17:06 / 05.12.2021
3 683

Legionerga aylanishni istayotgan G‘olib G‘aybullayev keyingi yilni qayerda o‘tkazishini aytdi

Legionerga aylanishni istayotgan G‘olib G‘aybullayev keyingi yilni qayerda o‘tkazishini aytdi
Samarqanddagi O‘zbekiston Kubogi finali orqali yurtimizda 2021 yilgi futbol mavsumi rasman nihoyasiga yetdi. Chempionatda medalsiz qolib ketgan “Nasaf” klubi o‘zi uchun oxirgi imkoniyat bo‘lib qolgan O‘zbekiston Kubogi finalida yutishga majbur edi.

Amaldagi chempion “Paxtakor” ham yana bir bor Kubokni o‘zi bilan olib ketish niyatida kelgani aniq edi. O‘yinning borishi shunday kechdiki, ayniqsa, “Nasaf” futbolchisi Oybek Bozorovning maydondan chetlatilishi va bu paytga kelib qarshiliklar 0:1 hisobida yutqazayotgani tufayli ularning maydondagi vazifasi ikki-uch barobarga qiyinlashib ketdi.

Mana shunday og‘ir pallada chinakamiga matonat va irodasini ko‘rsatgan “Nasaf” futbolchilariga shunchaki qoyil qolsa arziydi. Tanaffusga qadar hisobni tenglashtirishdi. Ikkinchi bo‘limda esa “Nasaf” himoyachisi G‘olib G‘aybullayev burchakdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi.

Shu tariqa, “Ajdarlar” o‘ta muhim o‘yinda o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritib Kubokni boshi uzra ko‘tardilar. Mazkur uchrashuvda esa ikkinchi gol muallifi bo‘lgan G‘olib G‘aybullayev o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Ushbu iste’dod egasi finaldagi taassurotlar, urgan goli va yangi rejalari borasida Sports.uz saytiga o‘zining qarashlarini gapirdi.

Final haqida
- “Paxtakor” yaxshi jamoa. Bu o‘yinni oldindan qiyin bo‘lishini bilardik. Ha, maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldik. Lekin biz bundan oldingi bahslarda ham 10 kishi bo‘lib qolgan holda o‘ynagandik. Shuning uchun bu safar ham maydonda kamchilik bo‘lib qolganimizga qaramay, qo‘limizdan kelganicha iroda ko‘rsatishga harakat qildik. Bu o‘yin bizga Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishimiz uchun oxirgi imkoniyatimiz ekanini bilardik. Buni hammamiz yaxshi tushungan holda g‘alaba qozonishga harakat qildik.

Oybek Bozorovning chetlatilishi to‘g‘risida
- Albatta, bu jamoamiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Chunki Oybek Bozorov bizning eng kerakli futbolchimiz hisoblanadi. Shunga qaramay, jamoadoshlarim bilan kelishib oldik va uning yo‘qligini sezdirmaslik uchun ham qo‘limizdan kelganicha kurashdik. Maqsadimiz faqat g‘alaba edi va bu yo‘lda oxirigacha harakat qildik. Yakun esa biz uchun yaxshi bo‘ldi.

Gol urgan vaziyati xususida
- Albatta, bu juda ham yoqimli tuyg‘u. Buni so‘z bilan ifodalash qiyin deb o‘ylayman. Asosiysi, jamoamga foyda keltirganim muhim. “Paxtakor” darvozasiga urgan golim faoliyatimdagi eng muhimi bo‘ldi.

Finallardagi mag‘lubiyat va oxirgi imkoniyat
- Finallarda yutqazish har doim og‘ir bo‘ladi. Bu safargisi esa oxirgi imkoniyatimiz edi. Boya aytdim, vaziyatni jamoamizdagi hamma juda yaxshi his qilib turgandi. Bu kabi o‘yinlarda hamma o‘zini-o‘zi tayyorlashi kerak edi. Albatta, murabbiyimiz Ro‘ziqul Berdiyevning ham katta yordami bo‘ldi. Finalga chiqqanimizdan boshlab jamoamizni ruhiy tomondan tayyorlab keldi. Bosimni esa qo‘ldan kelganicha yengib o‘tdik, deb o‘ylayman.

G‘aybullayev “Nasaf”da qoladimi yoki legionerga aylanmoqchimi?
- Keyingi rejalarim aniq. “Nasaf” jamoasi bilan yana bir yillik shartnomam bor. Agar imkoni bo‘lsa, chetda legioner bo‘lib futbol o‘ynashni juda xohlardim. Shu bois xorijda o‘zimni sinab ko‘rish maqsadim bor. Lekin kelasi yili “Nasaf”da aniq qolaman.

Jamoa Osiyo Chempionlar ligasiga tayyormi?
- Ha, bu yilgi mavsumni tahlil qilsak, jamoa sifatida har bir o‘yinchi anchagina o‘sishga erishdi deb hisoblayman. To‘g‘ri, hozir hamma futbolchilarimiz Osiyo Chempionlar ligasiga tayyor. Bizga kerakligi esa bu zaxira. Zaxiramiz kamligi sababli sovrinli o‘rinlarni qo‘ldan boy berdik deb hisoblasak bo‘ladi.

Mavsumning eng yaxshilari kimlar?
- Butun mavsum biz uchun yomon o‘tmadi. Har xolda oxirgi imkoniyatimizdan foydalana oldik va Kubokni qo‘lga kiritdik. Bu bizga ko‘p narsalar beradi, degan umiddaman. Osiyo Chempionlar ligasi saralashida ishtirok etamiz. Qolaversa, bu g‘alaba o‘zimiz uchun ham kerak edi. Endi eng yaxshilariga kelsak, ochig‘i, bu haqida gapirish niyatim yo‘q. Buni mutaxassislar hal qilishsin. Men kimnidir ajratib ko‘rsatishni xohlamayman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerga aylanishni istayotgan G‘olib G‘aybullayev keyingi yilni qayerda o‘tkazishini aytdi