00:05 / 13.06.2021
2 258

Jasur Jaloliddinovga Turkiya va Shveysariya klublari qiziqyapti

Jasur Jaloliddinovga Turkiya va Shveysariya klublari qiziqyapti

Jasur Jaloliddinovning “Andijon”dagi o‘yinlarini ko‘pchilik kuzatyapti. Chunki u yosh bo‘lishiga qaramay, allaqachon barchaning e’tiboriga tushib bo‘lgan.
Futbolchi og‘ir damlarni ortda qoldirib, yana rostakamiga o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti. Bu Jasur uchun eng muhimi. Baribir ushbu o‘yinchiga Yevropadan yaxshi takliflar bo‘lib turibdi. Sports.uz muxbiri esa mavjud vaziyatdan kelib chiqib Jaloliddinovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.

- “Andijon”ning chempionatdagi tanaffus paytida olib borayotgan mashg‘ulotlari qanday o‘tyapti?
- O‘ylashimcha, “Andijon”ga tanaffus kerak edi, yaxshilab tayyorlanib olishimizga. Ayniqsa, ruhiy jihatdan hamda o‘z o‘yinimizni topib olishimiz uchun bu tanaffus muhim. Bungacha o‘tkazgan uchrashuvlarimizda jismoniy tomondan kuchimiz yetmayotgani ham bilinib qolayotgandi. Masalan, birinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynab, o‘yin oxirlarida charchab qolayotgandik.

Jismoniy tomondan jiddiy tayyorlanib olishimiz uchun bu yaxshi vaqt. Bu orqali o‘yinimizni ham topib olishimizga yaxshi imkoniyat. Endi xayolni bir joyga yig‘ib, qanday harakat qilishimizni o‘ylab olyapmiz. Rahbariyat va murabbiylar bilan kelishib olganmiz, biz o‘zimizga qulay keladigan o‘yin uslubini tanlab olganmiz. Kundan-kunga jismoniy va taktik tomonlama ijobiy tarafga o‘zgaryapmiz. Birinchi davra oxirigacha o‘z ochkolarimizni yig‘ib olamiz, deb umid qilaman.

- “Andijon”ga Otabek G‘ulomxo‘jayevning taklifiga ko‘ra kelgansiz. Keyin ushbu murabbiy klubdan ketgach, bu holat Jaloliddinovga qanday ta’siri qilishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bunga qanday munosabatdasiz?
- To‘g‘risi, menga unchalik ta’sir qilmadi. Meni Otabek aka G‘ulomxo‘jayev chaqirgan va shu bilan birga klub rahbari Jur’at aka Quvvatov ham taklif qilgan va u kishi bilan ham gaplashganman. O‘z yo‘lim bilan kelyapman. Chunki hayotda va futbolda o‘zimning yo‘lim bor. Faoliyatimda faqatgina Otabek aka G‘ulomxo‘jayev bilan ishlamaganman. Yana boshqa turli mutaxassislar bilan ham faoliyat olib borganman. Menga murabbiyning unchalik ahamiyati yo‘q. Asosiysi, o‘z o‘yinimni yaxshilash haqida o‘ylayapman.

- Jamoa ketma-ket ochkolar yo‘qotyapti. Nima uchun “Andijon” mavsumni qoniqarli o‘tkaza olmayapti?
- O‘yin taraflama hech kimga yutqazmayapmiz. Bir qator futbolchilarimiz Superligada endi tajriba to‘plashyapti. Yarmidan ko‘pi birinchi marta o‘ynashyapti, Superligada. Yana qaytaraman: o‘yin bo‘yicha hech kimga yutqazmayapmiz. Natija hech qachon birdaniga kelmaydi, barchasiga vaqt kerak. Menga ham, boshqasiga ham vaqt zarur. Har qanday o‘yinchi uchun Superligaga kirishib ketishi o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Superligamizning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari va kuchli taraflari bor.

- Jamoadan xavotirga tushib qolgan muxlislarga nima deya olasiz?
- Jamoamizda hammasi yaxshi. Yuzaga kelgan tanaffusdan zo‘r foydalanyapmiz deb o‘ylayman. Vaziyatni hamma tushunib turibdi.

- Sizga xorijdan takliflar bo‘layotgani haqida eshitib turibmiz. Bu boradagi ishlar qanday ketyapti?
- Zo‘r-zo‘r joylardan chaqiruvlar bor, 100 foizlik takliflar ham bo‘lyapti. Hammasi Yevropadan, Osiyodan yo‘q desam ham bo‘laveradi. Hayotda bir marta orqaga qadam tashladim. Endi boshqa bunday ishni takrorlashni istamayman. Shuning uchun qaror chiqarishga umuman shoshilmayman. Ikkinchi davrada oldinga qadam tashlashga harakat qilaman.

- Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol: birinchi davradan keyin “Andijon”dan ketasizmi?
- Nimadir desam “Andijon” klubiga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo‘laman. Oldimizda yana beshta o‘yinimiz bor. Avvalo ushbu uchrashuvlarda “Andijon” jamoasiga yordam beraman. Birinchi davradan keyin hammasini o‘ylab ko‘raman. Baribir hozir xohlagan taqdirimda ham keta olmayman.

- Turkiyaning “Beshiktosh” klubidan taklif borligi haqida aytganingiz yodimizda. Bu variant hozir ham o‘z kuchidami?
- Turkiyaning 3-4 ta klublaridan takliflar bo‘lyapti, ularning orasida “Beshiktosh” ham bor. Hali jiddiy gaplashganimiz yo‘q, shunchaki variantlar haqida eshitib turibman. Transfer oynasi rasman ochilganidan so‘ng, barchasini ko‘rib chiqamiz.

- Sir bo‘lmasa, o‘zingizga yana qayerlardan aniq takliflar bo‘ldi?
- Turkiyadan tashqari Shveysariyadan bo‘ldi. Keyin “Portu V” jamoasidan taklif bor. Hali boshqa mamlakatlarning qaysi klublari qiziqayotganini bilmayman. Ularga aniq javob aytmasangiz, sizga jamoalar nomini aytmay turishadi. Faqat eshitib turibman.

- Birinchi davradan keyin Yevropaga ketishingiz imkoniyatini necha foizga baholayapsiz?
- 50x50.

- O‘zingiz aytganingizdek, “Andijon”ning oldida beshta o‘yin turibdi. Raqiblar jiddiy: “Nasaf”, “Paxtakor”, AGMK, “Navbahor”, “Turon”. “Andijon” bu raqiblardan qanday qilib ochkolarni tortib olmoqchi?
- Boshqa ilojimiz ham yo‘q. Baribir beshta o‘yinda o‘ynashimiz kerak. Hech qachon oldindan taslim bo‘lmaymiz. O‘zimizning ochkolarimizni olishga harakat qilamiz. Avvalgi uchrashuvlarda yo‘qotilgan ochkolarni endi bo‘lg‘usi bellashuvlardan olishga harakat qilamiz. Yutadigan o‘yinlarimizni yuta olmadik. Endi bo‘lsa, oldimizda turgan qiyin uchrashuvlarda xatolarimizni to‘g‘rilab, natijalarni yaxshilashimiz kerak.

- “Andijon”dagi o‘yinlaringiz davomida mahalliy muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi ayniqsa sizga boshqacha ta’sir qilayotganini ko‘rib turibmiz...
- “Andijon”ga kelganimni sababi ham shu. Birinchi o‘rinda muxlislar yordamida o‘zimga bo‘lgan ishonchni qaytarish edi. Bu narsa menga yoqyapti. Ishqibozlarning olqishlab turishi menga katta javobgarlik hissini beradi. Har doim nimadir qilishim kerak bo‘ladi. Muxlislarning bu darajada qo‘llab turishi menga faqat yordam beradi. Ko‘z tegmasin, o‘zimga bo‘lgan ishonch qaytyapti. “Andijon” garchi ko‘proq yutqazgan bo‘lsa ham bu yerga kelganimdan beri o‘zimga ko‘p narsa oldim. Andijonga futbol uchun kelganman. Aynan shu taraflama o‘zim uchun kerakli jihatlarni olyapman.   

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Jasur Jaloliddinovga Turkiya va Shveysariya klublari qiziqyapti