15:15 / 26.05.2021
3 876

Shomurodov omadsiz hujumchidan yulduzga aylandi!


Eldorning iste’dodi, salohiyati va mahoratiga hech qanday e’tirof bo‘lishi mumkin emas. U futbolchi sifatida bu fazilatlarini mehnatkashligi bilan yanadan kuchaytira olgan charm to‘p ustasi hisoblanadi.

Biroq, hamyurtimizning keyingi ikki yildagi faoliyatiga nazar tashlasak, o‘zi uchun o‘ta murakkab va omadsiz bosqichni boshdan o‘tkazganiga guvoh bo‘lamiz.

Shomurodov 2019-2020 yilgi mavsumni “Rostov” tarkibida zo‘r boshladi, gollarni qalashtirib tashladi. Biroq, 2020 yil boshida koronavirus karantini e’lon qilingach, Eldor formasini yo‘qotib qo‘ydi. O‘sha mavsumning ikkinsi yarmida karantindan chiqqandan keyin hamyurtimiz Rossiya premer-ligasida umuman gol urolmay qoldi.

Garchi Yevropa ligasida “Makkabi” darvozasini bir marta ishg‘ol qilgan bo‘lsa-da, milliy chempionatlar miqyosidagi golsiz seriya “Jenoa”ga ko‘chib o‘tganida ham davom etdi.

Muxlisu mutaxassislar orasida genuyaliklar Eldorni olib katta xatoga yo‘l qo‘yganini ta’kidlaydiganlar ko‘payib qoldi. Hatto, italiyalik mashhur agent Marko Trabukki “Jenoa”ning Shomurodovni transfer qilishi katta xato egkani, bundan faqat “Rostov” yutgani, genuyaliklarning o‘yin uslubi Eldorga umuman mos kelmasligi, u hujumkor futbol ko‘rsatadigan sheriklar va qulay vaziyatga olib chiqadigan pleymeykerga muhtojligini aytdi. Shuningdek, Trabukki Shomurodov Italiya futboliga moslasha olmay, tez orada yarim narxiga Rossiyaga ketishini ham alohida ta’kidladi.

Shomurodov Genuya klubiga qo‘shilgan vaqtda “Jenoa” A Seriyada 12 ta uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyaga o‘ralashib qolgan va xavfli hududdagi jamoa edi. “Jenoa” gollar soni bo‘yicha faqatgina o‘ziga o‘xshagan autsayder “Parma”dan oldinda edi xolos.
O‘zbek hujumchisi yangi chempionatga moslashgunicha biroz qiynaldi. Bir necha marta jarohat tufayli o‘yinlarni o‘tkazib yubordi.
Eldor Italiyadagi birinchi golini noyabr oyida “Parma”ga urdi va “Sampdoriya”ga qarshi kubok o‘yinida golli pas oshirdi.

Qishda hamyurtimiz “Sassuolo” va “Verona” darvozasini ishg‘ol qilganidan keyin yana quruq seriya domiga tushib qoldi. To‘qqizta uchrashuvda raqiblar darvozasiga yo‘l topolmay, tanqidlarga nishon bo‘ldi.

Chempionatning oxiriga kelib, Eldor haqiqiy kuchini ko‘rsata oldi. “Spetsiya”, “Latsio”, “Kalyari” darvozasiga bittadan gol urdi, “Atalanta” bilan o‘yinda dublga erishdi. Oxirgi oltita uchrashuvdagi statistika bo‘yicha gol urishda Krishtianu Ronaldu, Romelu Lukaku kabi yulduzlarni ortda qoldirdi.

Shomurodov debyut mavsumida sakkizta gol urib, ikkita golli pas uzatdi. Hamyurtimizning o‘yini va gollari “Jenoa”ning autsayderlar qatorini tark etib, musobaqa jadvalida 11-o‘ringa ko‘tarilishiga xizmat qildi. Genuyaliklar gollari soni bo‘yicha ko‘rsatkichlarini ancha yaxshilab oldi.

Shomurodov kuchli beshlik chempionatlarida o‘ziga xos murakkablikka ega bo‘lgan A Seriyada dastlabki mavsum uchun o‘z oldiga qo‘ygan vazifani uddaladi. Mutaxassislar Shomurodovning yutug‘ini quyidagicha baholamoqda:
- Yangi chempionatga moslasha oldi;
- “Jenoa”ning asosiy hujumchilaridan biriga aylandi;
- Sakkizta gol va ikkita assist mualifi bo‘ldi;
- O‘zi qatnashgan uchrashuvlarda o‘rtacha 54 daqiqa o‘ynadi;
- 19 ta xavfli vaziyat yaratdi va bu “Jenoa”da eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘ldi;
- Golga tortadigan pas berishda Milan Badeldan keyin ikkinchi natijani qayd etdi;
- Yuqoridagi 53 ta kurashda g‘olib chiqdi va bu borada o‘z jamoasida kuchli to‘rtlikka kirdi;
- Pressingda faol ishladi.

Eldor Shomurodovning “Jenoa”dagi xizmatlarini yuqori baholagan klub sport direktori Franchesko Marokku keyingi mavsumda o‘zbek hujumchisiga yanada ko‘proq imkon berilishi va uning o‘yini yanada ochilishini ta’kidladi.

Demak, oddiy omadsiz hujumchidan genuyaliklarning sevimli yulduziga aylanayotgan Eldor Shomurodovni yanada qizg‘in mavsum kutib turibdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov omadsiz hujumchidan yulduzga aylandi!