07:30 / 17.01.2021
2 243

Pro-ligada "qaynoq" intriga kutilyapti! Ularga qarang: Mo‘minjonov, Fayziyev, Fuzaylov. Faqat...

Pro-ligada "qaynoq" intriga kutilyapti! Ularga qarang: Mo‘minjonov, Fayziyev, Fuzaylov. Faqat...
Aftidan, bu yilgi mavsumda pro-liga o‘zining darajasi hamda mavqei jihatidan katta sakrashni amalga oshiradigandek tasavvur uyg‘otmoqda. O‘zi shundoq ham PFL Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi ushbu ligada ham intrigani sezilarli ravishda oshirish yo‘lida harakat olib boryapti. Taxminimizcha, bu yil Superliga bilan bir qatorda pro-ligaga bo‘lgan qiziqish ham oshadi.

Nega deysizmi? U yerda ish boshlayotgan murabbiylarga qarang: Ilhom Mo‘minjonov, Davron Fayziyev, Hakim Fuzaylov, Asror Aliqulov, Eldor Sakayev...Bular siz-u, bizga yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassislar, shunday emasmi?

Avvaliga kutilgan xabar o‘z tasdig‘ini topdi. Unga ko‘ra, diskvalifikatsiya muddati tugagan zahoti Ilhom Mo‘minjonov “Neftchi” bosh murabbiyi sifatida rasman e’lon qilindi. Aslida farg‘onaliklar yangi mavsumda Superligaga qaytishga yaqin turgandi, ammo uning ostonasidan qaytib ketishdi. Natijada omad “Turon”ga kulib boqqandi. Oqibatda “Neftchi” yana bir bor pro-ligada “umrini” o‘tkazadigan bo‘ldi. Lekin “Neftchi” qaysi ligada bo‘lishidan qat’iy nazar Mo‘minjonov varianti bizningcha oldindan hal qilib qo‘yilgandi.

Natijada u yangi jamoasi bilan pro-ligada qatnashib, uni Superligaga qaytarish uchun kurashishga kirishdi. Viloyat hokimi uning oldiga katta vazifalarni qo‘ydi. Ulardan eng birinchisi klubni Superligaga qaytarish. Bu yo‘lda Mo‘minjonovga sharoitlar yaratib berilyapti. Tarkibga murabbiy o‘zi istagan futbolchilarni jalb qilmoqda. Kuni kecha serbiyalik mutaxassisni ham o‘z shtabiga taklif qildi va o‘sha yerdan legioner ham olib kelindi.

E’tiborlisi, Ilhom Mo‘minjonov bilan to‘rt yillik shartnoma imzolandi. Bu esa katta loyihaga qo‘l urilganidan darak bermoqda. Odatda, futbolimizda anchadan beri bunchalik katta muddatga kelishuvlar amalga oshirilayotganini ko‘rmagandik. Ko‘rinib turibdiki, “Neftchi”ning yana avvalgi shon-shuhratini qaytarish uchun yangi murabbiyga keng imkoniyat hamda yetarlicha vaqt havola qilinmoqda. 4 yil – bu har qanday murabbiyga o‘zi o‘ylagan rejalarni amalga oshirish uchun katta muddat.

Ushbu to‘rt yilning bir yili jamoani Superligaga qaytarish uchun sarflanishi rejalashtirilgan. Qolgan uch yili esa “Neftchi”ning elitada yangi marralarni zabt etish uchun mo‘ljallangan, aslida. Bu albatta farg‘onaliklarning ko‘zlab qo‘ygan rejalaridir. Mo‘minjonov esa shu maqsadda olib kelingan va hozirda u katta yo‘l ostonasida turibdi.

Ya’ni, “Neftchi” bilan yangi vazifalar sari dastlabki qadamni tashladi. Uning jamoasi Toshkentda mavsumga tayyorgarlik ko‘ryapti. Mabodo, klub Superligaga chiqish vazifasini bajara olmasa nima bo‘ladi? Kelishuv o‘z kuchida qoladimi? To‘g‘risi, vaziyatdan oldinlab ketmoqchi emasmiz. Mo‘minjonov “Neftchi”dagi debyutida qanday natija qayd etishini yil oxirida bilib olamiz. Ammo anig‘i shuki, ortga yo‘l yo‘q, unga klubni faqat va faqat Superligaga olib chiqishi aniq maqsad qilib qo‘yilgan.

Endi Davron Fayziyevga to‘xtalsak, u juda mehnatkash va kamtar murabbiy. Uni o‘rtamiyona mutaxassis deb hisoblash vaziyatga to‘g‘ri baho berilishi emas. Davron Oripovich ilgari “So‘g‘diyona”da bir necha yil ishladi va qiyin sharoitda bo‘lsa-da, jamoani kuchlilar orasida olib qolavergan. “Dinamo”da esa kichik mo‘’jiza yaratishga yaqin kelgandi, ammo keyin vaziyat o‘zgarib ketgan. Umuman aytganda, Fayziyev murabbiy sifatida yaxshi taassurot qoldirgan, ayniqsa mehnatsevarligi bilan.

O‘tgan yili “Qo‘qon-1912”da do‘sti – Baxtiyor Ashurmatovga yaqindan yordam berganini bilasiz. O‘shanda unga chempionat davomida Superliganing bir qator klublaridan bosh murabbiylikka aniq takliflar kelib tushgan. O‘shanda Davron Oripovich shartnomaga amal qilishga qaror qilgan. Bu yil esa u o‘z oldiga jiddiy vazifa qo‘ygan “Buxoro”ni boshqarishga rozi bo‘ldi.

Eshitgan bo‘lsangiz kerak, Superligadagi muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyin viloyat hokimi Buxoro futboli va klub mavqeini tiklash uchun jiddiy harakatlarni boshladi. Fayziyevni taklif qilishdan maqsad bitta: jamoani Superligaga qaytarish. Klub rahbariyatida ham o‘zgarishlar kuzatildi. “Buxoro”da ham ijobiy o‘zgarishlar boshlangani sezilyapti. Tarkib esa Superliga darajasida kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan. Ayniqsa, Buxoro farzandi Shavkat Salomovning sobiq klubiga qaytganini alohida ta’kidlash kerak. U Superliga klublaridan bo‘lgan takliflarni rad etib pro-ligada “Buxoro”ni elitaga qaytarish yo‘lida yordam berishni lozim topdi.

Uning jamoada bo‘lishi bosh murabbiyga katta foyda keltirishini taxmin qilsak bo‘ladi. Rahbariyat jamoani Superligaga qaytarish yo‘lida bunday vazifani aynan Fayziyev bajara olishiga ishonishgani uchun ham uni taklif qilishdi. Mo‘minjonov singari “Buxoro” ustozining oldida bundan boshqa maqsad yo‘q. Hozirda qilinayotgan barcha ishlar klubni faqat elitaga qaytarishga qaratilgan. Tez orada tarkibda yana yangi o‘yinchilar paydo bo‘ladi. “Buxoro”ning dadil harakati balki Mo‘minjonovni sergak torttirishga majbur qilayotgandir.

Navbatdagi nomzod Samarqandning “Dinamo”si. O‘tgan yili ham Superliga uchun kurashib ko‘rishdi, ammo o‘xshamadi. Bosh murabbiylikka mavsum o‘rtalarida Sergey Lushchan olib kelingan bo‘lsa ham bu “Dinamo”ning maqsadiga erishishi uchun yetarli bo‘lmadi. Samarqandliklar ham yangi mavsum uchun o‘ziga xos “yurish” sifatida Hakim Fuzaylovni bosh murabbiylikka taklif qilishdi. Tojikistonlik mutaxassisni hamma taniydi. Unda katta daraja bor. Faoliyati davomida Rossiyaning bir qator klublarida turli lavozimlarda ishlagan.

Futbolchilarning imkoniyatini yaxshi ilg‘ay oladi. O‘zimizda ham bir qator jamoalarni boshqargan va “Dinamo” ulardan biri edi. U sobiq klubiga qaytdi. Hakim Qayumovich yaqinda sports.uz muxbiriga O‘zbekistonga qaytib ishlash niyati borligini tan olgandi. O‘shanda uning yana yurtimizda ishlashini kutgandik. Shu bois Fuzaylovning chempionatimizga qaytgani biz uchun yangilik bo‘lmadi. Faqat qaysi jamoani boshqarishi qiziq edi xolos. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini “Xo‘jand”da bosh murabbiy sifatida o‘tkazgandi.

O‘zbekistonga esa yangicha ishtiyoq bilan qaytganini ta’kidlash kerak. “Dinamo” Hakim Fuzaylov yordamida Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni ko‘zlab turibdi. Uning shu maqsadda olib kelingani rost. To‘g‘ri, bu oson bo‘lmaydi. Chunki “Dinamo”ning raqobatchilari jiddiy. Bunday vaziyatda Fuzaylov tajribasiga tayanadi. Shu bilan birga tarkibni kuchaytirish uchun ishlarni boshlab yuborgan. Tez orada “Dinamo”da ham yangi nomlarni ko‘rsak aslo ajablanmaymiz.

Bu yil pro-ligadagi kurash rosa “qaynaydi”, bu aniq. Superliga uchun kurash juda jiddiy. Biz o‘z oldiga aniq vazifa qo‘ygan uchta klub va uning yangi murabbiylariga to‘xtaldik. Lekin pro-ligadagi yana boshqa jamoalarni ham unutmaslik kerak. Masalan, “Sho‘rtan” yana Asror Aliqulovga ishonch bildirdi. Uning jamoasi esa kurashuvchan. Qolaversa, Eldor Sakayevni ham “Yangiyer”da qanday jamoa shakllantirishi qiziq tuyulyapti.

Avvalo asosiy kurash “Neftchi”, “Buxoro” va “Dinamo” o‘rtasida kechishi kutilyapti, bunday paytda esa yana qaysidir klub syurpriz ko‘rsatsa ham bundan ajablanmaymiz. Qolaversa, bu yerga Superliga saviyasidagi futbolchilarning kelayotgani ham pro-liganing mavqei oshishiga xizmat qiladi. Muhimi, chempionat saviyasi Mo‘minjonov, Fayziyev, Fuzaylov kabi mutaxassislarning kelishi orqali ancha o‘sishi kutilyapti. Shunday ekan, pro-ligada qanday intriga bo‘lishini hozirdanoq tasavvur qilavering. Faqat barchasi halol, haqqoniy va shaffof bo‘lsin...

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pro-ligada "qaynoq" intriga kutilyapti! Ularga qarang: Mo‘minjonov, Fayziyev, Fuzaylov. Faqat...