09:23 / 16.03.2021
2 433

«Hakam «So‘g‘diyona» foydasiga qaror chiqarganini o‘z qo‘li bilan yozib beribdi»

«Hakam «So‘g‘diyona» foydasiga qaror chiqarganini o‘z qo‘li bilan yozib beribdi»
Islombek Ismoilov
Superliga 2-turi doirasida yakshanba kuni Jizzaxda o‘tgan «So‘g‘diyona» - «Turon» (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida o‘zbek futbolidagi hakamlarning qing‘irliklari haqida asabiy ruhda gapirgan Yaypan klubi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov va klub prezidenti Abduvahob Ahmadaliyev dushanba kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga chaqirildi.

Tashkilotning Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan bosh murabbiyning o‘yindan keyingi matbuot anjumanida uchrashuv hakamlari sha’ni va o‘zbek futbolidagi qing‘irliklar haqidagi gaplari yuzasidan tushuntirish so‘ralgan. Shuningdek, «Turon» prezidenti ham o‘yindan keyin bildirgan fikri yuzasidan tushuntirish bergan. O‘FAda ushbu voqealar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishdan keyin Kun.uz va Tribuna.uz sayti muxbirlari «Turon» klubi prezidenti hamda bosh murabbiyi bilan suhbatlashdi.

Abduvahob Ahmadaliyev: «Hakam o‘z aybini tan oldi. Ikki vaziyatda ham «So‘g‘diyona» foydasiga qaror chiqarganini o‘z qo‘li bilan yozib beribdi»

O‘FAdagi yig‘ilishdan keyin dastlab «Turon» klubi prezidenti Abduvahob Ahmadaliyev o‘z fikrlarini bildirdi.

Abduvahob Ahmadaliyev
«Tartib-intizom qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hakamning ishi va bosh murabbiyimiz Islombek Ismoilovning matbuot anjumanidagi gaplari ko‘rib chiqildi. Hakam o‘z aybini tan oldi. Bu borada Serazitdinov yozma xat beribdi. Haqiqatdan ham, ikkita vaziyatda «So‘g‘diyona» foydasiga qaror chiqarganini o‘z qo‘li bilan yozib beribdi. Ya’ni bizga berilmagan penalti va bizni darvozamiz tomon belgilagan penalti bo‘yicha aybini tan olgan.

Bosh murabbiyimiz bo‘yicha esa, u aytgan gaplar to‘g‘ri, ammo haqoratomuz so‘zlari noto‘g‘ri chiqqan. Shu tomondan ular ko‘rib chiqishmoqda. Bularga hammasini tushuntirdik, murabbiy qanday ahvolda gapirganini. O‘ylamanki, qo‘mita barchasini inobatga olib, adolatli qaror chiqaradi.

Meni gaplarimga kelsak, u yerda faqat o‘yindagi vaziyatlar haqida gapirgandim. Har holda halol futbol uchun qator ishlar qilingani, hakamlar bilan ishlar olib borilgani, dekloratsiyaga qo‘l qo‘yilganidan keyin ham shunday ishlar bo‘layotgani achinarli. Bitta ishni bo‘ldi qilmagin, kerak emas degandan keyin to‘xtatish kerak. Bilishimcha, hakamlarga barcha pullari vaqtida beriladi. Yoki hakamlar aytishlari kerak, bizga pul yetmayapti, pulimiz kam, deb taklifini aytishi lozim
», - deydi Abduvahob Ahmadaliyev.

Islombek Ismoilov: «Qo‘mitaga hali ham o‘sha fikrda ekanligimni aytdim»

Klub prezidentidan keyin O‘FAdagi yig‘ilishdan chiqqan bosh murabbiy Islombek Ismoilovning fikrlari bilan ham qiziqdik.
«O‘sha o‘yinni hamma ko‘rdi. Uchrashuvda juda qo‘pol xatolar bo‘lgandi. Qo‘mitada hakamning xatolari ko‘rib chiqildi, ekspertlar o‘z fikrlarini bayon etishdi. Haqiqatdan ham hakam o‘yin natijasiga ta’sir qiluvchi xatolarga yo‘l qo‘ygani aytildi.

O‘zimga keladigan bo‘lsak, qo‘mitani fikri bo‘yicha o‘yindan keyin emotsional ruhda gapirganman. Buni o‘zim ham ularga tushuntirdim, uchrashuvdan keyin hissiyotlar ostida gapirganman, buni qo‘mita qaror chiqarishda inobatga olsa kerak. Har holda o‘yingacha qilingan mehnatni maydondagi uch kishi o‘ynab kulib yo‘qqa chiqarishi – har qanday odamni ham izdan chiqaradi. Bu borada ularga o‘z pozitsiyamni bildirdim, hali ham o‘sha fikrdaman, dedim. To‘g‘ri, haqoratli gaplar bo‘lishi mumkin, lekin kimdir noto‘g‘ri harakat qilmasa, hech kim bu daraja quyushqondan chiqmaydi. Tez orada qaror chiqarishsa kerak.

Ular “to‘g‘ri fikrlarni aytgandirsan, lekin fikringni yetkazishda agressivlikka e’tibor qaratgansan”, deyishdi. Jamoada ham mag‘lubiyatdan keyin tushkun kayfiyat bo‘ladi. Shunga qaramay, futbolchilarni hozirgi holatdan chiqarish uchun harakat qilamiz
», - deydi «Turon» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Tribuna.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi «Turon» klubi bosh murabbiyi masalasida tez orada jazo choralarini rasman e’lon qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Hakam «So‘g‘diyona» foydasiga qaror chiqarganini o‘z qo‘li bilan yozib beribdi»