Kamyob kasallik tufayli 16 yoshli qiz buvisiga o‘xshab qoldi

Kamyob kasallik tufayli 16 yoshli qiz buvisiga o‘xshab qoldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Filippinlik 16 yoshli Raizel Calago progeriya kasalligi gumoni sababli tez fursatda qarib, tashqi ko‘rinishi o‘zgarib ketdi.
  • Ilgari go‘zallik tanlovlarida qatnashgan qizning tanasida toshmalar paydo bo‘lganidan so‘ng terisida ajinlar yuzaga keldi va o‘sish jarayoni sekinlashdi.
  • Endokrinolog doktor James Young tomonidan qo‘yilgan dastlabki tashxisga ko‘ra, bu kasallikning jismoniy o‘zgarishlarini ortga qaytarish imkoni yo‘q.

Filippinlik 16 yoshli Raizel Calago kam uchraydigan kasallik sababli tashqi ko‘rinishi jihatidan o‘z yoshidan ancha katta insonga o‘xshab qoldi. Unda teri qarishi va o‘sishning sekinlashishi bilan namoyon bo‘ladigan progeriya kasalligi gumon qilinmoqda. Qiz hali o‘smir bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik uni yoshi katta ayol, hatto buvisi deb o‘ylaydi.

Ma’lum qilinishicha, atigi ikki yil ichida Raizel hayotida katta o‘zgarishlar yuz bergan. Ilgari u go‘zallik tanlovlarida ishtirok etadigan, tashqi ko‘rinishi bilan e’tiborni tortadigan yosh qiz bo‘lgan. Biroq tanasida toshmalar paydo bo‘lganidan bir necha kun o‘tib, terisida ajinlar ko‘rina boshlagan.

Qizning tanasida qizargan, qichishadigan va og‘riq beradigan dog‘lar paydo bo‘lgan. Shifokor ko‘rigidan o‘tganida, dastlab bu holat hasharot chaqishi bilan bog‘liq ekani aytilgan. Unga dori-darmonlar berilgan, ammo davolash kutilgan natijani bermagan. Ko‘p o‘tmay, Raizel o‘z tashqi ko‘rishidagi boshqa o‘zgarishlarni ham seza boshlagan. Hozir esa uning atigi 16 yoshda ekanini ko‘rinishidan bilish qiyin.

Qizning onasi, 36 yoshli Joela, qizining ahvoli va odamlarning munosabatidan qayg‘uradi.

«Odamlar qizim mendan ham kattaroq ko‘rinishini aytishganda, bu menga og‘ir botadi. Ba’zan uning qarib qolgan davrini tasavvur qilaman va u kelajakda qanday go‘zal bo‘lishi mumkinligini o‘ylayman», — deydi u.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, Raizel chaqaloqligidanoq go‘zal bo‘lgan. Ammo kasallik sabab yuzi va tashqi ko‘rinishi o‘zgarib, avvalgi qiyofasidan ancha farq qila boshlagan.

Tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlardan keyin qiz do‘stlari bilan avvalgidek vaqt o‘tkazishdan uyaladigan bo‘lgan. U, shuningdek, yuzining katta qismini niqob bilan berkitmasdan ko‘chaga chiqishdan qochadi. Raizel bir necha yil oldingi hayotiga qaytishni, do‘stlari bilan yana bemalol uchrashishni istaydi.

«Odamlar mendan nima uchun tashqi ko‘rinishim qarib qolganini so‘rashadi. Men ularga javob bermayman, chunki o‘zim ham nima bo‘lganini bilmayman. Har doim sog‘ayib ketishimni, terim va avvalgi ko‘rinishim qaytib kelishini so‘rab duo qilaman. Shunda do‘stlarim bilan yana birga vaqt o‘tkaza olardim. Hozir esa tashqi ko‘rinishimdan uyalaman», — dedi Raizel GMA Network telekanaliga bergan intervyusida.

Yaqinda Raizel Calago mashhur «Kapuso Mo, Jessica Soho» teledasturida ham ishtirok etdi. Dastur ijodkorlari uni endokrinolog, doktor James Young qabuliga olib borishdi. Mutaxassisning dastlabki tashxisi progeriya bo‘lgan.

Progeriya juda kam uchraydigan kasallik bo‘lib, terida ajinlar paydo bo‘lishi, uning erta qarishi va o‘sishning sekinlashishi bilan kechishi mumkin. Shuningdek, ushbu holat yurak xuruji, yurak yetishmovchiligi va insult kabi yurak-qon tomir muammolari xavfini oshiradi.

Afsuski, progeriya tufayli yuzaga kelgan jismoniy o‘zgarishlarni ortga qaytarish imkoni yo‘q. Shu sababli shifokorlar asosan yurak-qon tomir asoratlarining oldini olishga, shuningdek, kasallik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan osteoporoz va bo‘g‘im muammolarini davolashga e’tibor qaratishadi.

Raizelning oilasi zarur tibbiy muolajalar xarajatlarini qoplash uchun yetarli mablag‘ga ega emas. Shu bois uning yaqinlari qizga yordam berishni istagan saxovatli insonlarga murojaat qilib, davolanish xarajatlari uchun xayriya qilishga chaqirishgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar