10:50 / 02.02.2021
741

Jaloliddin Masharipov: "Al-Nassr"ga o‘tganimdan afsuslanmayman, hali Yevropaga ketishga ulguraman

Jaloliddin Masharipov: "Al-Nassr"ga o‘tganimdan afsuslanmayman, hali Yevropaga ketishga ulguraman
Nihoyat, Jaloliddin Masharipovning yangi jamoasi ham paydo bo‘ldi. Ungacha barchamiz kutdik, uning qaysi klubga yo‘l olishini. Lekin tan olish lozimki, bu futbolchining faoliyatini qayerda davom ettirishi oson kechmadi. Chunki “Paxtakor” yetakchisini o‘z safida ko‘rishni xohlaganlar ko‘p edi.

Yakunda esa Masharipov Saudiya Arabistonining “Al-Nassr” klubi bilan shartnoma imzoladi. Biroq bu jamoada ayrim muammolar borligi sababli Jaloliddin ijara evaziga BAAning “Shabab Al-Ahli” klubiga ketdi. Futbolchi voqealar rivoji qanday tus olgani va yana boshqa masalalar yuzasidan Sports.uz muxbiriga o‘z munosabatini bildirdi.

“Boshida “Al-Nassr” meni ijaraga berishni xohlamadi”
- To‘g‘ri aytasiz, mening yangi klubga o‘tishim biroz cho‘zildi. Cho‘zilganining sababini yaxsha tarafga deb aytsam bo‘ladi. Qo‘limda bir-ikkita emas, balki ko‘proq variantlar bor edi. Qaysi biriga o‘tishni bilmasdan o‘ylab qolgandim va shuning evaziga ham biroz cho‘zildi. Bundan boshqa muammo bo‘lgani yo‘q. Shunchaki, qayerga o‘tishim borasida yaxshilab o‘yladim. Oxir-oqibat uydagilar bilan maslahatlashgan holda Saudiya Arabistonining “Al-Nassr” klubini tanladim va jamoa bilan shartnoma tuzdim. Lekin klubning kichkina muammolari bor ekan. Bu haqida shartnomaga qo‘l qo‘yishdan oldin bilmagandik. “Al-Nassr” hozirgi paytda hech kimni ro‘yxatdan o‘tkaza olmas ekan.

Lekin ular menga shartnoma berishdan oldin zayavka qilish borasida gaplashishgan va meni ro‘yxatdan o‘tkaza olishlariga ishonishgan. Biroq osiyolik o‘yinchisi bilan qandaydir muammo yuz bergani tufayli meni ro‘yxatdan o‘tkaza olishmadi. Shundan keyin “Al-Nassr” klubidagilarga hech bo‘lmasa ijarada o‘ynab turishimni va sizlarni kutib o‘tirishga vaqtim yo‘q, deb aytdim. Avvaliga ular rozi bo‘lishmadi, seni shuncha pulga bejizga sotib olmadik, ijaraga qo‘yib yubormaymiz deyishdi. Klub xo‘jayinlari ham, muxlislari ham seni yoqtirib qolishgan va jamoaga kelishingni kutishyapti deb aytdilar.

Lekin qarasam vaqt o‘tib ketayotgandi. Shu bois ularga jiddiy turib aytdim, ijaraga qo‘yib yuboringlar deb. Menga ijaraga ham bir qator yaxshi klublardan takliflar bo‘layotgandi. Natijada “Shabab Al-Ahli” bilan kelishdik va besh oy muddatga ushbu klubga keldim. Bu yerda hammasi yaxshi, meni iliq kutib olishdi. Bu yerda men uchun barchasi yaxshi tugaydi degan umiddaman.

“Shabab Al-Ahli” meni o‘z safida ko‘rishni ko‘proq istadi”
- “Shabab Al-Ahli”ni tanlashimga kelsak, yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Osiyo Chempionlar ligasida bu jamoaga qarshi o‘ynaganmiz va gol ham urganman. Natijada ular meni yaxshi tanib qolishgandi. Imkoniyatlarimni yaxshi bilishgani sababli ijaraga bo‘lsa ham meni qo‘lga kiritishni qattiq xohlashdi. Futbolchi ham o‘zini qaysi klub ko‘proq xohlasa o‘sha joyga borgisi keladi. Murabbiy ham ishonch bildiradi va sizga o‘zingizni ko‘rsatishingizga imkoniyat yaratib beradi.

Shuningdek, bu klubda hamyurtimiz Aziz G‘aniyev ham to‘p suryapti. Endi u bilan bir jamoadaman. G‘aniyevning jamoada bo‘lishi ham menga o‘ziga yarasha qulaylik yaratadi. Chunki bir-birimizni yaxshi tushunamiz maydonda ham. O‘yin uslublarimizni yaxshi bilamiz. Klubdagi boshqa yigitlar ham meni yaxshi kutib olishdi. Kelganimdan barchasi xursand. Futbolchilar bilan eski tanishlardek, muomalada bo‘lyapmiz. Klub murabbiylari va ishchilari bilan ham qisqa fursatlarda ajoyib munosabat o‘rnata oldim.

“Al-Nassr”dagi voqea men uchun hech qanday yoqimsiz bo‘lib tuyulgani yo‘q. Mendagi bu yilgi vazifa legioner sifatida xorijda to‘p surish edi. Ijarada o‘ynayotganim esa menga hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi. Futbol hamma joyda bir xil. Lekin hayotda shunday vaziyatlar ham uchrab turadi. Eng muhimi, men legioner sifatida faoliyatimni boshladim. Besh oydan keyin “Al-Nassr”ga qo‘shilishim kerak.

“7-raqamni bo‘sh deb aytishdi”
- “Shabab Al-Ahli”da 7-raqamni oldim. Klubga kelganimdayoq menga 7-raqam bor deb aytishdi. Qolgani surishtirib ham o‘tirmasdan shu raqamda to‘p surishga rozilik bildirdim.

“Transfer pulimni to‘lay oladigan yana boshqa klublar ham bor edi”
- “Al-Nassr”ga o‘tganimdan afsuslanmayman. Bu Osiyodagi top-klublardan biri. Bu klubni tanlashimga shu jihati ham sabab bo‘ldi. Transfer pulimni to‘laydigan yana boshqa klublar ham bor edi. Faqat boshqa jamoalar bilan kichkina detallari bo‘yicha kelisha olmadik. “Al-Nassr” meni o‘z safida ko‘rishni kuchli xohladi. Ular mening aytgan barcha istaklarimni qilib berdi. Shuning uchun shu klubga o‘tdim. Yana qaytaraman, “Al-Nassr” futbolchisiga aylanganimdan afsuslanmayman.

“Arveladzening ketgani “Paxtakor”ga ta’sir qilsa kerak”
- Birinchi navbatda Shota Arveladzening ketgani katta ta’sir o‘tkazsa kerak, deb o‘ylayman. Negaki, kuchli murabbiy. Buni yillar davomida qanaqa murabbiyligini, qanday jamoa tuza olganini ko‘rsatdi. Uning boshchiligida bir oila shakllangandi. Baribir Arveladze Yevropa futbolini ko‘rgan mutaxassis. Bizga ko‘p narsani o‘rgatdi. O‘sha o‘rgatganlariga qarab o‘ynadik va hammasi yaxshi o‘xshadi. Endi “Paxtakor” yetakchilari ketganiga kelsak, 3-4 nafar o‘yinchining ketgani biroz bo‘lsa ham ta’sirini o‘tkazsa kerak. Chunki asosiy tarkib futbolchilari tark etishdi.

Lekin Aziz Turg‘unboyevni olishdi. Bu futbolchi “Paxtakor”da o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsata olsa kerak, deb o‘ylayman. Qolganini esa chempionat davomida va Osiyo Chempionlar ligasi bahslarida ko‘ramiz. Har doim “Paxtakor”ga omad tilayman, bu mening oilam. “Paxtakor” – mening uyim. Klub akademiyasidan chiqib katta bo‘lganman. Jamoa rahbarlari, murabbiylari va futbolchilariga bir oila bo‘lganimizdan xursandman va rahmat aytaman.

“Osiyoga kelganim endi shu yerda qolib ketaman degani emas”
- To‘g‘ri, o‘zimni ham katta orzularimdan biri Yevropada to‘p surib o‘zimni ko‘rsatish va bunga ishonardim ham. Lekin Saudiya Arabistoni va “Al-Nassr”ni tanladim. Osiyoda “Al-Hilol”, “Al-Nassr” top-klublar sirasiga kiradi. Bunday jamoalarga Yevropadan ham kuchli futbolchilar keladi. “Al-Nassr” orqali ham Yevropaga ketsa bo‘ladi. Shuni ham inobatga olgan holatda Saudiya klubini tanladim desam ham bo‘ladi. Faqat yuqorida aytganimdek, biroz muammolar paydo bo‘ldi va BAA klubiga besh oyga ijaraga keldim. Bu esa bo‘ldi, endi Osiyoda qoladi degani emas. Saudiyaga qaytib u yerda o‘zimni yaxshi ko‘rsatsam, hali Yevropaga ketishga ham ulguraman. Osiyoga keldim va endi shu yerda qolaman degan maqsadim yo‘q.

Shuhratbek Jo‘rayev
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)