09:09 / 22.02.2021
2 327

Italiya kareramni sindirgan, Shomurodov esa eplayapti...

Italiya kareramni sindirgan, Shomurodov esa eplayapti...
Rus futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan sobiq darvozabon Ruslan Nigmatullin “Spartak”, “Lokomotiv”, SSKA va Rossiya terma jamoasidan tashqari, Italiya chempionatida “Verona” va “Salarnitana” klublari sharafini ham himoya qilgan.

Nigmatulin rossiyalik jurnalistlarga bergan intervyusida italyan futbolini ichidan bilgan mutaxassis sifatida Rossiya chempionatidan A Seriyaga ko‘chib o‘tgan o‘yinchilar, xususan, Eldor Shomurodov haqida ham fikr bildirdi.

- Italiyada “Verona” va “Salarnitana” klublari sharafini ham himoya qilgansiz. Faoliyatingizning o‘sha bosqichidan qanday taassurot qolgan?
- Salbiy taassurotlar qolgani aniq. Italiya futbolchi sifatida kareramni sindirdi. Qanday qilib bularni yaxshilik bilan eslay...

Albatta, futboldan tashqaridagi holat yaxshi edi. Italyanchani o‘rgandim. Lekin men u yerga birinchi navbatda futbol uchun borgandim. Italiyada o‘zimni ko‘rsatishim uchun o‘yin berishmadi. Hozir yo‘lim tushmasa, atayin Italiyaga bormayman. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda aloqa qiladigan italiyalik do‘stlarim hali ham ko‘p.

- Italiya haqida bejizga so‘ramadik. Oxirgi yarim yil ichida Rossiya premer-ligasidan to‘rt futbolchi - Aleksey Miranchuk, Eldor Shomurodov, Aleksandr Kokorin va Adolfo Gaych A Seriyaga ko‘chib o‘tdi. Buni qanday izohlash mumkin?
- Aytish qiyin. Rossiyaliklar uchun Italiya jamoasida o‘rnini topish juda qiyin. Aslida kuchli beshlikning boshqa chempionatlarida ham vaziyat xuddi shunday. Balki shunday bo‘lgani oddiy bir tasodifdir.

- Aleksey Miranchukni kuzatayotgandirsiz. U ham siz kabi “Lokomotiv”da o‘ynagan. Nega uning Italiyadagi faoliyati o‘zi istaganidek, bir tekis ketmayapti?
- Tushunarsiz sabablarga ko‘ra, Italiyada xorijlik futbolchini boshlang‘ich tarkibga qo‘yishni istashmaydi. Aleksey “Atalanta”da deyarli birinchi to‘pga teginishidayoq gol urgan-ku. Boshqa mamlakatda, xususan Rossiyada bo‘lganida asosiy tarkibda muntazam o‘ynayotgan bo‘lardi.

Italiyada unday emas. Alekseyga sabr tilayman. Italiyadagi to‘siqlarni yengib o‘tish oson bo‘lmaydi. Men-ku Italiyaga erkin agent sifatida tekinga borganman. Miranchuk uchun katta pul tikilgan. Bunaqa o‘yinchilar zaxirada o‘tirmasligi kerak.

- Aleksandr Kokorinni “Fiorentina”ga o‘tganidan hayratlanmadingizmi?
- Menimcha, bu masalada Roberto Manchinining tavsiyasi katta rol o‘ynadi. Agar “Fiorentina” mutaxassislar Aleksandrning so‘nggi yillardagi o‘yinini chuqurroq tahlil qilganida, bunaqa qarorga kelmas edi. Shunga qaramay, “Fiorentina”dek jamoada o‘z hujumchimiz bo‘lishi uchun Kokorinning ishlari yurishib ketishini istayman.

To‘g‘risini aytsam, oxirgi paytlarda, ayniqsa, “Spartak”da Kokorinda hech qanday o‘sishni ko‘rganim yo‘q. Xorij klubiga yo‘l olgani katta omad. Lekin u yerda unga 100 foiz qiyin bo‘ladi. Katta pul sarflanganiga qaramay, unga ko‘p imkon berishadi, deb o‘ylamayman. Undan darrov natija talab qilishadi.

- Eldor Shomurodov boshqalardan farqli ravishda Apenninda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatmoqda...
- Adashmasam, uning o‘yini “Yuventus” e’tiborini ham tortdi.

- Ha, bu haqda Italiya matbuoti ko‘p yozdi. Eldorning muvaffaqiyati siri nimada?
- Mahorat, xarakter va tajribada. U dastlab, Rossiyaga moslashdi, bilishimcha, rus tilini o‘rganishiga ham to‘g‘ri keldi. Kokoringa solishtirganda Shomurodov yoshroq. Bundan tashqari, Shomurodov, Kokorin va Miranchukning klublaridagi vaziyat ham turlicha ekanini nazardan qochirmaslik kerak...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Italiya kareramni sindirgan, Shomurodov esa eplayapti...