2 999
"Yana 5:0 ko‘ramizmi? Yamanni 1:0 ga yutsa ham mayli, qolgan 4 ta golni Saudiyaga olib qo‘yishsin"
Milliy terma jamoamizning Singapur darvozasiga javobsiz beshta gol urgani evaziga yigitlarimizning kayfiyati chog‘. Mana shunday kayfiyat doim oxirigacha saqlanib qolishini istaymiz. Ammo oldimizda yana ikkita o‘yin bor. Avval Yaman, keyin Saudiya Arabistoni...
Asosiy raqibimiz aynan saudiyaliklar ekanini barcha bilib turibdi. Ko‘pchilik milliy terma jamoamizning o‘yinlari va guruhdagi holatni qizg‘in muhokama qilmoqdalar. Bu borada mutaxassislarning fikrlari o‘quvchilar uchun qiziq.
Milliy terma jamoamizning yaqin o‘tmishdagi sobiq futbolchilaridan biri, hozirda “Metallurg” klubi rahbariyatida faoliyat ko‘rsatayotgan Abduqahhor Ma’rufaliyev ham bosh jamoamizning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib kelyapti. U sports.uz muxbiriga Singapur bilan bo‘lib o‘tgan o‘yin, Yaman va Saudiyaga qarshi bo‘lajak bellashuvlar va terma jamoamiz tarixidagi eng kuchli tarkib haqida gapirdi.
- Singapurga qarshi o‘yin orqali terma jamoamiz yaxshi taassurot qoldirdi, - deb so‘zini boshladi, Ma’rufaliyev. - To‘g‘risini aytaman, hali eng muhimi oldinda. Ha, navbatdagi turda Yaman bilan o‘ynaymiz. Ammo undan ham muhimi Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin. Futbolchilarimizning tayyorgarligi va kayfiyati yaxshi. Ular mana shunday jangovor holatda bo‘lishsa, ikkala uchrashuvda ham g‘alabani o‘z tomonimizga og‘dira oladilar va keyingi bosqichga chiqadi. Yana qaytaraman: eng asosiy bahs – saudiyaliklarga qarshi o‘yin hisoblanadi.
Bugun o‘qidim, Saudiya Arabistoni terma jamoasi ham hozirda yaxshi formada ekan. Albatta, futbolchilarimizga omad tilaymiz. Ularni muhim o‘yinlarga har tomonlama jiddiy tayyorlashlari kerak. Yigitlarimizning ortidan butun O‘zbekiston ularga muxlislik qilayotganini his qilishlari lozim. Istardimki, futbolchilarimiz maydonga xuddi oxirgi o‘yinga chiqqandek kurashishlari kerak. Tarkibimizga qarasak, barchasi yaxshi o‘yinchilar. Pozitsiyalar bo‘yicha ham O‘zbekiston bo‘yicha eng kuchli futbolchilar chaqirilgan. O‘zini ko‘rsatayotgan legionerlarimiz ham shu yerda. Keyingi bosqichga chiqish vazifasini uddalay olamiz. Baribir o‘ta jiddiy tayyorlanish talab qilinadi.
Bugun do‘stlarimiz bilan birga guruhdagi vaziyatni ko‘rib chiqdik. Rosti, ko‘plab jamoalarda imkoniyat bor ekan. Ikkala o‘yinni yutsak birinchi o‘rin bilan uchinchi bosqichga chiqamiz. Ikkinchi o‘rinni egallaganlar orasida esa qandaydir hisob-kitob qilinar ekan. Nima bo‘lganda ham biz birinchi o‘rinni olishimiz darkor.
Raqib kuchsiz edi yoki boshqa edi, degan gap-so‘zlar o‘rinsiz. Singapurga qarshi jamoamiz yaxshi o‘ynadi va yirik g‘alaba orqali muxlislarni xursand qildi. Bundan futbolchilarning kayfiyati ham ko‘tarildi. Qaysi jamoaga qarshi o‘yin bo‘lmasin g‘alaba o‘z nomi bilan g‘alaba. Hattoki, mashg‘ulotlarda oddiy holatda ikkiga bo‘linib o‘ynalgandagi g‘alaba ham kayfiyatni ko‘taradi. Qaytanga, Singapurni mag‘lubiyatga uchratganimiz yigitlarimizga qo‘shimcha kuch bo‘ladi. Singapur ham o‘ziga yarasha jamoa.
To‘g‘risini aytsam, hozir futbol o‘ynashni bilmaydigan jamoaning o‘zi qolmadi. Hindiston, Tojikiston, Qirg‘iziston yoki boshqalar ham keyingi bosqichga chiqishga kurashishyapti. Oldinlari bunday raqiblarni yirik hisoblarda yutish mumkin edi. Aytmoqchimanki, endi hamma jamoa o‘syapti. Agar 1:0 ga yutganimizda Singapur ham zo‘r jamoa, ancha kuchayibdi deyishardi. 5:0 hisobida yutganimiz uchun raqib unchalik ko‘zga ko‘rinmayapti. Mabodo, Saudiya Arabistoniga beshta gol ursangiz, darhol raqib kuchsizlanibdi deyishlari mumkin. Lekin futbolda omad degan tushuncha ham bor. Muhimi, oldimizda turgan ikkala o‘yinni ham yutaylik. 1:0 bo‘lsa ham, 5:0 bo‘lsa ham faqat uch ochkodan beriladi. Futbolda mensimaslik degan tushunchalar bo‘lmasligi shart. Hammaga hurmat bilan qarash darkor. Mensimaslik esa ba’zi paytlarda pand berib qo‘yadi. Men uchun Singapur ham yaxshi raqib deb o‘ylayman. Hozir yomon raqibning o‘zi qolmagan. Kuchsiz jamoalar bu bosqichgacha yetib kelishmasdi. Kim qanday o‘ylaydi, bilmadim-u, ammo hozir aytganimdek, Singapur ham yaxshi jamoa.
Endi Yamanga qarshi o‘ynaymiz. Boshida Falastinga yutqazib keldik. O‘sha uchrashuvdan avval Falastin futbol o‘ynashni bilmaydi, degan gaplar bo‘lgandi. Biroq biz yutqazib keldik-ku. Albatta, Yamanga hurmat bilan qaragan holda raqibni yutish shart va shundan keyin Saudiya Arabistoni haqida o‘ylash lozim. Hali Yamanni yutmasdan turib qanday qilib saudiyaliklar haqida o‘ylash mumkin? Yaman ham maydonga g‘alaba ilinjida tushadi-ku!
Yamanga beshta gol uramizmi? Mayli, bu safar bitta gol bo‘lsa ham uraylikda, uch ochkoni olaylik. Qolgan to‘rtta golni esa Saudiya Arabistoni bilan o‘yinga olib qo‘yishsa ham mayli. Axir hali aytdim-ku, 1:0 ga, 5:0 ga uch ochko beriladi. Lekin Yaman ham bor kuchini tashlaydi, oddiy raqiblar qolmagan.
Terma jamoamiz tarixidagi eng kuchli tarkibmi? Albatta, Yaponiyadagisi! Undan keyin qachon Osiyo chempioni bo‘ldik, ayting-chi? O‘sha 1994 yilgi tarkibimiz har tomonlama kuchli bo‘lgan, shaxsan men uchun. O‘shanda yulduz o‘yinchilar yig‘ilgan. Hozir ko‘pchiligi murabbiy bo‘lib ishlashyapti, - dedi Ma’rufaliyev.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi