10:15 / 11.06.2021
2 445

Feysbukdagi gapi, totalizator va terma jamoamizdan qanday xavotirdaligi xususida Azamat Abduraimovdan munosabat


Yurtimizdagi taniqli futbol mutaxassislaridan biri – Azamat Abduraimov yana murabbiylik faoliyatiga qaytdi. Ya’ni u yaqinda pro-liga vakili – “Yangiyer” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Sports.uz muxbiri Azamat Birodarovich bilan bog‘lanib, yangi klubda ish boshlashi, totalizator va milliy terma jamoamiz haqida gaplashdi.

“Yangiyer” taklifi tasodifmi? U yerdagi reja va maqsadlar haqida
- Tasodifmi yoki tasodif emasmi, rahbariyat men bilan aloqaga chiqdi. Mahmud aka muzokaralar olib borish uchun taklif qildi. Eldor Sakayev iste’foga chiqqanidan keyin klubda bosh murabbiy vazifasi vakant holatda turgani uchun shunday taklif bilan chiqdilar. Muzokara boshlanish oldidan bevosita “Yangiyer”ni ko‘rishni ham tavsiya qilishdi. Tanish agentim Davron menga afrikalik bir qancha futbolchilarni ko‘rsatib o‘tdi.

Buni qarangki, o‘sha o‘yinchilar men kelgunga qadar aynan “Yangiyer”da o‘ynashni boshlashgandi. Jamoa tarkibida ulardan tashqari asosan 23-25 yoshlar atrofidagi futbolchilar jamlangan. O‘sha tanish agentim bilan “Yangiyer” ishtirokidagi bir qancha uchrashuvlarni bevosita stadionda kuzatganim uchun ham jamoani boshqarish bilan bog‘liq muzokara silliq kechdi, deyishim mumkin. Klubga yangi ustoz kerakligi haqidagi masala ko‘ndalang kelganidan keyin agent menga shu variantni o‘rganib chiqishimni aytdi.

Bunga qadar rahbariyat u bilan hozirda qaysi murabbiylar bo‘sh ekanligi haqida gaplashishga ulgurgandi. U suhbat chog‘ida men haqimda og‘iz ochganidan keyin klub mutasaddilari tomonidan muzokaralarni boshlash taklifi bildirildi. Bu voqea Nukus jamoasiga qarshi uchrashuvdan 3-4 kun oldin yuz berdi. Keyin “Sho‘rtan” bilan 0:0 hisobida yakunlangan bellashuvdan so‘ng klubga bosh murabbiy etib tayinlanishim yuzasidan bog‘liq masala ham deyarli hal bo‘ldi. Ular Sakayev bilan xayrlashishib, men bilan hamkorlik qilish yuzasidan kelishib oldilar.

Biz klub haqida chamasi ikki soatlar davomida gaplashdik. Rahbar menga “Yangiyer”ning xususiy klub hisoblanishini aytib o‘tdi. “Yangiyer”ning o‘z homiysi bor. Bu bir tomondan yaxshi, ikkinchi tomondan esa kutilmagan holat ham yuzaga kelish ehtimoli yo‘q emas. Hozircha Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan mahalliy klubga qiziqish bo‘lib turibdi. Men viloyat rahbari bilan ham uchrashdim. U menga klubni qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanligini aytdi. Albatta, murabbiyning ishi klub qayd etadigan natijaga qarab baholanadi.

Men buni to‘laqonli ravishda his qilgan holda “Yangiyer”ni boshqarishga kirishdim. Albatta, yigitlar bilan tezda til topishib ketish oson bo‘lmaydi. Qolaversa, ularning ko‘ngliga yo‘l topish kerak bo‘ladi. Agar natijalar ko‘ngildagidek chiqmas ekan, u holda rahbariyat, homiy va muxlislar klubga orqa o‘girib olishadi. Hozircha Mahmud aka klubni qo‘llab-quvvatlab turibdi. Birinchi ligadagi bilan pro-ligadagi sarf-xarajat o‘rtasida farq borligini oddiy ishqiboz ham biladi. Futbolchilarning maoshlari bilan bog‘liq holat ham bundan mustasno emas.

Mahmud aka bilan gaplashgan chog‘imda uning “Yangiyer” bilan bog‘liq rejalari menga ma’qul keldi. U kishi klubni bosqichma-bosqich rivojlantirib borish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Rahbar menga shunga hamohang ravishda jamoa oldiga bosqichma-bosqich vazifalar qo‘yib borilishini aytib o‘tishni unutmadi. Bunday vazifa kelgusi yildan qo‘yila boshlanadi. Albatta, asosiy vazifa Superliga yo‘llanmasiga ega chiqish bo‘lishi aniq. Lekin bugungi kunda “Yangiyer”ning bunday imkoniyatga ega emasligini hamma tushunib turibdi.

O‘z navbatida bunga moddiy-texnik imkoniyat ham javob bermaydi. Viloyat rahbariyati faqat kelgusi yildan bu masalaga ham alohida e’tibor qaratishini ma’lum qilgan. Viloyat hokimi Gulistonda shunday imkoniyatni yaratish bilan birga klub uy o‘yinlari o‘tkaziladigan stadion katta, keng qamrovli rekonstruksiya ishlarini olib borish rejalashtirilganligini alohida ta’kidlab o‘tgan. Gulistondagi stadionning sig‘imi 10 ming ishqibozdan oshiriladi. Shuning hisobiga klub Superliga bahslarini o‘tkazishga qo‘yiladigan talabga javob bera oladigan darajaga chiqadi.

Bilsangiz kerak, anchadan beri Superligada Sirdaryo viloyatida biror-bir klub ishtirok etmasdan kelyapti. Binobarin, hamma shunday kun yetib kelishini intiqlik bilan kutishga tushgan. Ammo, boya aytganimdek, hozirda “Yangiyer”ning Superliga uchun kurashishga ko‘p tomonlama imkoniyati yetmaydi. Bu aniq. “Buxoro”, “Dinamo”, “Neftchi” singari yetakchilar bilan bellashadigan darajada emasmiz. Ular bu mavsumda yuqori o‘rinlar uchun kurash olib borgan holda Superliga yo‘llanmalaridan biriga ega chiqish uchun kurashmoqdalar.

Biz avvalo tajriba to‘plashimiz, jangovar tarkibni tashkil etishimiz kerak. Faqat shundagina Superliga yo‘lida kurasha oladigan darajaga ko‘tarilishimiz mumkin. Aytish kerakki, pro-ligadagi aksariyat ishtirokchilar birinchi ligadan ko‘tarilganlari bois ularning deyarli 80-90 foizi elitaga o‘tish yo‘llanmasi uchun kurash olib borishga qodir emas. Aniqrog‘ aytganda, ularga tajriba yetishmaydi. Bir darajadan ikkinchisiga o‘tish uchun esa albatta vaqt kerak bo‘ladi. Pro-ligadagi klubning darhol Superligaga ko‘tarilishi va natija taqdim etishini kutish – bu mantiqsizlikdir. Shukrki, rahbar buni teran his qiladi.

Yuqorida aytib o‘tganimdek u bilan suhbatlashganimda “Yangiyer”ning Superligaga ko‘tarilishi bosqichma-bosqich yuz berishga ishonishini bildirgan. Hali “Yangiyer”ni boshqarishga kirishganimga ko‘p bo‘lmasa-da, klub egasi bilan tez-tez uchrashyapman, o‘zaro suhbatlashyapmiz, fikr almashyapmiz. U ilgari Sakayev bilan ham shunday ishlaganini aytdi. O‘yinchilarga qanday yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berish masalasida Mahmud akaning menga katta yordami tegyapti, desam sira mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Chunki jamoada yangi odamman. Tarkibdagi futbolchilarning nimalarga qodirligini ham hali yaxshi bilmayman. “Yangiyer”ni boshqarishga kirishganimga ikki haftadan oshgan bo‘lsa-da, hali futbolchilar bilan yaqindan tanishish jarayoni nihoyasiga yetganicha yo‘q. Asta-sekinlik bilan o‘yinchilarning qaysi chiziqda to‘p surishlarini o‘rganib boryapman. Shunga mos ravishda o‘z pozitsiyalarida qanday o‘ynashlari kerakligi yuzasidan mashg‘ulot va uchrashuvlarda ko‘rsatmalar beryapman.

Albatta, har kimning ko‘ngliga birdek yo‘l topish oson emas. Kimdir bunday paytda o‘ziga o‘ynash imkoniyati havola qilinmayotganidan xafa bo‘lishga tushib qoladi. Bu har qanday klubda kuzatiladigan tabiiy jarayondir. Bunday va aytish mumkin bo‘lsa, alamzada kayfiyatdagi yigitlar maydonga tushayotganlarida boshqalardan aslo qolishmasligini, balki ulardan kuchliroq o‘ynay olishlari mumkinligini isbotlashga harakat qiladilar. Iyul oyida tanaffus boshlangan chog‘da biz murabbiylar tarkibni “elak”dan o‘tkazib kimlarni olib qolish, kimlardan voz kechish haqida bir to‘xtamga kelmoqchimiz. O‘z navbatida voz kechilganlar o‘rniga yangi ijrochilarni olib kelish rejamizda yo‘q emas.

Feysbukda yozgan posti va totalizator to‘g‘risida
- Aytishim kerakki, birinchi liga va pro-ligada ko‘plab o‘yinlarning natijalari kishida shubha-gumonni paydo qiladi. Shu jumladan, “Buxoro” – “Oqtepa” uchrashuvida nimalar ro‘y berganini yaqindan bilmayman. Bu totalizatormi yoki yo‘qmi, biror narsa deyishim mushkul. Shunisi aniqki, 0:3 hisobida yutqazib turgan klubning yakunda muqarrar mag‘lubiyatdan qutulib ketishi har qanday kishini hayratga solmasdan qo‘ymaydi. Ayniqsa, qandaydir sanoqli daqiqalar oralig‘ida birin-ketin uchta gol kiritish...Bu aqlga sig‘maydigan holatdir. Shu boisdan ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda hamma o‘qishga ulgurgan postni qoldirishga qaror qildim.

Yana qaytaraman: natija totalizatorga bog‘liq yoki bog‘liq emasligidan mutlaqo bexabarman. Futbolda bunday ishlar goh-gohida yuz berib turadi. Yodingizda bo‘lsa, “Liverpul” chempionlar ligasi finalida birinchi bo‘limdan keyin “Milan”ga 0:3 hisobida yutqazib turib, o‘yinning ikkinchi yarmi davomida uchta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Keyinchalik “Liverpul” o‘sha finalni penaltilar seriyasi evaziga yutishga erishgan. “Oqtepa”ning “Buxoro”ga qarshi o‘yin oxirida birinchi goldan so‘ng himoyasi butunlay sochilib ketgan ko‘rinadi. Bu yerda nimanidir tasdiqlamoqchi emasman. Lekin futbolda mana shunaqa ishlar ham yuz berib turadi.

Albatta, “Yangiyer”dagi ayrim futbolchilarning totalizatorga bog‘liqligi yuzasidan shubha-gumonlar borligi, buni federatsiya surishtirishga tushganidan xabarim bor. 4 nafar futbolchimizning mana shunday ishlarga aloqador bo‘lib aralishb qolishi albatta yoqimsiz holdir. Shuning evaziga bo‘lsa kerak, “Dinamo”ga qarshi o‘yinda uchta o‘yinchimizni tarkibga kirita olmadik. O‘sha futbolchilar katta miqdordagi jarimaga – 10 million so‘mdan to‘lash majburiyatiga tortilishdi. Shu sababli ayni chog‘da bizga oson emas.

Bu futbolchilarning asosiy aybi shundan iboratki, ular o‘zlariga totalizatorda qatnashish taklifi bilan chiqqan odamlarga rad javobini bergan bo‘lsalar-da, shunday yo‘l tutganlaridan mutasaddilarni xabardor qilib o‘tirmaganlar. Ular klub rahbariyati va federatsiya mutasaddilariga chiqishlari kerak edi. Shu ishi uchun ham ularni jazoga tortishdi. O‘zingiz guvohi bo‘lib turganingizdek, bilmagan holda aybdor bo‘lgan futbolchilarimizni bir necha yil yoki umrbodga diskvalifikatsiya qilmay, katta miqdordagi jarimaga tortdilar. Endi futbolchilarimiz 10 million jarima to‘lashmas ekan, maydonga tusha olmaydilar.

Tabiiyki, bu voqea yuzasidan “Yangiyer”da yig‘ilish o‘tkazdik, hammasini obdon o‘rganib chiqdik. Birinchi liga va pro-ligada bunday ishlar yuz berib turishi sir emas. Biroq jamoamizda bundan keyin shu kabi holat ro‘y bermasligi uchun yig‘ilishda barcha futbolchilar qat’iy ravishda ogohlantirildi. Bunday talabga javob berolmaydigan o‘yinchilarimizdan esa albatta qutulamiz, “Yangiyer”ni shunday g‘irrom ishlarga aralashishga tayyor sotqinlardan tozalaymiz. O‘FA rahbariyatining shu kabi illatlarga qarshi jiddiy kurashga kirishganligi meni xursand qilmoqda. Shunga o‘xshash holat “Sho‘rtan”da ham yuz berdi. G‘irrom o‘yinlardan shunday yo‘l orqali qutulish mumkinligini federatsiya ko‘rsatib bermoqda.

Terma jamoamiz to‘g‘risida
- Avvalo, shuni aytmog‘im kerakki, mustaqil O‘zbekiston milliy terma jamoasi har doim JCH saralashning oxirgi uchinchi bosqichiga chiqib kelgan. Ya’ni, bizda bu borada ilgari hech qanday muammo kuzatilmagan. Hozirgi holat avvalgilardan sal farq qiladi. Chunki oldinlari terma jamoamiz uchinchi saralash bosqichiga chiqishda bunchalik muammolarga yo‘liqmagandi. Hozir esa jamoa oldiga uchinchi bosqichga o‘z guruhida birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallagan holda chiqish vazifasi qo‘yilgan. O‘z navbatida bu hol Osiyo qit’asida ham futbol sezilarli darajada o‘sib borayotganidan dalolat beradi. Ilgari Suriya, Ummon va Liviya kabi terma jamoalar boshqa raqiblariga ochko ulashish bilan mashg‘ul bo‘lishardi. Endi esa biz sanab o‘tgan bu jamoalar kuchli raqiblardan qimmatli ochkolarni tortib olishga muvaffaq bo‘lmoqdalar. Demoqchimanki, shu kabi termalar bugungi kunga kelib kuchli raqiblariga munosib qarshilik ko‘rsatishni o‘zlashtirib olganlar.

O‘z navbatida doim qit’ada yetakchi rolda bo‘lib kelgan Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Janubiy Koreya singari kuchli termalar alohida bir guruhni tashkil etishga erishganlar. Bunday sharoitda biz o‘yinlarga o‘ta katta mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak bo‘ladi. Falastin va Yaman singari kuchsiz ko‘ringan raqiblardan ham endi kutilmagan natijalarni kutish mumkin bo‘lib qoldi. Shunday ekan, yana qaytaraman: saralash bahslariga o‘ta jiddiy yondashish talab qilinadi. Chunki Falastindek terma jamoalar bizga kutilmagan syurprizni taqdim etishlarini ko‘rdik. Bugungi kunda mutaxassislar internet orqali fikr almashgan holda milliy termamizni saralashning yakuniy bosqichiga chiqish imkonini 50x50 deya baholashmoqdalar.

Turnirning hozirgi bosqichi Saudiya Arabistonida tashkil etilayotgani ham oldimizdagi vazifani yanada murakkablashtirib yuborgan. Biz yakuniy – uchinchi saralash bosqichiga chiqishimiz uchun Saudiya Arabistonini o‘z maydonida yengishimiz kerak bo‘ladi. Ularga yutqazmasligimiz kerak, durang esa bizga imkon qoldiradi. Agar uchinchi bosqichga yo‘l ololmaydigan bo‘lsak, bu sharmandalikdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Negaki, boya ta’kidlab o‘tganimdek, O‘zbekiston termasi ilgari bunday bosqichga hech qanday qiyinchiliksiz yetib kela olgan. Futbolimiz nufuzi uchun ham omadsizlikka yo‘l qo‘ymasligimiz talab qilinadi.

Boshqa tomondan olib qaraganda bizda bugungi kunda chindan ham kuchli bo‘lgan terma jamoa bor. Jumladan, Odil Ahmedovni alohida aytishim kerak. U faxriy futbolchi bo‘lsa-da, qolgan yosh sheriklariga o‘rnak vazifasini bajarishda davom etmoqda. Shuningdek, jamoamizda u kabi yana bir qancha tajribali futbolchilarimiz yo‘q emas. Ularga hamohang ravishda yosh va istiqboli porloq deya kutilayotgan o‘yinchilarimiz ham o‘sib bormoqdalar. Bizda avlodlar almashinuvi deyarli o‘tib bo‘ldi, deyishim mumkin. Chunki Kapadze, Jeparov, Haydarov kabi futbolchilar avlodi faoliyatlarini yakunlab bo‘ldilar. Ularning o‘rniga Shomurodov, Masharipov singari yosh, ishtiyoqmand futbolchilarimiz keldilar. Bugungi kunda Eldor Shomurodov o‘zbek futbolining faxri hisoblanadi. U Italiya chempionatidek nufuzli ligada nafaqat maydonga tushyapti, balki gollar kiritishga ham erishdi. Bugungi kunda termamizda nafaqat Ahmedov, balki Eldor va Jaloliddin ham yetakchi futbolchilar maqomiga yetib bo‘lganlar.

Umuman olganda, bizda boy tajribaga ega va shuning barobarida ertangi kuni porloq bo‘lishi kutilayotgan yosh futbolchilardan iborat terma jamoa bor. Mana shunday ijrochilar albatta natijani ta’minlashlari kerak. Terma jamoamizning Saudiya Arabistonidan ustun kelishi mumkinligi borasida hech qanday muammoni ko‘rmayapman. Agar o‘yin uchun kerakli taktika va futbolchilar tanlab olinsa, natija biz uchun qoniqarli ko‘rinish hosil qilishi muqarrar. Bugungi terma jamoamizda hujum va himoya chizig‘ida katta potensial mavjud. Meni birgina o‘ylantirayotgan va muammoli pozitsiya bu kuchli darvozabonga ega bo‘lmaganimiz hisoblanadi. Ilgari Ignatiy Nesterov birinchi raqamli darvozabon sanalib kelingan bo‘lsa, bugungi termada xuddi u singari boshqa bir posbonni ko‘rmayapman.

Shu sababli ham murabbiylar goh u, goh bu darvozabonni sinovdan o‘tkazishga majbur bo‘lmoqdalar. Buni biz mutaxassislar va albatta zukko ishqibozlar ham ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmiz. Aynan shu masalada men ojiz nuqtamizni ko‘ryapman. Boshqa pozitsiyalar borasida menda deyarli xavotir yo‘q. Masalan, hujum chizig‘idagi ijrochilardan ko‘nglim to‘q. Ular o‘yin taqdirini bemalol hal eta olishlari mumkin. Yarim himoya chizig‘idagi ijrochilar – Odil Ahmedov, Odil Hamrobekov va Otabek Shukurov singari futbolchilarimizdan xotirjamman. Ular maydon markazida ishonchli harakatlari bilan boshqa sheriklarini ham ruhlantirishmoqda.

Saralashning yakuniy bosqichiga chiqish uchun hozir bizda yaxshi imkoniyat yuzaga kelgan. Darhaqiqat, Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan o‘yin ko‘p masalaga oydinlik kiritib beradi. O‘ylaymanki, murabbiylar shtabi o‘sha bellashuvga kerakli tarkibni tanlay oladilar. Chunki biz o‘z maydonida to‘p suradigan kuchli raqibga qarshi maydonga chiqamiz. Qolaversa, Saudiya guruhda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Futbolchi sifatida saudiyaliklarga qarshi bir necha bor maydonga tushganim tufayli ularning o‘z uyida qanday to‘p surishlaridan yaxshi xabardorman. Boz ustiga futbolda qadrdon devorlar ham qo‘llaydi degan maqol bejiz aytilmagan. To‘g‘ri, Rossiyada tashkil etilgan mundialda Saudiya boshqa raqiblariga imkoniyatni boy bergan holda o‘zidan yomon taassurot qoldirgandi.

Ammo ushbu yurt vakillari o‘z maydonida to‘p surishar ekan, istalgan raqiblarini bemalol dog‘da qoldirishlari mumkin. Saudiyaliklarga qarshi kechadigan bellashuvga to‘g‘ri taktika va tarkibni tanlashdan tashqari ruhiy tayyorgarlik ham shunga yarasha bo‘lmog‘i darkor. Taktik rejani obdon tuzishimiz kerak. Shunda raqibni xato qilishga majbur etishimiz, faqat o‘yinni himoyaga tayangan holda tashkil etmay hujumda ham faol bo‘lishimiz mumkin. Men bo‘lajak o‘yin borasida shaxsiy fikrimga tayangan holda mulohaza yurityapman. Hammasi murabbiylarning rejasi va futbolchilarning tayyorgarligiga bog‘liq bo‘lishini aslo unutmaslik kerak. Boya aytganimdek, bizda tajribali va yosh futbolchilardan iborat shakllangan terma jamoa bor.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Feysbukdagi gapi, totalizator va terma jamoamizdan qanday xavotirdaligi xususida Azamat Abduraimovdan munosabat