To‘g‘risi, o‘zbekistonlik futbol muxlislari Eldor Shomurodov “Jenoa” tarkibiga qo‘shilganidan keyingina bu jamoaga jiddiy ravishda muxlislik qila boshladi. Hatto 2006-2007 yillarda genuyaliklar safida Ilyos Zeytullayev o‘ynagan davrda ham “Jenoa”ga yetarli darajada e’tibor qaratmaganmiz.
Shomurodov jamoasi hozirgi kunga kelib, autsayderlar safidan chiqdi va musobaqa jadvalida tobora yuqori ko‘tarilib bormoqda. Davide Ballardini kelganidan keyin jamoa o‘yinida keskin o‘zgarish bo‘ldi. Hozir genuyaliklar A Seriyaning har qanday yetakchi jamoasi bilan ham tengma-teng kurashayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Tarkib ham avvalgi murabbiy Rolando Marandan keyin aytarli darajada o‘zgartirilmadi. Barchasi o‘sha futbolchilar. Demak, hamma gap yangi bosh murabbiy Davide Ballardining tajribasi, mahorati va futbolchilarni o‘ynata olish qobiliyatiga bog‘liq ekan. Maran shu futbolchilardan unumli foydalana olmaganiga hayron qolib o‘tirgan bo‘lsa kerak.
“Jenoa”ning asosiy kuchi hujum chizig‘ida ekani o‘z isbotini topmoqda. Oldingi pozitsiya uchun raqobat o‘ta qattiq. Ballardini qo‘llayotgan taktika bir paytning o‘zida ikkit nafar hujumchidan foydalanish imkonini bermoqda. Lekin shu bir juft o‘rin uchun Goran Pandev, Eldor Shomurodov, Mattia Destro, Janluka Skamakka, Marko Pyatsa o‘zaro kurashmoqda.
“Napoli”ga qarshi o‘tgan turda Shomurodov kichik jarohat tufayli o‘ynamadi. Eldorning o‘rnini egallagan qariya Pandev ikki aniq zarba bilan boshlang‘ich tarkibga haqli ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.
13 fevral kuni “Torino”ga qarshi bo‘ladigan o‘yin oldidan Davide Ballardini boshlang‘ich tarkibda kimni maydonga tushirishini aniqlab olishga qiynaladigan ko‘rinadi. Pandev yoshi o‘tib qolganiga qaramay, o‘ziga berilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanmoqda va muhim gollarni uryapti. To‘qqizta gol urgan jamoa to‘purari Mattia Destro so‘zsiz asosiy hujumchi rolida bo‘ladi. Lekin Destro aksariyat gollarini Shomurodov yaratgan vaziyatlardan kiritganini unutmaslik kerak. Ko‘pchilik Mattia o‘zbek futbolchisi yordamisiz raqib darvozasiga yo‘l topishga qiynalishini aytmoqda.
Shomurodovning yagona kamchiligi hujumchi bo‘la turib, gol ura olmayotganida. Ustunligi esa har qanday hujumchi bilan kuchli juftlik hosil qila olishi va har bir uchrashuvda golli vaziyatlar yaratayotganida. Skamakka va Pyatsaga barqarorlik yetishmayapti.
Italiyaning www.primocanale.it sayti jurnalisti Jovanni Porsella “Torino”ga qarshi o‘yin oldidan Pandev va Shomurodovning imkoniyatlari solishtirilgan maqolasini e’lon qildi. Unda vaziyat quyidagicha qalamga olinadi:
“Gattuzo jamoasiga qarshi o‘tkazilgan avvalgi tur o‘yinida A Seriyadagi gollari sonini 100 taga yetkazib olgan faxriy Pandev bo‘lajak uchrashuvda Mattia Destro bilan birga hujumda o‘ynashga asosiy da’vogar ekaniga shubha yo‘q. Skamakkaning o‘yinida pasayish davom etmoqda. Shomurodov esa “Jenoa” o‘yinida asosiy figura hisoblanadi.
O‘zbek futbolchisi ajoyib gavda tuzilishiga ega, tezkor, kurashuvchan, raqibni aldab o‘ta oladi va qochib ketishi mumkin. Eng muhimi, Eldor xudbinlik qilmaydi, to‘pni qizg‘anmaydi. U tezkor hujum va qarshi hujum taktikasini qo‘llaydigan jamoa uchun juda mos keladigan futbolchi. Shomurodov italyanchada tobora ko‘p narsalarni tushunayotgani unga qo‘l kelmoqda. U raqib darvozasiga ko‘proq xavf solishi va gol urishi kerak. Xullas, Ballardini “Torino”ga qarshi o‘yinda qiyin tanlovni amalga oshirishi kerak”.
Darhaqiqat, raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi. Shomurodov ham jarohatidan qutilgan va ayni paytda asosiy guruhda bo‘lajak bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Eldor raqobatdan qo‘rqmaydigan yigit va u buni bir necha bor isbotlab qo‘ygan. Endigi vazifa esa, gollar sonini oshirish. Shomurodov qancha ko‘p gol ursa, uni tanqid qilayotganlarga munosib javob bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Qatarga qarshi qilish kerak bo‘lgan ishni qilmadik!