14:57 / 05.04.2021
2 902

"Ko‘p gol ursam, Abramov termaga chaqiradi!"

"Ko‘p gol ursam, Abramov termaga chaqiradi!"
Belarus chempionatining uchinchi turi yakunlandi. Bu pallaga kelib, faqatgina amaldagi chempion – “Shaxtyor” jamoasi ochko yo‘qotgani yo‘q. Bu biz uchun yoqimli albatta, chunki soligorskliklar tarkibida Shahzod Ubaydullayev to‘p tepmoqda. Garchi jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, hamyurtimiz “otni tezroq qamchilashi” kerak. Sababi, yosh hujumchi asta-sekin zaxiraga o‘tirib qolmoqda.

Mavsumoldi yig‘inlarida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida jamoa to‘purariga aylangan Ubaydullayev chempionat boshlanganidan keyin yetarli o‘yin amaliyotga ega bo‘lmayapti. Shahzod uchta o‘yindan faqat bittasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va 56-daqiqada zaxiraga olindi, qolgan ikkita bahsda bir necha daqiqa to‘p tepdi xolos. Oston O‘runovning “Spartak”dagi ahvoli takrorlanayotgandek, go‘yo.

“Shaxtyor”ning yangilangan hujum chizig‘ida o‘tgan yilgi to‘purar Jasur Yaxshiboyevning o‘rnini aynan Ubaydullayev bosishini kutgan edik. Nafaqat biz, balki klub rahbariyati ham. Legionerimizga Jasurning 7-raqami berilganida ham o‘ziga xos majoziy ma’no bor, albatta.

Lekin soligorskliklarning yangi hujumchilari orasida gambiyalik Dembo Darbo o‘zini ko‘rsatmoqda. Bu futbolchi uchta uchrashuvdan ikkitasida raqib darvozasiga yo‘l topa oldi va o‘z hisobiga jami uchta gol yozib qo‘ydi.

E’tiborli tomoni shundaki, Darbo va u kabi uchta gol urgan “Gomel” yarim himoyachisi Andrey Solovey to‘purarlar poygasida yana bir legionerimiz Shahboz Umarovning asosiy raqobatchilari hisoblanadi. Belarus chempionatida to‘p tepish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan Andrey Solovey shu paytgacha biror mavsumda uchta gol urmagan edi. Bu yil to‘purarlik mahorati kashf qilindi, shekilli.

O‘tgan yildan beri Belarus oliy ligasida faoliyat ko‘rsatayotgan Shahboz Umarov avvalgi jamoasi “Energetik-BGU”dan har tomonlama kuchli bo‘lgan BATEga o‘tganidan keyin statistik ko‘rsatkichlari ham ko‘tarila boshladi. Avvalgi mavsumda minsklik “talabalar” safida o‘ttizda o‘yinda to‘rtta gol va uchta golli pas muallifi bo‘lgan hamyurtimiz bu gal chempionat to‘purari va eng foydali o‘yinchisi bo‘lishni maqsad qilganini bildirgan edi. O‘tgan yili Shahbozning do‘sti Jasur Yaxshiboyev musobaqaning eng foydali o‘yinchisi bo‘lish barobarida to‘purarlar bahsida ikkinchi o‘rinni egallagan edi. Demak, kamida bu natijani takrorlash Umarovning ham qo‘lidan keladi.

Shahboz Umarov yangi mavsumda BATEning birinchi golini urdi. Bu dastlabki turdagi eng chiroyli gol, deb topildi. Bu legionerimiz ham hali birorta bellashuvda to‘liq qatnashgani yo‘q. Ikki marta zaxiraga olindi va oxirgi to‘qnashuvda ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, o‘yin qahramoniga aylandi.

Shahboz “Gomel” bilan bo‘lgan bahsda bir daqiqada ikkita supergol urdi. U chiroyli gol urish ustasiga aylanib bormoqda. Uchta golning har biri o‘ziga xos mukammal. Intervyuda Shahboz chiroyli gol urishga qiziqishini ham alohida tilga oldi. Belaruslik jurnalistlar ham uning ajoyib zarba berish mahoratiga qiziqish bildirib, bu haqida so‘radi.

- Bolaligimdan zarbamni sayqallashga alohida e’tibor berardim. Mashg‘ulotlardan keyin maydonda qolib, jarima nuqtalaridan zarba berishni ko‘p mashq qilganman. 16 yoshimdan o‘zim o‘ynagan jamoalarda barcha standartlarni ijro qilardim. Shunday qilib, mukammal zarba berishni o‘zlashtirganman, - deydi Shahboz Umarov.

Bundan tashqari, iste’dodli futbolchimiz orzusi O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surish ekanini aytdi. U uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsatib, ko‘p gol ursa, vaqti kelib terma jamoadan taklif olishiga ishonadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Ko‘p gol ursam, Abramov termaga chaqiradi!"