladimi?
Foto: Getty Images
«Ufa» bosh direktori Shamil Gazizov «Spartak» klubi rahbari etib tayinlangach, yangi direktor ishni o‘zi yaxshi bilgan jamoaning yetakchilarini Moskvaga chaqirishdan boshlashga yaqin turibdi. Turli gap-so‘zlarga qaramay, qayd etish joiz - «Spartak» ufaliklarning ehtimol eng qiziqarli o‘yinchilariga ko‘z tikmoqda», - deya boshlanadi championat.com saytidagi maqola.
Oston O‘runov hali 19 yoshda. U fevral oyida Toshkentning «Lokomotiv» klubidan 200 ming yevro transfer puli evaziga «Ufa» safiga kelib qo‘shildi. Kelganidan Oston ufaliklarning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylanishga ulgurdi – 10 o‘yindan 9tasida asosiy tarkibda tushgan. O‘runov qisqa davr ichida o‘yinlari orqali «Ufa» hisobida turgan olmosga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekistonlik yarimhimoyachining yangi cho‘qqilarni zabt etishga bo‘lgan xohish va istagi juda kuchli ekanligi ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, Oston «Zenit» bilan kurashishga da’vogarlik qilayotgan va yevrokuboklarni ko‘zlayotgan jamoaga o‘tish darajasiga chiqa oldimi?
U qanday futbolchi?
O‘runov faoliyati davomida bir qator amplualarda to‘p surgan bo‘lsa-da, unga ko‘proq markaziy yarimhimoya chizig‘ida o‘ynash mos keladi. Andrey Kanchelskis «Navbahor»da Ostonni qanot yarimhimoyasida sinab ko‘rgan bo‘lsa, Samvel Babayan «Lokomotiv»da uni katta hamjdagi ishni bajaradigan markaziy yarimhimoyachiga aylantirdi. Futbolchining o‘zi esa intervyularida «Menga tayanch nuqtasida o‘ynash yoqadi, to‘pni olib qo‘yish va ko‘p yugurishni yaxshi ko‘raman. Biroq driblinglarim sababli aksariyat murabbiylar meni qanotga qo‘yishadi, bu nuqtada esa to‘psiz zerikishimga to‘g‘ri keladi», - deydi O‘runov.
«Ufa» bosh murabbiyi Vadim Yevseyev Ostondan universal o‘yinchi sifatida foydalanmoqda. Yangi klubida o‘tgan 10ta bahsda Oston yarimhimoyaning ikki qanotida ham, markazda ham o‘ynashga ulgurdi. Zaruriyat tug‘ilganida hujumchiga aylanishiga ham to‘g‘ri keldi. Har qanday holatda ham biz Ostonni markaziy yarimhimoyachi sifatida bilamiz, zero u aynan shu nuqtada o‘zini juda qulay his qiladi.
Ustunligi nimada?
RPL uchun ikki eng kuchli jihat: ishonchli dribling va kurashlarga kirishuvchanlik. «Ufa» yarimhimoyachisi aynan ushbu ikki jihati bilan alohida ajralib turadi.
1) Oston qanotda emas, aynan maydon markazida juda kerakli bo‘lgan noodatiy driblingga ega. U to‘pni gavdasi bilan yaxshi to‘sa oladi, to‘p bilan mukammal harakatlanadi. Ya’ni, O‘runov aksariyat yarimhimoyachilar singari hujumni ko‘proq bir yo‘nalishda tortadigan futbolchi emas.
Muhimi, unda dribling - shunchaki driblingni ko‘rsatish uchun emas (bundaylar Rossiyada yetarlicha), qiyin vaziyat va bosimdan yaxshiroq pozitsiyaga chiqib olish uchun amalga oshiriladi. Qobiliyati evaziga O‘runov hisobni saqlab turishda qimmatli futbolchiga aylanadi. U raqib jamoa darvozasi oldida to‘pni qabul qilib, pressing qilayotgan raqibni gavdasi bilan bemalol to‘sib, tezkorlik bilan hujumga o‘ta oladi.
«Spartak»da O‘runovning o‘yin uslubiga yaqin o‘yinchilardan maydon markazida faqatgina Zobnin qolgan. Umarov bosim ostida to‘p bilan harakatlana olmaydi, Kral bunga urinsa-da, yaxshi bajara olmaydi, Til esa o‘rtamiyona o‘yinchi. «Spartak» O‘runov misolida 90 daqiqa ichida maydon markazida o‘rtacha 55 foizi muvaffaqiyatli bajariladigan 8ta o‘tishlarni amalga oshira oladigan futbolchini qo‘lga kiritadi. Bu futbolchining iqtidoridan darak, xuddi shunday o‘yinchi «Spartak»ga yetishmayapti.
2) O‘runov Rossiya Premer-ligasidagi yakkakurashlarga moslasha olgan, u har qanday vaziyatdan bosimni yengib o‘tib, chiqib keta oladi. Ikkinchi qavatdagi kurashlardan cho‘chimaydi, gavda tuzilishi jihatdan ham baquvvatligi bois jiddiy kurash kechayotgan vaziyatlarga qo‘rqmay qo‘shiladi. Har o‘yinda 30-35ta kurashlarda ishtirok etish uning uchun oddiy hol.
Bunday o‘yin jihatlariga ega futbolchining maydon markazida tayanch yarimhimoyachisi yoki «sakkizlik» nuqtasida to‘p surishi eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi.
Kamchiligi va kuchsiz jihatlari qaysi?
O‘runovda dispetcherlik mahorati hali u qadar sayqallangan emas. U xavfli vaziyatlarda qaror qabul qilishda oqsamoqda. Ijrochilik qobiliyati ustida hali ko‘p ishlashi kerak. Uning zarbasi kuchli bo‘lsa-da, barqaror emas va doim ham o‘ylangan zarbalar emas. Ehtimol, o‘zingiz ham Premer-liga o‘yinlarida uning xavfli vaziyatlar yaratganligini, biroq har safar golgacha nimadir yetmay qolganiga ko‘p guvoh bo‘lgansiz.
Albatta, hammasini omadsizlikka yo‘yish mumkindir, aslida esa muammo chuqurroqda – ijro mahorati yetishmaslikdadir. Quyida O‘runovning faoliyati davomidagi zarbalar bo‘yicha statistikasi keltirilgan. O‘zbekiston chempionatidagi barcha o‘yinlari hisoblanmagandir, biroq baribir umumiy holat yaqqol ko‘rinib turibdi.
Bugungi kungacha Ostonning jami 63 zarbasidan bor yo‘g‘i 2tasi gol bilan yakunlangan, 20tasi esa darvoza tomon aniq tepilgan. Samarali zarbalar bo‘yicha alohida iqtidorga ega bo‘lmay turib, o‘yin davomida uzoq masofalardan zarbalar yo‘llanishi to‘pponchadan o‘qni osmonga qarata behuda sarflash bilan barobar. Aniqki bu holat futbolchining o‘yin darajasini baholashda unga obro‘ keltirmaydi. Bu borada u o‘z ustida ishlashi kerak.
Shu bois O‘runovni hujumkor nuqtalarda o‘ynatish xato bo‘ladi. Unga hujumni yakunlovchi yoki standart vaziyatlari ijrochisi sifatida ham qaramagan ma’qul. Bu yomon futbolchi degani emas, aksincha ishonchli, barqaror, biroq jamoaviy o‘yin mexanizmida ikkinchi darajali figura.
Va aynan shu sabab tufayli O‘runov «Spartak»ning yozgi transfer oynasidagi asosiy xaridi bo‘la olmaydi. Ehtimol, kelajak uchun tikilgan sarmoyaga aylana olar.
«Spartak» O‘runovni o‘z safiga qo‘shib olsa, bu yarimhimoyachilardan biri jamoani tark etishini anglatadimi?
Katta ehtimol bilan «Spartak» 3-5-2 taktik sxemasida Ostonni markaziy yarimhimoyachi chizig‘ida ko‘rmoqda. «Qizil-oqlar» bu chiziqda uch futbolchiga ega - Kral, Umarov, Zobnin.
Futbolchilarning ko‘rsatkichlari taqqoslangan ushbu jadvaldan ko‘rinib turibdiki, dribling va to‘p bilan harakatlanishda O‘runov «Spartak»dagi uchlikdan katta ustunlikka ega. Qolaversa, yakkakurashlarda ham o‘zbekistonlik futbolchining natijasi yuqori ekanligini ko‘rish mumkin.
Biroq uzatmalar soni bo‘yicha O‘runov yaxshi taassurot qoldira olmaydi. Harakatlar davomidagi uzatmalar ulushi ham haminqadar - 9%. Bu hammasinikidan ham pastroq degani. Hal qiluvchi uzatmalari soni ham kam (bori ham aniq emas). Jarima maydoni ichidagi sheriklarni to‘p bilan ta’minlash ko‘rsatkichi ham kamtarona. Umuman olganda, xayoliy taassurotlar ham statistik ma’lumotlar bilan to‘la mos keladi: Ostonning barcha ustun jihatlari inobatga olingan taqdirda ham, uning bugungi darajasi «Spartak»ning muammolariga yechim bo‘la olmaydi va natijalar yaxshi tomonga o‘zgarib qolishiga sabab bo‘lishi juda qiyin.
Shu bois, har qanday holatda ham «Spartak»ga markaziy yarimhimoya chizig‘ida erkin ijodkor va ijrochilik qobiliyatiga ega futbolchi shart. Hech bo‘lmaganda Vlashichga o‘xshagan. «Sakkizlik» nuqtasida esa Kral va Zobnin bor. Agarda «Spartak» Ostonning o‘yin uslubiga o‘xshash bo‘lgan Zobninni sotishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, O‘runovning taklif etilishi mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Har holda voqealarning bunday rivojini ham rad etib bo‘lmaydi: Roman anchadan buyon Yevropa tomon yurmoqchi, u yangi chaqiruv kutayapti. O‘runov esa hali saviya jihatdan nisbatan pastroqda bo‘lsa-da, potensiali yuqori futbolchi.
O‘runov 2 million yevrodan qimmatroq turadimi?
OAVda turli raqamlar aylanmoqda: kimdir 3,5 million yevro narx haqida gapirsa, kimdir «Spartak»ning 500 ming yevro yoki «2+2» ko‘rinishidagi transfer taklifi haqida gapirmoqda.
Aniqki, «Ufa» O‘zbekistondan topgan «javohiri»ni 500 ming yevroga sotmaydi. Zero, 19 yoshli yarimhimoyachi Rossiya Premer-ligasining «bahor-yoz» qismida har tomonlama katta o‘sishga erisha oldi.
Biroq ayni damda Ostonni 3,5 million yevroga arziydi, deyish ham juda qiyin. So‘nggi voqealar ham yuqori narxga qarshi ishlaydi: 1) pandemiyadan keyin transfer bozori ham kuchsizlandi; 2) hozirgi kunda futbolchi – legioner sanaladi va qachon bu statusni bekor qilinishi noma’lum. O‘zbekiston YEOIIga a’zo emas, bu ittifoqqa kirishi uzoq vaqtni olishi mumkin. 3) O‘runov maydonda katta farqni ko‘rsata olmaydi. U ishonchli va barqaror, biroq ijrochi emas, hal qiluvchi vaziyatlarda ham yakunlovchi emas.
Shunday ekan, «Spartak» albatta, O‘runovni sotib olishi mumkin, vaqt o‘tishi bilan u o‘yin jihatdan ham, narxida ham o‘sa oladi. Faqat bu transferga yondashuvda muvozanat buzilmasligi shart. Eng asosiysi esa, «Spartak» rahbariyati tushunib olishi kerak: hali yosh, o‘sishi kerak bo‘lgan futbolchini sotib olish aslida kelayotgan transfer oynasidagi bosh maqsad ham, muammolarning yechimi ham emas.
Usmon Ibodov tarjimasi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi