14:55 / 31.10.2021
1 872

"Juda bo‘rttirib yuborildi, zarba odam yiqiladigan darajada emasdi" - "Nasaf" sardori Jizzaxdagi bahsli vaziyat haqida

"Juda bo‘rttirib yuborildi, zarba odam yiqiladigan darajada emasdi" - "Nasaf" sardori Jizzaxdagi bahsli vaziyat haqida
Doim muxlislarning mehrini qozonib kelgan Qarshining “Nasaf” klubi uchun joriy mavsum ham turli sarguzashtlarga boy tarzda kechyapti. Asosiysi, jamoa o‘zi ishtirok etayotgan musobaqalarda g‘oliblik uchun kurashish imkoniyatini saqlab kelyapti.

5 noyabr kuni qarshiliklar Bahraynda “Al-Muharraq” klubi bilan OFK Kubogi finalida o‘ynaydi. Bilasiz, ungacha “Ajdarlar” Andijon va Jizzaxda og‘ir bellashuvlarni ham o‘tkazishga ulgurdi.

“Nasaf” sardori va yetakchisi Umar Eshmurodov bir qator masalalar bo‘yicha Sports.uz muxbiri bilan muloqotda bo‘ldi.

“Maydon holati yaxshi emasdi”
Birinchi navbatda “Nasaf” klubini yarim finalga chiqqani bilan tabriklash kerak. Chunki Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan og‘ir kechgan uchrashuvda muhim g‘alabaga erishishdi. O‘yinning borishidan hammasini bitta gol hal qiladigandek edi. Bu vaziyatda kim birinchi gol ursa, g‘alaba qozonishi katta ehtimol edi. Bu xususida Umar Eshmurodov shunday dedi:

- Rahmat, tabrik uchun. Aytishim mumkinki, Jizzaxdagi uchrashuv biz uchun qiyin bo‘ldi. O‘zingiz aytganingizdek, u yerda birinchi gol urgan jamoa yutib ketish ehtimoli yuqori edi. Chunki maydon holati yaxshi emasdi.

“Uchta frontda ham natija ko‘rsatishga harakat qilamiz”
“Nasaf”ning ishlari yaxshi. Jamoa O‘zbekiston Kubogida yarim finalga chiqdi, chempionatda medallar uchun kurashyapti va eng asosiysi, OFK Kubogi finalida o‘ynaydi. Xo‘sh, jamoa sardori “Nasaf”ning barcha musobaqalarda g‘olib chiqish imkoniyatini qanday baholayapti?

- Ha, mavsumning eng mas’uliyatli pallasiga keldik. Albatta, o‘z oldimizga qo‘ygan aniq maqsadlarimiz bor. Shunday ekan, oldimizda turgan uchta frontda ham natija ko‘rsatishga harakat qilamiz, - dedi Umar.

“Bizga salbiy ta’sir qilmaydi”
“Nasaf” OFK Kubogi yarim finalidan keyin chempionat hamda Kubokda ikkita qiyin o‘yinni o‘tkazdi. Bu jamoaning finaldagi o‘yini uchun tayyorgarlik jarayoniga qanchalik ta’sir qilishi mumkin? Andijon va Jizzaxdagi og‘ir o‘yinlarning futbolchilarga ta’siri yo‘qmi? Bu borada Eshmurodovning javobi quyidagicha bo‘ldi:
- Yo‘q, salbiy ta’sir qilmaydi. Umuman olganda, o‘yinlar orasi 3-4 kun bo‘lishi normal holat deb hisoblayman. Buning ustiga jamoamizning jismoniy holati ham yaxshi.

“Hakam barchasini ko‘rdi”
Jizzaxdagi bahsda Umar Eshmurodovning raqib hujumchisi Bahodir Nasimov bilan o‘rtasida yuz bergan mojaroli vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda ham keng tarqaldi. Vaziyatni hakam ko‘rmay qoldi, Eshmurodovga qandaydir jazo tayinlash kerak, degan fikrlar ham yangrayapti.

- Futbolda bunaqa vaziyatlar bo‘lib turadi. Lekin juda bo‘rttirib yuborildi. O‘sha vaziyatni video qilib, ijtimoiy tarmoqlarda “aylantirilib”, bilmadim nimaga erishishmoqchi?! Maydonda yuz bergan vaziyatda hakam bizga yaqin turgandi. Shu bois u barchasini ko‘rdi. Bu holatda odam yiqiladigan darajada zarba bo‘lgani yo‘q. Shuni ham aytmoqchimanki, bo‘lgan voqealar kayfiyatimiz va tayyorgarligimizga hech qanaqasiga ta’sir qilmaydi. Biz o‘yin tugashi bilan finalga jiddiy tayyorgarlikni boshlaganmiz, - dedi “Nasaf” sardori.

“Finalda favorit bo‘lmaydi”
Bahraynning “Al-Muharraq” jamoasi ham bejizga finalgacha yetib kelgani yo‘q. Tarkibida yaxshi saviyadagi legionerlari bor. Umar Eshmurodov esa bo‘lajak raqib haqida ham gapirdi.
- Bizni ularga qarshi finalda o‘ynashimiz ma’lum bo‘lishi bilanoq raqibni o‘rganishni boshlab yuborganmiz. Bahrayn klubi yaxshi shakllangan jamoa. Uning tarkibidagi o‘yinchilarini ham o‘rganib boryapmiz. Final bu o‘z nomi bilan final. Qanday o‘yin bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi va unda favorit ham bo‘lmaydi. Menimcha, bu o‘yinda jismoniy hamda ruhiy holat birinchi o‘ringa chiqadi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Juda bo‘rttirib yuborildi, zarba odam yiqiladigan darajada emasdi" - "Nasaf" sardori Jizzaxdagi bahsli vaziyat haqida