08:30 / 17.03.2021
2 939

Shomurodovga yangi vazifa yuklandi(mi)?!

Shomurodovga yangi vazifa yuklandi(mi)?!
A Seriya o‘yinlarini kuzatib borayotgan muxlislar va mutaxassislar hech bir futbolchining xatti-harakatlarini nazardan qochirmaydi. Ayniqsa, kuchli beshlikka kirmagan mamlakatlar chempionatidan kelgan charm to‘p ustalarining o‘yinini alohida sinchkovlik bilan kuzatishadi va baholashadi.

Ko‘p italiyaliklar O‘zbekiston degan mamlakat borligini Eldor Shomurodov “Jenoa”da o‘zini ko‘rsata boshlagani va Italiyaning eng qudratli klubi “Yuventus”ning e’tiboriga tushganidan keyin bilib oldi, desak mubalag‘a bo‘lmasa kerak.

O‘zlarining talabchanligi bilan nom chiqargan “Jenoa” muxlislari legionerimizning har bir o‘yinini kuzatib bormoqda va klubning ijtimoiy tarmoqlarida o‘z fikr-mulohazalari, tanqidu maqtovlarini post qilib qoldiryapti.

“Jenoa”ning 27-turidan o‘rin olgan “Udineze”ga qarshi uchrashuvida jamoasining goliga katta hissa qo‘shgan Shomurodovning harakatlarini genuyalik ishqibozlar ancha yaxshi baholagani quvonarli. Albatta, bu gal ham tanqidiy fikrlar bo‘ldi, biroq ijobiylari ko‘proq va asosliroq ekan. E’tiboringizga “Jenoa” muxlislarining Shomurodov haqidagi fikrlarini havola etamiz.

Gennaro Chietti:
“Jenoa” keyingi o‘yinda qanday tarkib bilan maydonga chiqishi meni juda qiziqtiryapti. Eldor Shomurodov va Goran Pandev hamkorlikda yaxshi o‘ynadi. Agar ular hujumdagi asosiy tandem vazifasini bajaradigan bo‘lsa, to‘purarimiz Mattia Destro zaxira o‘rindig‘ida imkoniyatini kutishiga to‘g‘ri keladi.

Alessandro Di Pinto:
Ko‘pchilik Shomurodovni tanqid qilyapti. Lekin e’tibor bering, Eldor Kevin Strotmanga aniq pas berib, golli vaziyatni yaratdi va unda bevosita ishtirok etdi. Joriy mavsumda bunday holatlar juda ko‘p kuzatilmoqda. Uning bu yordami statistikaga kiritilmayapti. Shuning uchun ko‘pchilik o‘zbek futbolchisi qancha gol urishga yordam berganini bilmaydi.

Pasquale Carobene: (Alessandro Di Pinto fikriga javoban)
Eldor hujumchi! Uning ishi kimga nechta gol urganiga yordam bergani bilan emas, balki o‘zining hisobidagi gollari bilan belgilanadi.

Anna Mendone:
Menga Shomurodovning o‘yini ma’qul keldi. U juda faol harakat qildi va gol urishimizda xizmati katta bo‘ldi. Ballardini uni maydonga tushirib to‘g‘ri ish qildi.

Maria Sannino:
Shomurodov gol urish imkonini qo‘ldan boy berganiga achindim. U pozitsiyani juda zo‘r tanladi, baland sakradi, lekin zarba kutilganidek aniq chiqmadi. Gol jamoa uchun ham, o‘yinchining o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortishiga ham zarur edi.

Gianluca Rotondo:
Pandev va Shomurodov hech qachon ilk daqiqalardan birga o‘ynamagan edi. Lekin bir-birini uzoq yillardan beri biladigandek, o‘zaro tushunib o‘ynadi.

Marcello Corsaro:
Shomurodov va Pandev juda yaxshi o‘ynadi. Afsuski, hujumchilar o‘zlari yaratgan imkoniyatlarni golga aylantira olmadi.

“Jenoa” Shomurodov yordamida urilgan gol evaziga “Udineze” bilan 1:1 hisobida durang natija qayd etdi. Endi genuyaliklar 19 martga belgilangan 28-turda “Parma” mehmoni bo‘ladi. Bu uchrashuv Toshkent vaqti bilan tungi 00:45da boshlanadi. “Jenoa” hozircha 28 ochko bilan 14-o‘rinni egallab turibdi. Xavfli hudud – 19-o‘rinda turgan “Parma” hisobida 19 ochko bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga yangi vazifa yuklandi(mi)?!