20:28 / 12.09.2021
3 136

"Boltadan sho‘rva pishira olmayman" yoxud o‘zini yettinchi osmonda his qilayotgan Andrey Shipilov bugun qanday ish bilan band?

"Boltadan sho‘rva pishira olmayman" yoxud o‘zini yettinchi osmonda his qilayotgan Andrey Shipilov bugun qanday ish bilan band?
Andrey Shipilovni yaxshi bilasiz-a, u joriy mavsumning ilk turidan keyinoq “Metallurg”ni tark etgandi. Ungacha uch yildan ziyod vaqt davomida bekobodliklar jamoasiga bosh murabbiylik qilib keldi.

Andrey Sergeyevich Sports.uz muxbiri bilan muloqotga kirishishga rozilik bergach, bugungi hayoti, murabbiylik kasbi, takliflar, qachon ishga qaytishi, “Metallurg”ning natijalari va yana boshqa mavzularda ochiq fikr bildirdi.

Shipilov hozir nima qilyapti?
- Baxtimga menda oilam uchun ko‘proq vaqt ajratish imkoni yuzaga keldi. Bu holat kutilmaganda yuz berdi. Ammo bo‘sh paytning ko‘pligi men uchun haqiqiy baxtga aylandi. Quvonchdan o‘zimni go‘yo yettinchi osmonda yurgandek his qilyapman. Menda murabbiylik va o‘yinchilik faoliyatim davomida oilamga va farzandlarimga vaqt ajratish uchun imkon juda kam bo‘lgan. Endi esa bo‘sh vaqtim yetarli. Shu bois rafiqam va uch nafar o‘g‘lim bilan turli mavzularda har kuni bemalol gaplashish imkoniga ega bo‘lyapman.

Albatta, suhbatimiz mavzularida futbolga joy yo‘q. Chunki yangi his-tuyg‘ularni tuyish va bemalol nafas olishni istayman. Men bunga ishonch hosil qildim. Ish – o‘z nomi bilan ish. Biroq oila muqaddas. Ilgari oilam foydasiga zid ravishda ko‘p vaqtimni faqat ishga qaratgandim. Hatto uyga kelgan chog‘imda ham xayolimda ishlar bilan bog‘liq o‘y-fikrlar g‘ujg‘on urardi. Endi hozir bundan afsuslanyapman. Asosiysi, shunda ham uydagilar meni tushunishardi va kechirishardi.

Ishsiz murabbiy futbolsiz zerikyaptimi?
- Albatta, ishsiz zerikib qolyapman. Bu – mening hayotim. 6 yoshimdan beri futboldaman. Hozir 44 yoshdan o‘tdim. O‘tgan vaqt davomida faqat futbol bilan yashadim. Lekin nafaqat tana, balki qalban ham kishi dam olishi kerakligini tushunib yetdim. Boisi, futboldan ham tashqari o‘zing qiziqadigan va shug‘ullanishni istaydigan narsalar ko‘p. Hozir o‘zimni butkul bo‘shashtirgan holda oldingi yuklardan qutulyapman. Buni normal holat deb aytish mumkin. To‘g‘ri, futboldan boshqa ish bilan shug‘ullanish qo‘limdan kelmaydi. Masalan, savdo-sotiq qilish. Ammo bu mening ishim emas.

U murabbiylik faoliyatiga qachon qaytishi mumkin?
- Aytishim kerakki, faoliyatimni qayta jonlantirish niyatim ham yo‘q emas. Biroq hozir bu haqda tayinli gap aytishim amrimahol. Boz ustiga yana ko‘plab masalalarni hal qilishim kerak. Ichki tuyg‘ularimni tartibga solish vaqt talab qiladi. Shu davr oralig‘ida bosib o‘tgan yo‘limni obdon o‘ylab, xulosa chiqara olishdan umidvorman. Men ishsiz qolib ketganim tufayli ayrimlar singari o‘zimni u eshikdan-bu eshikka uradigan odamlar toifasiga kirmayman. Menga bunday tarbiya berishmagan. O‘zimning amal qiladigan tamoyillarim bor. Bularning barisi o‘zimniki.

Shipilovning xizmatiga ko‘z tikayotganlar bormi?
- Ta’kidlashim joizki, menda ikki-uchta taklif bor edi. Lekin taklifni o‘rganish chog‘ida klub rahbarlari o‘zimdan nimani istayotganlarini sira tushunmadim. Ulardan tayinli gaplarni eshitganim yo‘q. Rahbariyat murabbiy oldiga aniq bir maqsad va rejalarni qo‘ymog‘i darkor. O‘zimni-o‘zim aldash bilan shug‘ullanmoqchi emasman. Bilasizmi, hozir chuqur mulohaza yuritgan holda ish yuritadigan odamlar kamayib ketgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, boltadan sho‘rva pishira oladigan odam emasman.

Ishsiz murabbiy Superligani kuzatib boryaptimi?
- Ha, albatta, Superliga o‘yinlarini kuzatib turibman. Ba’zida uch-to‘rtta uchrashuvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri stadionda tomosha qildim. “Olimpik”ning o‘yinini ko‘rdim. Menga shuningdek, “Lokomotiv” murabbiyining ishi ham yoqmoqda. Terma jamoani kuzatdim. Ammo bu xususida biror narsa deyishim amrimahol. Birgina murabbiy ayni paytda jismonan ham biror-bir mo‘’jizani yuzaga keltira olmasligi tayin. Chempionatimiz saviyasi pasayib bormoqda. Bu mening fikrim. Shunday holatni ko‘rish achinarli, albatta. Lekin har doim xatolarni o‘nglash uchun imkon bo‘ladi.

Aravani quruq olib qochishdan ko‘ra aniq bir ish bilan shug‘ullangan ma’qul. Bizda esa negadir amalda ish bo‘lmaydi-yu hamma gap sotaveradi. Barcha ko‘rguliklarimiz ildizi ham mana shunga borib taqaladi. Agar har bir murabbiy o‘zini to‘laligicha ishga bag‘ishlasa, oldinga siljish kuzatilgan bo‘lardi. Eng asosiysi, murabbiy o‘z ishini yaxshi ko‘rmog‘i darkor. Shunda u biror narsani o‘zgartira oladi. Aqllilik qilish esa hammaning qo‘lidan keladi.

Andrey Sergeyevichni sobiq jamoasining g‘alabasiz seriyasi haqidagi fikri qanday?
- “Metallurg”ga kelsak, uning ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatib boryapman. Ikkita uchrashuvni bevosita stadionda tomosha qildim. Qolganlarini esa televizor orqali ko‘rdim. O‘zimiz tarbiyalagan yoshlarni kuzatyapman. Axir biz ularni uch yil davomida tayyorlagandik. Abror Toshqo‘ziyev, Odil Abdumajidov, Shahzod G‘ofurbekov, Vladimir Vagin...Shular jumlasidan. Hammasi yigitlar. Ha, siz haqsiz g‘alabasiz seriya davom etyapti. Biroq hozir u yerda men ishlamayapman. Rahbarlar, murabbiylar shtabi bor. Ular vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerakligini bilishadi.

U “Paxtakor”ning yana chempion bo‘lishiga shubha qilmaydi
- Bu yili ham “Paxtakor” yaqqol ustunlik qilmoqda. Bu jamoada katta balans bor. Tarkibda yoshlar va tajribali futbolchilar qorishmasi yuzaga kelgan. Bir so‘z bilan aytganda, “Paxtakor” – shakllangan klub. Diyor Xolmatov, Abror Ismoilov, Hojimat Erkinov kabi futbolchilarning o‘yini kishiga quvonch bag‘ishlaydi. O‘ylaymanki, “paxtakor”chilar yaqin bir nechta tur oralig‘ida chempionlik masalasini ijobiy hal qiladilar. Obektiv tomondan olib qaraganda ham ular juda kuchli. Bu esa birinchi navbatda murabbiylar shtabi vakillari ishni to‘g‘ri olib borayotganlari bilan bog‘liq.

Superligani tark etishi mumkin bo‘lga klublar haqidagi mulohazasi
- Superligani qaysi klublar tark etishadi, degan savolga kelsak, 10-14-o‘rinlarni band etib turgan klublardir. Tabiiyki, o‘sha jamoalar oxirigacha astoydil kurashadilar. 17-18-19 va 20-turlardan so‘ng, kuchlilar safini qaysi jamoalar tark etishi oydinlashib qoladi.

Srechko Katanes xususida mutaxassisimiz qanday fikrda?
- Terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Srechko Katanes. U o‘z vaqtida kuchli o‘yinchi, so‘ngra kuchli murabbiy sifatida tanilgan. Qolaversa, Katanetsda Osiyodagi o‘yinlar borasida tajriba bor. Chunki mutaxassis bizning mintaqada juda ko‘p ishlagan. Katanes boshchiligida olib borilgan dastlabki mashg‘ulotlar va uning bergan ilk intervyusidayoq terma jamoa bundan keyin qanday o‘yin ko‘rsatishi borasida menda o‘ziga xos tasavvur yuzaga keldi. Terma jamoamiz Katanes qo‘l ostida jismoniy tayyorgarlik atletizmga tayangan holda to‘p suradi.

Shuningdek, qat’iy o‘yin intizomiga amal qiladi. Men bunga mashg‘ulot jarayonini kuzatish asnosida amin bo‘ldim. Uning ilk mashg‘uloti juda qiziqarli kechdi. Ammo, ma’lumki, hammani birinchi navbatda natija qiziqtiradi. Natija bo‘lishi uchun esa bosh murabbiyga xalaqit bermasdan ishlashiga imkon yaratish darkor. Shunda kutilgan natija yuzaga keladi. Lekin, shunisi aniqki, kutilgan natijani qayd etish o‘ta mashaqqatli bo‘ladi. Buning uchun eng asosiysi, o‘yinchilar bir yoqadan bosh chiqarishlari kerak. Futbolchilar murabbiyning barcha talablarini bajarsalargina natija kutilgan darajada bo‘ladi. Agar ish shu asnoda yo‘lga qo‘yilsa hammasi yaxshi bo‘lishiga aminman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Boltadan sho‘rva pishira olmayman" yoxud o‘zini yettinchi osmonda his qilayotgan Andrey Shipilov bugun qanday ish bilan band?