00:55 / 29.07.2021
3 109

Eldor Shomurodov Joze Mourino qo‘l ostidagi «Roma»ga o‘tadi

Eldor Shomurodov Joze Mourino qo‘l ostidagi «Roma»ga o‘tadi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Jenoa» hujumchisi Eldor Shomurodov «Roma»ga o‘tishga yaqin turibdi, deya xabar bermoqda jurnalist Janluki di Marsio.

Ta’kidlanishicha, rimliklar 26 yoshli futbolchi uchun «Jenoa»ga 15 million yevro taklif qilgan. Biroq genuyaliklar Shomurodov uchun ko‘proq pul olishni istamoqda. Shuningdek, «Roma» Eldorni sotib olish majburiyati bilan ijaraga olishi ham mumkin.

Bundan tashqari, ushbu ma’lumotni Rossiyaning «RBK» nashri manbalari ham tasdiqlagan.
«Tomonlar transferlar masalasida bir qarorga kelgan. Shu kunlarda futbolchining aniq transfer narxi bo‘yicha yakuniy muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda. Majburiy sotib olish huquqi bilan ijara shartnomasi tuziladi. Ijara narxi rimliklarga 2,5 million yevroga tushadi. Keyingi transfer 16 million yevrodan oshadi», — degan «RBK» nashri manbasi.

Nashrning boshqa bir manbasi esa agar futbolchi yutuqlarga (o‘yinlar va gollar) erishadigan bo‘lsa, transfer summasi 19—21 million yevroni tashkil qilishini ma’lum qilgan.

Qayd etish joiz, avval ham «Roma»dan Shomurodovga qiziqish bo‘lgani va buni Mourinoning shaxsan o‘zi istayotgani haqida xabarlar yangragandi. Biroq futbolchining agentlari bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi haqida ma’lum qilgandi. 2020 yilning yanvar oyida Eldorga «Yuventus»dan qiziqish bo‘lgandi. Avvalroq «Jenoa» bosh murabbiyi Davide Ballardini rahbariyatga 26 yoshli futbolchini sotishni taqiqlagani haqida xabar qilingandi.

O‘zbekistonlik hujumchi 2020/21 yilgi mavsum A Seriyada 31 o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol muallifiga aylangandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov Joze Mourino qo‘l ostidagi «Roma»ga o‘tadi
[/banner_pushhouse