22:14 / 29.03.2021
2 717

Srechko Katanes Masharipovga o‘yin bermaslik, vaqtni cho‘zish va boshqa mavzular haqida gapirdi

Srechko Katanes Masharipovga o‘yin bermaslik, vaqtni cho‘zish va boshqa mavzular haqida gapirdi
O‘zbekiston hamda Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng (0:1) mehmonlar bosh murabbiyi Srechko Katanes o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Birinchi navbatda aytishim mumkinki, bugun biz maydonda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik va g‘alaba qozondik. Himoyada ham tartibli harakat qildik. Goldan tashqari ham yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Shuning o‘zi ham uchrashuvda haqli ravishda g‘alaba qozonganimizni bildirib turibdi. Shuning uchun yigitlarimizni g‘alaba bilan tabriklayman", - deya so‘z boshladi Katanes.

- Iroq terma jamoasi mashg‘ulotlarida uchburchak shaklda o‘ynash uslubini ko‘rdik. Bugun ham shu uslubni ko‘rdik. Bu murabbiyning shaxsiy rejasimi?
- Men O‘zbekiston terma jamoasini juda hurmat qilaman. Ularni o‘rganib chiqqanimizda shuni bildikki, O‘zbekiston terma jamoasi himoyasida muammolar bor. Lekin yarim himoya va hujum kuchli edi. Ayniqsa, 10 raqamli futbolchini (Jaloliddin Masharipovni) alohida e’tirof etib o‘taman. Unga nisbatan zich o‘ynashga harakat qildik. Zonada harakatlanishga imkon bermaslikka harakat qildik. Futbolchilar o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifani yaxshi bajarishdi. Shu sababdan, biz ushbu o‘yinda g‘alaba qozondik. Agar uning erkin o‘ynashiga qo‘yib berganimizda, u birgina pasi bilan jamoadoshlarini yaxshi vaziyatga olib chiqib qo‘ya olardi.

- Yevropadan murabbiy kelsa ham arab futbolchilari vaqtni cho‘zishmoqda. Bu Yevropa mutaxassislari o‘zgartira olmayotgan jihatmi yoki o‘zingiz ham shunga yo‘l qo‘yib beryapsizmi?
- Siz haqsiz. Bu menga ham yoqmaydi, ishoning. Buni Iroq chempionatida ham ko‘ramiz. Bilmadim, bu qayerdan arab futboliga kirib kelgan. Balki havo issiqligidan yotib olishsa kerak (kuladi). Lekin men xech qachon futbolchilarimga vaqt cho‘zish, yotib olish, hakamlar bilan bahslashish va shunga o‘xshash ko‘rsatmalarni bermayman. Yiqildingmi, o‘rningdan tur va o‘yinni davom ettir. Bilmadim, buni qanday qilib o‘zgartirish mumkin. Balki bu u yerdagi futbol madaniyati bilan bog‘liqdir. Bu arab futbolida bor narsa.

- O‘yindan oldin O‘zbekiston terma jamoasi himoyasi haqida qanday fikrda edingiz, o‘yindan keyinchi?
- Raqib o‘yinchilari yoki himoyasi haqida fikr bildirsam noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu terma jamoa murabbiyining o‘zini ishi. Men faqatgina o‘z futbolchilarim haqida gapirishim mumkin. Ular haqida gapiradigan bo‘lsam, yigitlarimiz tezkor harakat qilishdi va O‘zbekiston terma jamoasiga muammolar tug‘dirishdi. O‘ylaymanki, futbolchilar bundan keyin ham o‘sishda davom etishadi va kelajakda o‘z so‘zlarini aytishadi deb o‘ylayman.

Saralash o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasiga omad tilab qolaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes Masharipovga o‘yin bermaslik, vaqtni cho‘zish va boshqa mavzular haqida gapirdi