20:20 / 04.11.2021
1 763

"Al-Muharraq"da o‘ynagan o‘zbekistonlik futbolchi, raqib haqida nimalarni bilamiz yoxud hammasi final oldidan

"Al-Muharraq"da o‘ynagan o‘zbekistonlik futbolchi, raqib haqida nimalarni bilamiz yoxud hammasi final oldidan
Ertaga OFK Kubogining joriy yildagi mavsumi yakuniga yetadi. Hal qiluvchi palla keldi: final – “Al-Muharraq” – “Nasaf”. Barchamiz intiqlik bilan kutayotgan o‘yin. OFK Kubogi Osiyoda klublar o‘rtasidagi turnirlar orasida Osiyo Chempionlar ligasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev esa OFK Kubogining saviyasini yuqori baholadi.

OFK Kubogi haqida
Shu o‘rinda OFK Kubogi haqida biroz to‘xtalib o‘tsak. Bu musobaqa 2004 yilda tashkil etilgan bo‘lib, xuddi Osiyo Chempionlar ligasi kabi har yili o‘tkaziladi. Ilk o‘tkazilgan turnirda finalga Suriyaning ikki klubi – “Al-Jayish” bilan “Al-Vahda” yetib kelgan va unda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, “Al-Jayish” OFK Kubogining dastlabki g‘olibi sifatida tarixdan joy olgan. Dastlabki beshta finalda o‘yinlar uy-safar tizimida o‘tkazilgan. Undan keyin g‘olib nomi bitta o‘yinda aniqlanadigan bo‘lgan.

“Nasaf”ning raqibi “Al-Muharraq” 2008 yili finalda Livanning “Safa” jamoasini mag‘lub etib bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Xuddi “Nasaf” singari “Al-Muharraq” ham bir bor OFK Kubogini yutgan. Aslida esa 2006 yildayoq bahraynliklar bu musobaqani yutish imkoniyatiga juda yaqin kelgandilar. Ammo finalda Iordaniyaning “Al-Faysali” klubiga imkoniyatni boy bergan.

OFK Kubogini eng ko‘p yutgan jamoalar ikkita. Bular - “Al-“Quvayt” (Quvayt) bilan “Al-Quva” (Iroq). Ikkala jamoa 3 martadan g‘olib chiqqan. E’tiborlisi, “Al-Quvayt” chempionlikdan tashqari yana 4 marta finalda yutqazgan va ulardan biri 2011 yili “Nasaf” bilan o‘yinni aytish mumkin. “Al-Quva” esa 3 marta finalga chiqqan. Iordaniyaning “Al-Faysali” klubi hisobida esa ikkita chempionlik bor. Shuningdek, “Al-Qodisiya”, “Al-Muharraq”, “Al-Jayish”, “Shabab Al-Ordun”, “Al-Ittihod”, “Nasaf”, “Joxor” va “Al-Axad” klublari bir martadan OFK Kubogi g‘olibligiga sazovor bo‘lishgan. Yana shuni ham qo‘shimcha qilish joizki, pandemiya sababli o‘tgan yili OFK Kubogi o‘tkazilmadi. Musobaqaning oxirgi g‘olibi esa Livanning “Al-Ahad” jamoasi hisoblanadi. 2019 yilgi finalda bu klub KXDRning “25 aprel” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan.

“Al-Muharraq”ning finalgacha bosib o‘tgan yo‘li
Bahrayn klubining ham OFK Kubogida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bor. “Al-Muharraq” G‘arbiy Osiyo zonasida qatnashgan bo‘lib, “V” guruhidan joy oldi. “Nasaf” bilan o‘yingacha 5 ta o‘yin o‘tkazdi.

G‘arbiy Osiyo zonasi: Guruh bosqichi.

“V” guruhi

1-tur. “Al-Salt” – “Al-Muharraq” – 0:1
2-tur. “Al-Muharraq” – “Markaz Balata” – 2:3
3-tur. “Al-Ansor” – “Al-Muharraq” – 1:3

Turnir jadvali

1. “Al-Salt” 3 2 0 1 7:2 6
2. “Al-Muharraq” 3 2 0 1 6:4 6
3. “Al-Ansor” 3 1 0 2 4:5 3
4. Markaz Balata 3 1 0 2 3:9 3

G‘arbiy Osiyo zonasi: Yarim final: “Al-Muharraq” – “Al-Ahad” - 3:0
G‘arbiy Osiyo zonasi: Final: “Al-Muharraq” – “Quvayt SK” - 2:0

Shu o‘rinda “Nasaf”ning bo‘lajak raqibi haqida ham to‘xtaladigan bo‘lsak, klubga 1928 yilda asos solingan. Klub uy o‘yinlarini “Shayx Ali bin Muhammad Al Xalifa” stadionida o‘tkazadi va o‘z bag‘riga 20 ming ishqibozni sig‘diradi. Bu stadiondan “Al-Muharraq”dan tashqari, “Al-Bahrayn” jamoasi ham foydalanadi. “Al-Muharraq”ning qo‘lga kiritgan yutuqlari esa juda ko‘p. Masalan, Bahrayning 34-karra chempioni hisoblanadi. Buning o‘zidanoq “Al-Muharraq”ning katta tarixga egaligini bilsa bo‘ladi. Shuningdek, qirol kubogida 32 marta zafar quchgan. Bundan tashqari, yana bir qator ichki musobaqalarda qo‘lga kiritgan g‘alabalari ham bor. Bu jamoa Bahrayn chempionatida oxirgi marta 2018 yili chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Darvoqe, “Al-Muharraq” safida o‘z vaqtida o‘zbekistonlik futbolchi ham to‘p surgan. Ya’ni, 2016 yilgi mavsumda bu jamoa tarkibiga Shoxruh Gadoyev qo‘shib olingan. O‘shanda yarim himoyachimiz “Al-Muharraq” tarkibida yarim mavsum to‘p surgan. Hozirda Gadoyev AGMK sharafini himoya qilayotganini yaxshi bilasiz.

Ayni paytda “Al-Muharraq” jamoasini braziliyalik Markos Paketa boshqarib boryapti. Muxlislarimiz uchun u notanish murabbiy emas. O‘z vaqtida Saudiya Arabistonida ishlagan kezlarida terma jamoa va klublar bilan birga Toshkentda ham o‘yinlar o‘tkazgan. Qizig‘i, OFK Kubogi finali Paketa uchun ham, Berdiyev uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. Boisi, ikkala mutaxassis uchun bu bosh murabbiy sifatidagi ilk OFK Kubogi finali hisoblanadi. Ko‘ramiz, o‘yindan so‘ng kimning ko‘chasida bayram bo‘larkin?

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Al-Muharraq"da o‘ynagan o‘zbekistonlik futbolchi, raqib haqida nimalarni bilamiz yoxud hammasi final oldidan