00:10 / 09.08.2020
2 981

Oston O‘runov: Otamning orzusi ushaldi

Oston O‘runov: Otamning orzusi ushaldi
Oston O‘runov Moskvaning “Spartak” jamoasi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi. Hamyurtimiz yangi jamoasi safida 20-raqamda to‘p suradigan bo‘ldi. Yangi jamoaga o‘tganidan keyin o‘zbekistonlik legioner rossiyalik jurnalistlar bilan o‘z taassurotlari va fikrlarini o‘rtoqlashdi. Ushbu intervyuning tarjimasini e’tiboringizga havola qilamiz.

- “Spartak”da qanday kutib olishdi?
- Bu yerda ajoyib kollektiv bor ekan, zo‘r kutib olishdi. Jamoaga tezroq kirishib ketishga umid qilaman.

- Klub haqida nimalar bilasan?
- “Spartak” – xalq jamoasi, eng sovrindor klub. Otam har doim “qizil-oqlar” safida to‘p surishimni orzu qilardi.

- “Ufa”ga yaqinda kelgansan. Rossiyadagi muxlislar sen haqingda kam bilishadi. Qaysi pozitsiyalarda o‘ynashga ko‘nikkansan?
- To‘p bilan ishlashni yaxshi ko‘raman, maydon markazida o‘ynash men uchun qulay. Murabbiylar meni qayerga qo‘yishini ko‘ramiz hali.

- Shamil Gazizov seni “Ufa”ga taklif qilgandi, endi “Spartak”ga chaqirdi. U bilan yana bir klubda bo‘lishdan xursandmisan?
- U meni O‘zbekistondan “Ufa”ga taklif qilib, imkoniyat bergan edi. Endi uning ishonchini shu yerda oqlashni istayman.

- “Spartak”ga o‘tganing tufayli O‘zbekistonda bu jamoaga e’tibor kuchaysa kerak?
- Albatta! “Qizil-oqlar”ning qariyb 35 million yangi muxlisi paydo bo‘ldi. Bu butun O‘zbekiston aholisi, degani.
Oston O‘runovning transferi eng ko‘p muhokama qilingan mavzu sifatida omma diqqat markazida turdi. Unga Rossiyaning yetakchi klublari qatori, xorijdan ham jiddiy takliflar bo‘ldi. Oston O‘runov faoliyatini “Spartak”da davom ettirishga qaror qildi.

Mutaxassislar yangi mavsumda bu jamoa chempionlik uchun kurashishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidlamoqda. Nima bo‘lgan taqdirda ham, hozircha Rossiya premer-ligasida Oston O‘runov, Eldor Shomurodov va Jasur Jaloliddinov kabi futbolchilarimizning mahoratidan bahramand bo‘lamiz.

Legionerlarimizning xorij chempionatlarida ishtirok etib, tajriba va mahorat oshirishi, eng evvalo, 2022 yili Qatarda bo‘ladigan jahon chempionatiga chiqish uchun kurashayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi manfaatlariga xizmat qiladi. Qolaversa, Rossiya va Belarus chempionatlari yuqori ligalarida to‘p surayotgan futbolchilarimiz yevropalik futbol mutaxassislari e’tiborini o‘zbek futboliga qaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runov: Otamning orzusi ushaldi