22:09 / 06.01.2021
2 390

Supernokautchimizni katta ishlar kutmoqda!

Supernokautchimizni katta ishlar kutmoqda!
Bektemir Meliqo‘ziyev jahon sportida yuqori cho‘qqiga shiddat bilan ko‘tarilayotgan bokschilarimizdan biri. Xorijlik ekspertlar havaskorlar o‘rtasida barcha nufuzli musobaqalarda o‘zini ko‘rsata olgan hamyurtimiz professional ringlarda ham yuksak natijalarni qayd etishga qodirligini alohida tilga olmoqda.

Boks olamida taniqli blogger Jim Karas yaqinda 2021 yilda katta janglarda qatnashadigan va yaqin kelajakda professional boks yulduziga aylanishi kutilayotgan yosh charm qo‘lqop ustalarini aniqladi. Karas yangi mavsumda muhim janglarda ringga chiqadigan bokchilarning faoliyatini kuzatib borishni taklif qilyapti.

- 2021 yilda katta ishlar oldida turgan o‘n nafar yosh bokschi ro‘yxatini tuzdim. Bular Bektemir Meliqo‘ziyev, “Buts” Ennis, Rayan Garsiya, Jessi Rodriges, Gindziro Sigeoka, Sadriddin Ahmedov, Sergey Bogachuk, Elvis Rodriges, Janibek Alimxanuli, Jastin Fandoradir, - deb yozadi Jim Karas.

Ma’lumki, Bektemir yosh bo‘lishiga qaramay, katta tajriba sohibi hisoblanadi. Meliqo‘ziyev havaskor boksda fantastik natijalarni qayd etgan. Havaskor bokschi sifatida 18 yoshidan boshlab, xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsata boshladi.

Farg‘onalik bokschi 2014 yili yoshar o‘rtasida o‘tkazilgan uchta katta musobaqa – Osiyo chempionati, jahon birinchiligi va Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘ldi. U shu yilning o‘zida kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida ham kuchli raqiblarining barchasini yengib, mamlakat chempioni sifatida terma jamoadan joy oldi. Bektemir o‘zining ajoyib jang uslubi bilan mutaxassislar e’tiborini qozondi.

Kattalar o‘rtasidagi nufuzli musobaqalardagi natijalar ham ajoyib bo‘ldi. 2015 yilda Bek Osiyo chempionatida oltin, jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bir yildan so‘ng, Olimpiya o‘yinlarida ham vitse-chempion unvoniga sazovor bo‘ldi. Keyin vaznini 81 kilogrammgacha ko‘tardi. Yangi vazn toifasida jahon chempionati sovrindori va qit’a chempioni bo‘ldi.

Bektemir professional bokschilik faoliyatini 2019 yilning 13 iyun kuni boshladi. Martin Rios Fidelga qarshi o‘tkazilgan birinchi jangida katta tajribaga ega raqibini dastlabki raundning o‘zidayoq sof nokautga uchratgandi.

Barcha janglarini AQSHda o‘tkazayotgan Bektemirga promouterlar professional ringda ko‘p jangda ishtirok etgan va reytingdan yuqori pog‘onalarda qayd etilgan raqiblarni ro‘baro‘ qilmoqda. Buning samarasida, hamyurtimiz dastlabki chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritish uchun kam vaqt sarflayapti. Xususan, Meliqo‘ziyev o‘tgan yili dekabr oyida o‘zining to‘rtinchi jangida Vaugn Aleksandrni ochkolar hisobida mag‘lub etib ilk sovrini - World Boxing Association Continental Americas mintaqaviy chempionalik kamariga ega bo‘ldi.

Bektemir 2020 yilning 30 oktabr kuni oltinchi jangida Alan Kampani uchinchi raundda ringga qulatib, World Boxing Organisation Inter-Continental qit’alararo chempionlik kamarini ham o‘ziniki qildi.

Umuman olganda, bu bokschimiz oltita jangdan beshtasini nokaut va bittasini ochkolar hisobida o‘z foydasiga hal qilgan va u reytingda jadal ko‘tarilib bormoqda.

Bektemir Meliqo‘ziyev 2021 yilning 30 yanvar kuni professional boksdagi eng muhim jangini o‘tkazadi. Hamyurtimiz profringdagi navbatdagi jangida super o‘rta vaznning WBO, WBA (Super), IBF va IBA yo‘nalishlarida jahon chempioni, WBC brilliant kamari sohibi bo‘la olgan rossiyalik Sergey Kovalyovga (34-4-1, 29 KO) qarshi ringga chiqishidan xabaringiz bor.

Bu superto‘qnashuv Moskva shahridagi “Lujniki” arenasida tashkil etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Supernokautchimizni katta ishlar kutmoqda!