18:00 / 03.09.2021
3 072

Kimdir qilar yallo, kim esa pul dardida

Kimdir qilar yallo, kim esa pul dardida
FIFAning qaroriga ko‘ra, "Navbahor" 30 kun ichida sobiq bosh murabbiy Andrey Kanchelskisga 1,6 million dollardan ko‘proq pul to‘lab berishi kerak.

Andrey Kanchelskis o‘zi kelib nima karomat ko‘rsatdi-yu, qayerdan bu summa kelib chiqdi? Na O‘zbekiston chempionatini yutdi, na Kubokni. Lekin biz hujjat gapiradigan zamonda yashayotganimizni hisobga olsak, murabbiy o‘z vakolatidan foydalanib olmagan maoshlari uchun FIFAga arz qildi.

Karnaychidan bitta kuf deganlaridek, FIFA "Kanchelskis ishi"ni o‘rganib, murabbiy foydasiga qaror chiqardi va klubga 1,6 million dollar jarima yo‘lladi. Shunday bo‘lishi tabiiy edi. Odatda FIFA jabrdiyda murabbiylar yonini oladi va ular foydasiga qaror qabul qiladi.

FIFA murabbiyning qanday ishlagani, nimalarga erishgani bilan qiziqmaydi, faqat shartnomani o‘rganadi. Men eshitganim Andrey Kanchelskis "Navbahor"ga boshida 5 ming dollar oylikka kelgandi. Lekin qayerdan umumiy susmma 1 million dollardan oshib ketdi, shunisi qiziq.

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda "Sho‘rtan" klubining ishchi-xodimlari 5-6 oydan buyon oylik olmasdan ishlab kelayotgani haqida video tarqaldi. Videoda stadion va bazada mehnat qilayotgan oddiy insonlar murojaati keltirilgan. Ular rahbariyatdan hech qanaqa kompensatsiya talab qilmayapti, balki o‘z peshona terlarini to‘lab berishlarini xohlayapti.

Gapirayotgan ishchilarning hammasi oddiy, gaplaridan ham ko‘rinib turibdi. Kimdir bir million oylik olar, kimdir ikki million. So‘zga chiqqanlarning aksari yangi o‘quv mavsumi boshlanayotgani bilan maktab bozori qilish kerakligi, ammo buning uchun yetarli mablag‘ yo‘qligini kuyunib gapirgan.

Farzand(lar)i maktabga qatnaydigan ota-onalar yaxshi biladi, avgustning so‘nggi 10 kunligida hamma maktab bozori bilan ovora bo‘lib qoladi. Buning ustiga maktab bozoriyam yildan yilga qimmat bo‘lib ketyapti. Hatto maktab tomonidan beriladigan kitoblargayam pul to‘lashga to‘g‘ri kelyapti.

Shunday ekan, "Sho‘rtan" klubi xodimlarining arz-dodini juda yaxshi tushunamiz. Alam qiladigan tomoni shuki, kimdir uch-to‘rt so‘m pulimni olib bolamni maktabga bervolay, ozgina bo‘lsayam ro‘zg‘orga baraka kirsin deb kuyunayotgan bir paytda kimdir 1,6 million dollarni undirish xayoli bilan band.

Bu yerda Kanchelskisni ayblash noo‘rin, chunki u hujjat bo‘yicha ish tutyapti. Vaqtida olmagan pullari haqida gapiryapti. Lekin u xohlayotgan summa o‘zimizning pulda salkam 20 milliard so‘m bo‘lishini ko‘z oldimizga keltirsak, et junjikib ketadi. Axir bu o‘rtamiyona klubning bir yillik budjeti emasmi? 1,6 million dollar og‘izning bir chetidan chiqib ketadi-ya.

Xorij xabarlarida o‘qib qolamiz: falonchi klub falonchi murabbiyga shuncha kompensatsiya to‘lab beradi. Lekin biz o‘zimizni ular bilan solishtirmaylik. Ulardagi bor moliyaviy imkoniyatlar bizda yo‘q. Ular hamma narsadan pul topadi: muxlislar tashrifi, transferlar, futbolkalar sotuvi, tele translyatsiyalar, qolaversa yirik kompaniyalar katta miqdorda pul beradi. Bizda esa vaziyat tamoman boshqacha va buni hamma yaxshi biladi.

"Kanchelskis ishi" qanday yakun topishini bilmayman, lekin shunisi aniqki, u baribir katta foyda bilan o‘yindan chiqadi. Va ehtimolki O‘zbekistonga boshqa qaytmaydi. Bunday murabbiyning keragi yo‘q. Bizni ko‘proq o‘zimizdagi oddiy mehnatchilarning taqdiri qiziqtiradi. Kelasi dushanbadan maktablar ochiladi, o‘qish boshlanadi, maktab bozori qilishga ulgurmagan ota-onalarning holati ko‘proq o‘ylantiradi.

Muallif: Xayrulla Xoliqov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kimdir qilar yallo, kim esa pul dardida