17:51 / 13.10.2021
3 097

Bardam bo‘l, Shoma! Mourino “Roma”ga ko‘p gol uradigan futbolchi olyapti

Bardam bo‘l, Shoma! Mourino “Roma”ga ko‘p gol uradigan futbolchi olyapti
“Roma”ning eng raqobat kuchli nuqtasi hujum chizig‘i hisoblanadi. Joze Mourino bir hujumchi o‘ynaydigan taktika qo‘llamoqda va bu joy “bo‘rilar”ning eng qimmat futbolchisi Temmi Abraxamniki ekani kafolatlangan. Angliyalik hujumchiga o‘rinbosar bo‘lish uchun Eldor Shomurodov, Karles Peres, Stefan El-Shaaravi, Borxa Mayoral o‘zaro raqobatlashmoqda. Ular orasida bosh murabbiy ko‘proq Eldor va Stefanga ishonch bildiryapti.

Shunga qaramay, Joze Mourino jamoasi gollarining aksariyati yarim himoya vakillari urmoqda. Xususan, A Seriyadagi bahslarda maydon markazida o‘ynaydigan Lorenso Pellegrini va Jordan Veretu to‘rttadan, Genrix Mxitaryan ikki marta to‘p kiritgan. Jami beshta hujumchi hisobida esa uchta nishonga tekkan zarba bor xolos.

Mourino jamoa hujumkorligini oshirish uchun “Portu”dan ko‘p gol ura boshlagan o‘yinchi olishga qaror qildi.
“Portu”ning 24 yoshli futbolchisi Luis Dias joriy mavsumni ajoyib o‘tkazmoqda. Ikki yil davomida Yevropa futboliga to‘liq moslashib olgan kolumbiyalik futbolchi chempionatda sakkizta uchrashuvda raqib darvozabonlarini olti bor ojiz qoldirdi.

Iste’dodli futbolchining samaradorligi “Roma”dan tashqari “Barselona” va Angliya klublari e’tiborini ham o‘ziga tortmoqda.
“Portu” bu o‘yinchisi uchun daromadli taklif bo‘lsa, uni qo‘yib yuborishga tayyorligini bildirgan. Demak, Mourino sobiq jamoasi rahbarlariga murojaat qilib, orzusidagi futbolchini olish imkoniga ega.

Bu futbolchi arzon, lekin ishonchli ekan!
“Roma”ning transfer nishonlari qatoriga “Sampdoriya”da to‘p tepayotgan polshalik Bartosh Bereshinski ham qo‘shildi.
Joze Mourino 29 yoshli himoyachini qishki transferlar davrida xarid qiladi. Genuyaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2023 yilning yarmigacha davom etadigan futbolchining transferi “bo‘rilar”ga 6 million yevroga tushadi.

Joriy mavsumda Bereshinski yettita uchrashuvda maydonga tushib, himoyadagi vazifalarini udallash barobarida jamoadoshlariga bir juft golli pas ham oshirdi.

Bartosh Bereshinski Polsha terma jamoasining ham yetakchi o‘yinchilaridan hisoblanadi.

Veretu yangi shartnoma oladi
“Roma” aksariyat futbolchilari bilan amaldagi shartnomani uzaytirmoqda. Yangi bitim oladigan o‘yinchilar ro‘yxatida fransiyalik legioner Jordan Veretu ham bor.

Rim klubida uchinchi mavsumini o‘tkazayotgan yarim himoyachi to‘purarlik mahoratini namoyish etib kelmoqda. “Roma”dagi ilk mavsumida 33 ta uchrashuvda oltita gol urgan Veretu o‘tgan chempionatda 29 ta bahsda raqiblar darvozasini 10 marta ishg‘ol qilib, eng ko‘p to‘p kiritgan ikki futbolchidan biri bo‘ldi.

Joriy mavsumda u yettita uchrashuvda o‘z nomiga to‘rtta gol yozdirib qo‘ydi. Klub rahbariyati uning 2024 yilning yozigacha davom etadigan shartnomasini maosh qo‘shgan holda ikki yilga cho‘zib qo‘ymoqchi.

“Roma”ga “Ayaks”yulduzi kerak
“Roma” e’tiborini “Ayaks” himoyachisi Nusser Mazrauiga qaratdi. Bu futbolchining amaldagi shartnomasi yozda nihoyasiga yetadi.
Marokashlik himoyachi o‘z kuchini kuchliroq chempionatda sinab ko‘rishga tayyor. Unga “Roma”dan tashqari “Napoli” ham qiziqish bildirmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, A Seriyaning har ikki klubi vakillari Mazrauining agenti Mino Rayola bilan aloqaga chiqqan.
Mazraui “Ayaks” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U bu klubning asosiy tarkibida jami 113 ta uchrashuv o‘tkazib, to‘qqiz marta to‘p kiritgan. Ikki karra Niderlandiya chempionligiga sazovor bo‘ldi. Transfermarkt portali iste’dodli futbolchining transferini 18 million yevroga baholadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bardam bo‘l, Shoma! Mourino “Roma”ga ko‘p gol uradigan futbolchi olyapti