22:31 / 04.04.2021
3 458

Bozorovning bozori chaqqon, Berdiyevda yana yangi "topilmalar" bor!

Bozorovning bozori chaqqon, Berdiyevda yana yangi "topilmalar" bor!
Kecha “Nasaf” jamoasi “Turon”ni tor-mor keltirib, joriy chempionatdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. “Ajdarlar” bungacha kimlar bilan o‘ynaganini eslang. Avvaliga O‘zbekiston Superkubogida “Paxtakor”ga yutqazdi. Superliganing dastlabki turida yana “Paxtakor” bilan o‘ynadi. Dramatik tarzda kechgan bahsda “Nasaf” 2:0 hisobidagi g‘alabasini yakunda 2:3 ga aylantirib qo‘ydi. Keyin AGMK va “Navbahor” bilan murosa ko‘chasini tanladi.

Ha, “Nasaf”ning raqiblari ancha jiddiy edi. Uchta turda bir mag‘lubiyat va ikki durang qayd etgan qarshiliklarni to‘rtinchi turda “Turon” bilan uchrashuv kutib turgandi. Uchrashuv menda shunday taassurot qoldirdiki, “Nasaf” oldingi o‘yinlardan to‘planib qolgan bor alamini “Turon” bilan bellashuvda chiqarib yuborgandek tuyuldi. Superliga debyutanti qarshilik ko‘rsatishga urindi, faqat birinchi golga qadar. Shundan so‘ng, “Nasaf” “Turon”ni “sochib” yubordi. Bunday o‘yindan keyin “Nasaf” baribir “Nasaf”ligicha qolaveradi, degan fikrlar xayollarimizda bong urmoqda. Vaholanki, o‘tgan yili syurpriz ko‘rsatib, ikkinchi o‘rinni olgan Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi yangi mavsum uchun qishki yig‘inda qanday muammolarga duch kelganini barcha biladi.

Murabbiy yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmadi, tarkibdagi yetakchilar ketib qolishdi. Ularning o‘rni yangi o‘yinchilar bilan to‘ldirilmadi. Faqat Marko Stanoyevich katta qiyinchiliklar bilan ortga qaytarildi. Berdiyev yana odatdagidek tarbiyalanuvchilariga e’tibor qaratishga majbur. Uning salohiyati haqida gapirish endi ortiqcha, axir Ro‘ziqul Sa’dullayevich allaqachon qanday murabbiyligini isbotlab bo‘lgan. Faqat shunga yarasha unga yetarlicha dalda bo‘lmadilar.

Hattoki, yaqingacha ham uning klub bosh menejeri Sergey Kucherenko bilan munosabati u qadar yaxshi emasligi haqida eshitib keldik. Ammo bular qanchalik rostligi bizga qorong‘u. Biroq shuni aytishimiz mumkinki, klubdagi mavjud vaziyat yuzasidan janob Kucherenko bilan suhbatlashish istagimiz borligini o‘ziga yanvar oyidan beri bildirib kelamiz. Negadir shundan beri tutqich bermay kelyapti. Mayli, nima bo‘lganda ham Berdiyev qiyin vaziyatda jamoani tashlab ketmadi va o‘zi uchun to‘g‘ri deb bilgan yo‘nalish bo‘yicha ishini davom ettiryapti. Lekin ishoning, uning o‘rnida boshqasi bo‘lganida allaqachon klubni tashlab ketgan bo‘lardi. Qaytanga, murabbiy yangidan-yangi yoshlarni yetishtirishni davom ettiryapti. Shunchaki, har qanday murabbiy ham qilayotgan mehnatiga yarasha munosib qo‘llab-quvvatlov, e’tibor bo‘lmasa achinadi-da! Balki endi klubda sharoitlar yaxshilanib, e’tibor ortgandir, har xolda shunga umid qilamiz.

Endi Oybek Bozorov haqida. Uning qanchalik potensiali yuqoriligini bungacha ham ko‘rsatib bo‘lgan. U faqat o‘sishda davom etyapti. Shuning uchun Oybekning o‘yinlari yangilik emas, balki rivojlanishga harakat qilyapti, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Voqealar rivoji shuni ko‘rsatyaptiki, “Nasaf”da yana bir kelajagi porloq iste’dod egasi hammaning e’tiborini tortmoqda. Bugungi kunga kelib Bozorovning bozori chaqqon, desak ayni haqiqat. Uning o‘yinlarini xorijlik skautlar kuzatib borishyapti.

Yaqinda Chexiyaning “Slaviya” klubi unga qiziqib qolganligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Oybekni o‘z safida ko‘rishni istayotgan yana bir talay xorij jamoalari bor. Bu borada “Nasaf” klubiga rasmiy taklif bilan chiqayotganlari bo‘lsa ham ajablanmaymiz. Hozircha futbolchining klub bilan shartnomasi bor. Ro‘ziqul Berdiyev aytganidek, Bozorov jamoaga kerak. Lekin keyinchalik katta ehtimol bilan faoliyatini legioner sifatida xorijda davom ettirishini taxmin qilish mumkin. Oybekka allaqachon Osiyo klublaridan chorlovlar bor, ammo futbolchining tanloviga ham ko‘p narsa bog‘liq.

“Nasaf”ni tark etgan yetakchilarning bugungi faoliyati qanday kechyapti, degan savol ham bor. Sharof Muhitdinov “Paxtakor”da o‘ynab turibdi. Bobur Abduxoliqov Ukrainaning “Rux “ safiga qo‘shilgan, ammo hali asosiy tarkibga kira olgani yo‘q. Yoshlar jamoasida o‘ynab, gol urib turibdi. Islom Kenjaboyev esa Janubiy Koreyaga ketdiyu, biroq hali maydonda ko‘rinish bergani yo‘q. Endi xorijga ketish navbati Oybek Bozorovga kelganga o‘xshaydi. Faqat yetti o‘lchab bir kesishi kerak. Shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilmasligi ham muhim. Uning chetga ketishi qachon amalga oshishini hozircha bilmaymiz. Balki bu mavsum uning uchun “Nasaf”da oxirgisi bo‘lishi mumkin.

Yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda Bozorov borasida muhim yangiliklar paydo bo‘lishi ham ehtimol. Hammasi uning uchun “Nasaf”ga qanday taklif tushishiga bog‘liq. Tabiiyki, futbolchi masalasida klub ham qulay taklif bo‘lsa, ko‘rib chiqishi mumkin. Ro‘ziqul Berdiyevda esa yana yangi “topilmalar” bor, ishonavering. Ushbu mavsumda odatdagidek murabbiy “Nasaf”da iqtidorlarni kashf qiladi. U yerda tizim mana shunday, har yili yangidan-yangi iste’dodlar ulg‘ayib boraveradi. Jamoaning o‘yini va tarkibiga qarang, oddiy o‘zimizni qora ko‘zlar, hali nomi chiqmagan yoshlar. Berdiyev esa ana shunday yoshlardan qanday jamoa qurayotganini ko‘rsatib beryapti. Hozirgi sharoitda shunchalik, agar tarkibda yanada mahoratli o‘yinchilar jamlanganida bemalol chempionlikka...Mayli, xayollarga berilmaylikda, hozirgi real vaziyatga tik boqaylik.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bozorovning bozori chaqqon, Berdiyevda yana yangi "topilmalar" bor!