17:30 / 30.10.2021
2 413

"Nasaf" sardori Jizzaxdagi o‘yin yakunida sodir bo‘lgan tartibsizlik haqida gapirdi

"Nasaf" sardori Jizzaxdagi o‘yin yakunida sodir bo‘lgan tartibsizlik haqida gapirdi
O‘zbekiston Kubogi-2021 chorak finalining so‘nggi uchrashuvi Jizzaxda bo‘lib o‘tdi. Unda Qarshining "Nasaf" klubi mezbonlar ustidan minimal hisobda zafar quchdi. 54-daqiqada Shohmalik Komilovning penaltidan kiritgan goli Ro‘ziqul Berdiyev jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Ilgiz Tantashevning so‘nggi hushtagi chalingach, ikkala jamoalari o‘rtasida tortishuv kelib chiqqanidan xabaringiz bor. Barchasi tinchiganidan keyin bahsni kuzatish uchun Jizzaxga yetib borgan muhbirimiz "Nasaf" sardori Umarbek Eshmurodovning fikrlari bilan qiziqdi.

"O‘yin qiyin bo‘ldi. Jizzaxga OFK kubogi finalidan oldin kelganimiz bois asosiy tarkib o‘yinchilarining ba’zilari zaxirada qoldi. Murabbiy ularga dam berish bilan birga, jarohatdan ham asrashni o‘ylagandi. Bu maydonda to‘p tepish sal qiyinroq, chunki notekis. Shu tufayli yigitlar ozroq qiynalishdi. Lekin yutib oldik, muhimi g‘alaba. Yarim final yo‘llanmasi bilan muxlislarni tabriklaymiz".

— Qarshidagi o‘yinda ham Bahodir Nasimov va sizning o‘rtangizda ko‘p to‘qnashuvlar bo‘lgandi. Buning futboldan tashqari sababi yo‘qmi?
— A, yo‘q, bu futbolda ko‘p uchraydigan holat. U ham g‘alabani xohlaydi, men ham. Bunga jiddiy e’tibor berish kerak emas.

— Tantashevning o‘yinni yakunlovchi hushtagi chalinganidan keyin yuz bergan tartibsizliklar haqida nima deysiz?
— O‘yin sur’atini ko‘rdingiz, hamma qizishib ketdi. Bu tabiiy jarayon. To‘g‘ri, ichkarida biroz tartibsizlik bo‘ldi. Biroq, hech qanday janjal yoki urushga aylangani yo‘q. Barcha jimgina kiyim almashtirish xonasiga kirib ketdi.

— Maydondan chiqib ketish jarayonida raqib ustozi (Baqoyev) bilan dahanaki jangga kirishdingiz...
— Aytdim-ku, barcha qizishgandi. Futbolda asablarni jilovlab turish qiyin. Lekin Ulug‘bek aka bilan oramizda hech narsa bo‘lgani yo‘q. U o‘z futbolchilariga gapirayotgan ekan, men ham Baqoyevning manzili tomon hech narsa deganim yo‘q.

— OFK kubogi finalida omad tilaymiz!
— Sizga ham rahmat! Bahraynda butun o‘zbek xalqi uchun o‘ynaymiz. Nasib qilsa, kubok bilan qaytamiz.

Faxriddin suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" sardori Jizzaxdagi o‘yin yakunida sodir bo‘lgan tartibsizlik haqida gapirdi