16:33 / 19.05.2021
2 916

Ro‘ziqul Berdiyev: "Hech kim durang haqida o‘ylayotgani yo‘q, faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz"


Foto: championat.asia
OFK kubogi 3-turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Oltin Asr" uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va futbolchi Oybek Bozorov qatnashdi.
"Ertaga biz uchun ham, raqib uchun ham muhim va hal qiluvchi bahs. "Oltin Asr" jiddiy va tajribali jamoa, qiyin o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayapmiz. Hal qiluvchi bahsga barchamiz tayyormiz. Muxlislarimizni xursand qiladigan natija qayd etishga harakat qilamiz", - deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

"Ertangi bahsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Menimcha kichik final bo‘ladi deb o‘ylayman. Bor kuchimiz bilan o‘ynaymiz va tayyorgarlikni o‘yinda ko‘rsatmoqchimiz", - deydi Oybek Bozorov.

- Ertaga "Nasaf"ni durang ham qoniqtiradi. Bunday pallada durang uchun maydonga tushish xavfli, futbolchilarni qanday ruhlantirdingiz?
- Yigitlar bilan gaplashib oldik. Hech kim durang haqida o‘ylayotgani yo‘q, faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. "Oltin Asr" jamoasini yaxshi o‘rganib chiqdik va tarkibida Turkmaniston terma jamoasining ko‘plab o‘yinchilari borligini ko‘rdik, tajribali jamoa. Shu bois bo‘shashmaymiz va g‘alabani ko‘zlab o‘ynaymiz.

- "Oltin Asr" safida baquvvat va bo‘ydor futbolchilar ko‘p. "Nasaf"da esa asosan yosh va kichik futbolchilar o‘ynaydi. Bu yakkakurashlarda pand berib qo‘ymaydimi?
- Haqiqatdan ham bo‘lajak raqibimiz yakkakurashlarda ancha yaxshi o‘ynaydi. Lekin futbolda bu muhim ahamiyat kasb etmaydi, ertaga raqibdan tezroq va chaqqonroq bo‘lishimiz kerak. "Oltin Asr"ning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganib chiqdik. O‘ylaymanki ertaga yigitlarimiz vazifani uddalashadi.

- "Xo‘jand" bilan o‘yinning birinchi taymida 3:0 hisobi qayd etildi. Ikkinchi taymda esa gol bo‘lmadi...
- "Xo‘jand" bilan o‘yinga jiddiy tayyorlandik va birinchi taymda bor kuchimiz bilan o‘ynadik. Tanaffus vaqtida yigitlarga keyingi o‘yinga ham kuchingizni asrang dedim. Lekin hali oldinda 45 daqiqa borligini va bo‘shashmaslikni so‘radim. Istalgan jamoa 3:0 hisobidan keyin biroz ehtiyotkor o‘ynaydi. To‘g‘ri ikkinchi taymda hujumda bor kuchimiz bilan o‘ynamadik va keyingi bahs haqida o‘ylay boshladik. O‘zgarishlar qildik va yoshlarni maydonga tushirdik.

- Dastlabki ikki turda "Oloy" va "Xo‘jand" bilan o‘ynadinglar. Qaysi o‘yin jamoangiz uchun oson o‘tdi?
- "Oloy" bilan bahsning ikkinchi taymi. Sababi birinchi taymning o‘zida ko‘p vaziyatlar yaratdik va ikkinchi taymda 4ta gol urdik. "Xo‘jand" esa o‘z maydonida o‘ynadi va "Oloy"dan biroz kuchli ekanligi ko‘rinib turdi.

- Bu tarkib bilan "Nasaf" OFK kubogi finaliga yetib bora oladimi?
- Xudo xohlasa guruhdan chiqsak tarkibimizni biroz kuchaytirishimiz kerak. Milliy chempionatimiz va kubokda ham yuqori maqsadlarni qo‘yganmiz. OFK kubogida ham uzoqqa borishni xohlaymiz. Buning uchun yozda tarkibimizni kuchaytirishimiz kerak. Bu borada rahbariyat bilan gaplashib olganmiz.

- "Oltin Asr"ning kuchli tomonlarini sanab bera olasizmi?
- Kuchli tomoni raqibning tajribali futbolchilari ko‘pligi. Tarkibda Turkmaniston milliy terma jamoasi a’zolari bor.

- Raqib safida baquvvat va bo‘ydor futbolchilar ko‘pligini aytdik. Lekin tezligi biroz pastroq. Siz esa chaqqon va ko‘p fint ko‘rsatasiz. Bunday raqiblarga qarshi o‘ynash qanchalik qiyin?
Oybek Bozorov: - Bilmadim, ertaga o‘yinda ko‘ramiz. Aytganingizdek bo‘ydor futbolchilarning tezligi biroz pastroq bo‘ladi, o‘yinda barchasini ko‘ramiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Hech kim durang haqida o‘ylayotgani yo‘q, faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz"