22:33 / 24.09.2021
1 772

Bu jamoaning o‘yinida endi yer bilan osmoncha farq bor! Yana sensatsiya ko‘rishni istaysizmi?

Bu jamoaning o‘yinida endi yer bilan osmoncha farq bor! Yana sensatsiya ko‘rishni istaysizmi?
Kunlar hash-pash deguncha o‘tyapti va Superliganing turlari ham birin-ketin ortda qolyapti. Kuni kecha 19-tur o‘yinlari o‘tkazilgandi, endi esa 20-tur ostonasida turibmiz.

O‘tgan safar “Andijon” “Paxtakor”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib sensatsiya ko‘rsatdi. Xo‘sh, bu safar ham yana shunga o‘xshash sensatsiya ko‘ramizmi?

Bu gal “Surxon”ning sobiq murabbiyi Rufat Akramxo‘jayev 20-turdagi juftliklarga munosabat bildirdi.

25 sentabr (shanba)

“Qo‘qon-1912” – “Andijon”

- Menimcha, bu o‘yinda “Qo‘qon-1912” yutsa kerak. Bilaman, ikkala jamoaga ham ochko kerak. “Andijon” klubi o‘tgan turda kutilmaganda “Paxtakor”ni yutdi. Ammo bu safar qo‘qonliklar o‘z uyida o‘ynayotgani sababli ular g‘alaba qozonishsa kerak. Imkoniyatlarmi? 70x30.

“Paxtakor” – “Turon”
- Foiz bo‘yicha 65x35. “Paxtakor” Andijonga mag‘lubiyatga uchraganidan keyin bu safar muxlislari oldida har qanday holatda ham aybini yuvishga harakat qiladi. Shuning uchun menimcha, “Turon”ning imkoniyatlari kamroq. Bu jamoa ketma-ket yetakchilar bilan o‘ynayotgani sababli ruhiy tomondan ham qiyin. Jamoa bilan ruhiy jihatdan ishlash kerak. Kim yutishi haqida biz faqat taxmin qila olamiz xolos. Mana, “Andijon”ni ham “Paxtakor”ni yutishini hech kim kutmagandi-ku.

26 sentabr (yakshanba)

“So‘g‘diyona” – “Metallurg”

- Jizzaxliklar ikkinchi o‘rinda ketyapti. O‘z maydonidagi bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yubormasa kerak. Ammo oxirgi uchrashuvlarda “So‘g‘diyona” futbolchilari charchaganga o‘xshayapti. “Bunyodkor” bilan ham, “Mash’al” bilan ham 0:0 o‘ynadi. Lekin darvozasidan to‘p o‘tkazib yubormayapti. Bu o‘yinda ko‘p gol bo‘lmaydi-yu, ammo “So‘g‘diyona” o‘z uyidagi imkoniyatdan foydalanib g‘alaba qozonsa kerak. Imkoniyatlari 60x40 deb o‘ylayman.

“Navbahor” – “Qizilqum”
- “Qizilqum”ga ham ochko kerak, yutolmayapti. “Navbahor” bu uchrashuvda ham g‘alaba qozonsa uchinchi o‘ringa imkoniyati ortadi. Shu sababli ular o‘z uyidagi o‘yindan foydalansa kerak. Namanganliklarning g‘alabaga bo‘lgan imkoniyati 60 foiz. Oxirgi paytlarda “Navbahor” jamoasi ancha yaxshi o‘ynayapti. Birinchi davradagi o‘yini bilan solishtirsam yer bilan osmoncha farqi bor. Qolaversa, yaxshi markaziy himoyachini olgani ham foyda beryapti.

AGMK – “Surxon”
- Menimcha, bu juftlikda katta ehtimol bilan AGMK g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlari 70x30 degan bo‘lardim. “Surxon” o‘tgan turda “Nasaf” bilan maydonga tushishi kerak edi, ammo o‘ynamadi. AGMK jamoasi esa yaxshi sport formasida. “Surxon” bitta uchrashuvda o‘ynamagan bo‘lsa ham bu narsa bilinadi. Buning ustiga olmaliqliklar medallar uchun kurashayotganida ular uchun har bir o‘yin juda muhim.

27 sentabr (dushanba)

“Nasaf” – “Bunyodkor”

- O, bu juda qiziq o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoa ham to‘pni nazorat qilishni yaxshi ko‘radi. “Nasaf” OFK Kubogida oltita gol urgani futbolchilarini bo‘shashtirib yubormasmikin? Lekin Ro‘ziqul Berdiyev tajribali murabbiy. Jamoasini qanday ruhlantirishni va tayyorlashni biladi. Yo “Nasaf” yutadi, yoki durang bo‘ladi. “Bunyodkor” o‘tgan turda omadi kelib oxirgi daqiqalarda urilgan gollari evaziga “Lokomotiv”ni yutdi. “Nasaf” ham, “Bunyodkor” ham hozir yaxshi holatda. Imkoniyatlar haqida gapirsam, 55x45 “Nasaf” foydasiga.

“Lokomotiv” – “Mash’al”
- “Lokomotiv” mezbon, ular yutadi deb o‘ylayman. Oxirgi turlardan kelib chiqib, balki “Mash’al”ning o‘yinida biroz o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Bu esa jamoaga pand berishi ham hech gap emas. “Loko”da esa muammo yo‘q. “Bunyodkor”ga alamli mag‘lubiyat uchun bu safar yutishi kerak bo‘ladi. Imkoniyatlar 60x40.

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Bu jamoaning o‘yinida endi yer bilan osmoncha farq bor! Yana sensatsiya ko‘rishni istaysizmi?
[/banner_pushhouse