00:23 / 27.03.2021
2 920

Gana Terma jamoamizga oyna tutdi! Siz ko‘zguda nimani ko‘rdingiz?!

Gana Terma jamoamizga oyna tutdi! Siz ko‘zguda nimani ko‘rdingiz?!
Foto: Sports.uz
Bugungi uchrashuvni bemalol ikki qismga bo‘lib tomosha qilish mumkin. Optimist muxlislar o‘yindan lazzat olishdi, ammo pessimist fanatlar ham o‘z qarashlari to‘g‘ri ekanligini yana bir bor his qilishdi. Keling, adolat yuzasidan bugungi o‘yinning yaxshi va yomon tomonlari haqida birdek fikr bildiramiz.

O‘yindagi plyuslar:

Namangandagi muxlislar va jangovar tarkib

Vadim Abramov afrikalik raqiblarga qarshi ilk daqiqalardan jangovar tarkibni o‘yinga tashladi. Ayniqsa, hujum uchligidagi yigitlarning birga to‘p surgani muxlislar ko‘zini quvnatgani rost. O‘yinni teleekran orqali tomosha qilgan ko‘plab muxlislar miriqib hordiq olishdi. Namangandagi «Markaziy» arenasi esa, shunchaki «dahshatli» atmosferani namoyish etdi. Abramov bundan avvalgi yig‘inlardan farqli o‘laroq, imkon qadar natijani ham unutmaslikka qaror qilgan ko‘rinadi. Shu bois, ortiqcha tavakkalga qo‘l urilmadi. Katta ehtimol bilan, shu yigitlar JCH saralashidagi 3 ta o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushadi. Bugun Abramov deyarli bir yil davomida ko‘rib chiqqan futbolchilarning eng asosiylarini maydonga tushirdi.

Ilk 45 daqiqa
Terma jamoadagi o‘yinlarni sog‘inib qolgan Rashidov ilk daqiqalardan maydonda paydo bo‘ldi. Shuningdek, «Ufa»da asosan tayanch zonasida to‘p suruvchi Ostonning hujumchi ortiga o‘tkazilgani ham xursand qildi. Birinchi gol ham aynan uning mehnati evaziga sodir bo‘ldi. Gana futbolchilari «Markaziy» arenaning bosimini yengib o‘tguniga qadar, o‘z darvozasidan gol olib chiqishga majbur bo‘ldi. Otabek Shukurov sovuqqonlik bilan 14-hududdan kuchli zarba yo‘lladi. Hisob ochilgach, Gananing saviyasi ko‘rinib qoldi. Jamoa ilk 15 daqiqa davomida juda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydi. Gol o‘tkazib yuborgan vaziyatda esa, ochiqchasiga taktik xato ko‘zga tashlandi.

Tezkor goldan ruhlangan «oq bo‘rilar» raqibga bosimni kuchaytirdi. Osiyo vakillaridan bunday agressiv futbol kutmagan Gana to‘pni uzoqlashtirishni boshladi. Bu aynan Abramovning rejasini ish berishiga ko‘mak berdi. Birinchi bo‘limda terma jamoamiz butun maydon bo‘ylab hujum qildi. Qanotlar, markaz va hatto tayanch yarim himoyachilari ham hujumda faol ishtirok etdi. Bemalol 2 yo 3 ta gol urish mumkin edi. Afsuski, o‘zbek futbolidagi eng og‘ir kasallik – vaziyatlardan unumli foydalanish pand berib qo‘ydi. Gana bir amallab pressingni yengib o‘tishga harakat qildi, ammo bosim yuqori bo‘lgani uchun tavakkal qilishni istamadi.

O‘yin unutiladi, ammo natija qoladi
Qora qit’a vakillari tablodagi hisobni tenglashtirgach, «Markaziy» arena bir necha daqiqaga sukunatga cho‘mdi. O‘z vaqtida terma jamoa uyg‘ondi va hisobni o‘z foydasiga o‘zgartirdi. Aks xolda, bu natija muhim o‘yinlar oldidan ruhiy zarba bo‘lishi aniq. Boz ustiga, Gana o‘zining deyarli ikkinchi tarkibi bilan Namangandan durangni olib ketishi muxlislarni ham tushkunlikka tushirib qo‘yishi mumkin edi. Baxtimizga, Jaloliddin Masharipov eng muhim pallada katta sahnaga chiqdi. Uning ijrosidagi zarba ko‘pchilikni yengil tin olishiga sabab bo‘lgani rost. Natija hammaga manzur keldi. O‘yin tashkilotchilari, stadionga yig‘ilgan muxlislar va statistika ixlosmandlariga. Shuningdek, 90 daqiqani vaqt ajratib teleekran orqali tomosha qilganlar ham maza qildi. Har holda, 1:1 dan 2:1 yoqimli.

O‘yindagi minuslar:

Ikkinchi bo‘limdagi passivlik

45 daqiqalik futbolni tomosha qilgach, barcha bugun yirik hisobdagi g‘alaba bo‘lishiga shubha qilmay qo‘ydi.Kutilmaganda, ikkinchi bo‘limga Gana umuman boshqacha kayfiyatda chiqib keldi. Birinchi 45 daqiqalikda Abramov qanotlar orqali bosh zonalar yaratishga o‘rgangan edi. Ikkinchi taymda Gana to‘pni o‘z nazoratiga olishni boshladi. Ko‘p o‘tmay mehmonlar terma jamoamiz o‘yin rejasini buzib tashlashdi. Raqib murabbiyi yarim himoyachilarni markazga yaqinroq to‘p surishiga buyruq berdi. Oqibatda, milliy jamoamiz faqat qanotlarga suyanishga majbur bo‘lishni boshladi. Qanotlar orqali to‘p suruvchi jamoalarda jismoniy holat doimo 101 foiz tayyor bo‘lishi kerak.

Sezgan bo‘lsangiz, 65 daqiqaga qadar Rashidov va Masharipov qanotlar orqali yorib kirishga urindi. 70 daqiqadan so‘ng, terma jamoamiz charchab qolishni boshladi. Brak uzatmalar va maydon markazidagi follar sababli o‘yin tempi tushib ketdi. Oqibatda, qanotlardagi vingerlarimiz o‘yindan tushib qolishni boshladi. Shu bois, Abramov birinchi navbatda ularni almashtirdi. Oybek Bozorov ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan bo‘lsada, ungacha to‘p deyarli yetib kelgani yo‘q. Charchoq sababli termamiz o‘yinida noaniqlik ko‘payib ketdi.

O‘tkazib yuborilgan gol
Qanchalar kulgili tuyulmasin, 17 yoshli Isak Abdul Fatao Ronaldu uslubida juda uzoq masofadan gol kiritdi. Bu zarba bizning futbolga oyna tutib berdi. Ko‘zguning aksida barcha darvozabonlar bilan muammo to‘liq hal etilmaganini darrov ko‘rib oldi. Gana yoshlari a’zosi bo‘lishiga qaramay, bu yigit bir necha bor himoyachilarni dog‘da qoldirib ketganini ko‘rdik. Hisob tenglashgach, terma jamoamiz o‘yin uslubi naf bermay qo‘ydi. Gana to‘liq qarshi hujum taktikasiga o‘tib oldi..

Ganalik yarim himoyachi esa, juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib o‘z klassini ko‘rsatgan bo‘lsa, Masharipov ayyorona zarbasi bilan o‘z klassini namoyish etdi. Hisob 2:1 ga o‘zgargach, jamoamiz tempni tushirishni boshladi. Ochiqchasiga, natija uchun o‘yin boshlanib ketdi. Vaziyatlar bo‘ldi, ammo birinchi bo‘limdagi keskinlikdan asar ham yo‘q edi. Bu orada, o‘zgarishlar soni ko‘payib ketgani uchun o‘yin kartinasini to‘liq ko‘rishning imkoni bo‘lmadi.

Muammolar o‘sha-o‘sha
Bugungi o‘yin futbolimizdagi asosiy muammolar hali-hamon aktual ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Jismoniy imkoniyatlarimiz, ochiq futbolga yarasha realizatsiyaning yo‘qligi va yarim jamoaga teng darvozabonimizning mavjud emasligi. Achinarlisi shundaki, zamonaviy futboldagi deyarli barcha grandlarda bu omillar bobida muammo mavjud emas. Bizda esa, hech narsa o‘zgargani yo‘q. Har qanday jamoa o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib harakat qilishi lozim. «Liverpul»ning agressiv va hujumkor futboli yoqadimi? Unda jismonan super formadagi atlet yigitlarni jamoaga jalb etish lozim.

Gvardiolaning tiki-takasiga ishqibozmisiz? Unda texnikasi super bo‘lgan futbolchilarni tarkibga chorlang. Ana shunda natija bo‘lishi mumkin. Taktika va strategiya qo‘l ostidagi futbolchilardan kelib chiqib tuzilishi lozim. Futbolchilarni taktikaga moslash esa, har doim ham natija ko‘rsatavermaydi. Mayli, bugun Gana sparring raqib vazifasini munosib o‘tab berdi. Buning uchun ularga rahmat. Natija ham hammani xursand qildi, biroq muhimi bu emas. Asosiysi, Gana bizga tutgan oynadagi aksimizga qanday baho berishda! Oynadagi suratdan Vadim Abramov o‘zi uchun kerakli xulosani chiqaradi degan umiddamiz.

Yakunlanmagan xulosa
O‘rtoqlik o‘yini sababli hech kimni ayblashning imkoni yo‘q. Bu o‘z nomi bilan o‘rtoqlik bahsi. Unda hech qachon natija muhim bo‘lmagan. Muhimi o‘yindan qanday foydalanish. Bugungi o‘yin Abramov uchun hamma aspektlarni ko‘rib olish uchun imkoniyat yaratib berdi. Oldinda, termamizni Iroq kutib turibdi. Natija o‘z yo‘liga, ahir bu o‘rtoqlik o‘yiniku! Asosiysi, bu sparring raqiblar bizning ojiz nuqtalarga bergan zarbasini eslab qolish. Ana shunda, hal qiluvchi «Jang»larda bemalol ojiz nuqtalarni berkitish mumkin bo‘ladi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gana Terma jamoamizga oyna tutdi! Siz ko‘zguda nimani ko‘rdingiz?!