Kuchli, yuqori saviyali va o‘z ishining ustasi bo‘lgan futbolchilar har qanday qudratli jamoaning asosiy quroli hisoblanadi. Bu qurol ish berishi uchun o‘yinchilarni bir jamoa sifatida birlashtiradigan, maqsad sari yetaklab, qanday g‘alaba qozonish kerakligini o‘rgatadigan bosh murabbiydir.
Yana grand klublar safiga qaytmoqchi bo‘layotgan “Roma” o‘z maqsadiga Joze Mourino yordamida yetishmoqchi. Portugaliyalik mutaxassisga hamma futbolchilarning o‘yini ham yoqavermaydi. Avval ishlagan klublarida bir qator yulduzlarni chiqishtirmagani, o‘ynatmagani, haydaganining guvohi bo‘lganmiz.
“Roma”ni qabul qilib olganidan keyin Mourino yozgi transferlar vaqtida ko‘zga ko‘ringan uchta transferni amalga oshirib, Angliya chempionatidan darvozabon Ruy Patrisio, hujumchi Temmi Abraxam, A Seriyaning o‘zidan Eldor Shomurodovni oldi.
Joze bu o‘yinchilar jamoani kuchaytirish uchun emas, balki zaif va bo‘sh nuqtalarni yopish uchun olinganini bir necha bor ta’kidladi.
Mourino “Roma” xo‘jayinlarini yuqori o‘rinlar va nufuzli sovrinlarga da’vo qiladigan jamoa ishni katta transferlardan boshlashi kerakligiga ishontirdi. Garchi uning o‘zi yaqinlashib kelayotgan qishki transferlar vaqtida zo‘r futbolchilarni xarid qilish mushkul masala ekanini ta’kidlagan bo‘lsa-da, klub sport direktori Tyago Pinto bir necha charm to‘p ustalari bilan aloqa o‘rnatishni boshlab yubordi.
Xo‘sh, “Roma” qaysi futbolchilarga og‘iz solmoqda?
Italiyaning nufuzli La Gazzetta Dello Sport nashri rimliklar birinchi navbatda himoya va maydon markazini kuchaytirishini ta’kidlayapti. Manbaning ma’lum qilishicha, Mourino himoya chizig‘iga Maks Aarons (21 yosh, “Norvich Siti”), Benjamin Xenriks (24 yosh, “RB Leypsig”), Markus Xolmgren Pedersen (21 yosh, “Feyenoord”) va Diogu Dalot (22 yosh, “Manchester Yunayted”) kabi o‘yinchilarni taklif qilmoqchi.
Maydon markaziga chaqirilayotgan o‘yinchilar orasida Bundesliga vakillari – Korentin Tolisso (27 yosh, “Bavariya”) va Florian Grillich (26 yosh, “Xoffenxaym”) bor. Har ikki o‘yinchi mavsum oxirida erkin agentga aylanishi ularning xaridorlari ko‘payishini ta’minlamoqda. Bu ro‘yxatga “Bavariya”da ishlari yurishmagan ispaniyalik Mark Rokani qo‘shish mumkin. 2020 yil oktabrida myunxenliklar safiga qo‘shilgan o‘yinchi shu paytga qadar besh marta maydonga tushdi. Garchi uzoq muddatli shartnomasi bo‘lsa ham, “Bavariya”ga umuman kerak emas.
Shu o‘rinda, Joze Mourino ancha oldin nishonga olgan, biroq transferini amalga oshirish juda mushkul bo‘lgan o‘yinchilar ham bor. Xususan, “Roma” birinchilardan bo‘lib Denis Zakariyaga e’tibor qaratgandi. Rimliklar shveysariyalik yarim himochining yozda erkin agentga aylanishini kutmasdan, xarajat evaziga bo‘lsa-da, uni yanvarda qo‘lga kiritmoqchi edi. Transferlarga mas’ul Tyago Pinto Myonxengladbaxning “Borussiya”siga yarim mavsum uchun 5 million yevro kompesatsiya va Zakariyaga 4-4,5 million yevro yillik maosh taklif qilgan bo‘lsa-da, ulardan javob bo‘lmadi. Bunga iste’dodli yarim himoyachiga Yevropaning bugungi kundagi eng qudratli klublaridan chorlov bo‘layotganini sabab qilib ko‘rsatish mumkin. “Roma” ular bilan raqobatlasha olmasligi bois, kurashdan chiqdi.
Mourino orzusidagi yana bir futbolchi – “Portu” vakili Luis Dias. Avvaliga Portugaliya jamoasi mavsumda to‘purarlik qobiliyatini namoyish qilib kelayotgan hujumkor futbolchini qo‘yib yuborishni istamadi. Biroq, “Portu” Yevropa chempionlar ligasining pley-off bosqichiga chiqa olmagach, klub rahbariyati bozori qaynab turgan o‘yinchini sotib yuborishga rozi bo‘ldi.
“Roma”da xuddi Denis Zakariya kabi Luis Diasni olish imkoni juda past. Chunki iste’dodli futbolchiga Angliya premer-ligasining bir necha jamoalari ko‘z tikmoqda. Xususan, iste’dodli ijrochilarni ko‘zdan qochirmaydigan Yurgen Klopp kolumbiyalik vingerni “Liverpul”ga olib kelish harakatiga tushib qolgan.
Mourino nazariga tushgan yana bir nomi chiqqan futbolchi Anxel Korreadir. “Atletiko” yetakchisi joriy mavsumda 16 ta uchrashuvda to‘rtta gol urishga erishdi. Argentinalik yarim himoyachini “Milan”, “Napoli” va “Yuventus” ham sinchkovlik bilan kuzatib boryapti.
- Transfer bozorida nimalarga e’tibor qaratishni, bizga kimlar kerakligini bilamiz. Yanvardagi transferlar yozgisidan farq qiladi. Asosiysi, biz Chempionlar ligasiga chiqishimizga ishonchni yo‘qotmadik, - dedi Tyago Pinto.
Darhaqiqat, “Roma” o‘zi ko‘zlagan barcha futbolchilarni Rimga olib kelolmasligi tabiiy hol. Biroq, klub rahbariyati Mourinoning g‘oyalarini ma’qullayotgani va transferlarda uni qo‘llab-quvvatlayotgani muhimdir. Zero, Eldor Shomurodov hurmatidan “Roma”ga muxlislik qilayotgan ekanmiz, legionerimiz bu jamoa bilan turli yutuqlarni qo‘lga kiritishini istaymiz. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"