Rossiya chempionatiga bu yog‘i Yaponiyadan tortib, uyog‘i Braziliyagacha bo‘lgan mamlakatlardan o‘zini iste’dodli hisoblagan legionerlar tashrif buyurishi sir emas. Xususan, O‘zbekistonning ko‘plab futbolchilari uchun Rossiya chempionatidan qo‘nim topish haqiqiy orzu hisoblanadi. Ayrim o‘yinchilarimiz ko‘rikdan nariga o‘tolmay kelishi ham yashiradigan mavzu emas.
Bugungi kunda Rossiya premer-ligasida atigi uch hamyurtimiz – Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinov bor. Ulardan faqat Shomurodov asosiy tarkibda o‘z o‘rniga ega. 18 yashar Jasur va 19 yoshli Ostonni Moskva jamoalari asosan kelajak uchun olgani tayin. Milliy futbol ligasida Vagiz Galiulin “Nefteximik” sharafini himoya qilmoqda va u yuqori maqsadlarga da’vo qilolmaydi. Vitaliy Denisovdek ko‘pni ko‘rgan himoyachimiz ham premer-ligadan ish topa olmadi.
Butun dunyodan Rossiya futboli eshigini taqillatayotganlarning aksariyati premer-ligani Yevropaning kuchli chempionatlariga yo‘llanma taqdim etuvchi tramplin vazifasini bajarib berishiga chin dildan ishonadi.
Rossiya futboli tahlilchilari esa, bu mamlakat chempionatida suyagi qotgan o‘yinchilar kuchli jamoaga o‘tgan taqdirda ham o‘ynab ketolmasligi haqida turli ma’lumotlarni taqdim etmoqda. Chunki rus futboli Yevropa futbolidan keskin farq qiladi. Bu yerda futbolchilarni chalg‘ituvchi omillar ko‘p. “Ko‘hna qit’a”dagi klublar esa, hech qaysi o‘yinchini, ayniqsa legionerni “erkalatib” qo‘ymaydi.
So‘nggi o‘n yillikda Rossiya futboli orqali Yevropaga eshik ochganlardan faqat uch nafari -Aleksandr Zinchenko, Kuinsi Promes va Aksel Vitsel muayyan darajada maqsadiga erishib, katta jamoalarda o‘ynab keta oldi.
Lekin iste’dod sohibi hisoblanib, ulkan umidlar bilan Yevropaning turli jamoalariga taklif etilgan yoki o‘sha imkoniyatdan ham quruq qolgan Seydu Dumbiya, Keysuke Xonda, Kvinsi Ovusu-Abeye, Ahmad Musa, Salomon Rondon, Robert Mak, Mate Valbuena, Ivitsa Olich, Anatoliy Timoshchuk, Martin Shkrtel, Branislav Ivanovich, Jo, Nemanya Vidich, Fernando Kavenagi, Markos Roxo Maykon, Umar Nyass, Kristofer Samba, Emanuel Emenike, Xalk kabi yana bir qancha “yulduzlar”ni, ayrim qisqa muddatli yorqin lahzalarni hisobga olmaganda, bemalol Rossiya futbolidan kuyganlar qatoriga qo‘shsa bo‘ladi.
Rossiya chempionatiga kelgan legionerlarning transfer summasi ham muntazam pastlab ketayotgani kuzatilmoqda. “Zenit”ga 9 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan Emiliano Rigonining narxi tusha-tusha bugun 4,5 millionni tashkil qilmoqda. Piterliklar Emanuel Mammana uchun 16 million yevro to‘lagan, hozir esa uni 4,5 millionga hech kim olmaydi.
“Lokomotiv”da bir yil ijarada o‘ynagan Joau Mariuning narxi 18 million yevrodan besh millionga arzonladi. “Zenit”ga 40 million yevroga kelgan Malkom shu yilning o‘zida 10 million yevro “tashladi”.
Albatta, Rossiyaga kelgan legionerlar orasida narxi oshayotganlari ham bor. Rossiyalik mutaxassislar bu borada Eldor Shomurodovning narxi 750 mingdan 6,5 million yevroga ko‘tarilganini misol qilmoqda. Shuningdek, Sardor Azmun (18 million yevro), Nikola Vlashich (22 million) va Matias Normann (7,5) kabi futbolchilarning transfer narxi ko‘tarilmoqda. Lekin bu futbolchilarning birortasi Rossiyaga yulduz darajasida kelmagan, balki shu yerga kelib, nom qozongan va iste’dodini namoyon etgan futbolchilardir.
Mustaqillik yillarida Rossiya chempionatida o‘nlab futbolchilarimiz to‘p surgan. Lekin bu chempionat ulardan hech biriga Yevropa futboliga tramplin bo‘lib xizmat qilganini bilmaymiz. Yevropa bozorida rossiyalik futbolchilarning o‘ziga ham talab katta emas. Andrey Arshavin kabi kuchli chempionatga o‘tganlarining aksariyati o‘zini ko‘rsatolmay ortga qaytib, avvalgi darajasiga ham chiqa olmagan.
Xo‘sh, yaxshi niyat bilan Rossiyaga ketgan Eldor, Oston va Jasurni nimalar kutmoqda?
Eldor o‘z o‘yinlari bilan Yevropaning ayrim klublari e’tiborini qozongani bor gap. Lekin aniq taklifga kelganda faqatgina “Gent” jamoasidan chorlov bo‘ldi va ular hali ham Eldorni olish fikridan qaytgani yo‘q. Balki, Eldor Rossiya chempionatidan Yevropaga yo‘l ochib, muvaffaqiyatga erishgan birinchi o‘zbek futbolchisi bo‘lar. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi.
Ostonga esa Germaniyadan taklif bo‘lgani va “Gerta” besh million yevro bermoqchiligi shov-shuv ko‘targandi. Nemislarning bu e’tiborini O‘runovning o‘yinidan ko‘ra, uddaburon Shamil Gazizovning ajoyib reklamasi va ustamonligi jalb qilganga o‘xshaydi.
Jasur esa hali nimalarga qodirligini qayta-qayta isbotlashi kerak. Buning uchun esa, Rossiyaning murakkab chempionatida o‘ziga munosib o‘rin topishi shart va bu oson bo‘lmasligi aniq.
Nima bo‘lganda ham, biz Rossiyad to‘p surayotgan futbolchilarimizning yo‘li ochilib, o‘zlari orzu qilgan Yevropa milliy chempionatlarida ulkan yutuqlarga erishishi tarafdorimiz. Axir qachondir, o‘zbek muxlislari ko‘chasida ham bayram bo‘lishi kerak-ku! “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi