O‘zbekistonning amaldagi chempioni – “Paxtakor” ham Superliganing boshqa ishtirokchilari qatori yangi mavsum uchun tayyorgarlik ishlarini olib boryapti. Bizni birinchi navbatda bosh murabbiy masalasi qiziqtiryapti. Negaki, haligacha ushbu mavzu yopilgani yo‘q, hamon ochiq turibdi.
To‘g‘ri, bungacha klub rasmiylari yangi mavsumda ham niderlandiyalik Piter Xyuistraga ishonch bildirilishi va bu borada rahbariyat uni qo‘llab-quvvatlayotgani haqida aytishgandi. Biroq haligacha uning klubdagi taqdiri uzil-kesil hal qilingani yo‘q. Bu hol esa jamoaning ishqibozlari uchun tashvishli. Xyuistra bilan yangi shartnoma imzolanmayotgani tufayli yana turli gap-so‘zlar ham chiqmoqda. Endi shuni aniq aytish mumkinki, “Paxtakor” Xyuistra bilan ishlaydi yoki o‘rniga boshqasini olib keladi. Klub sport direktori Ja’far Irismetov mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirdi.
“Hali bosh murabbiy Piter Xyuistra bilan kelishuvga erishmaganimiz uchun turli ma’lumotlar chiqyapti. Hozircha yangi murabbiy haqida biror narsa deyishim qiyin. Agar kelishib shartnomaga qo‘l qo‘yilsa, hammasini bilib olasizlar. Ungacha murabbiy borasida tayinli gap ayta olmayman”.
Ha, Irismetovning ushbu so‘zlaridan shuni bilish mumkinki, “Paxtakor”da yangi murabbiy ish boshlab qolishi ham ehtimol bor. Bundan tashqari, jamoani yetakchilar tark etayotganidan ham xabaringiz bor. Ayniqsa, ikki markaziy himoyachilar – Anzur Ismoilov bilan Yegor Krimetsning “Paxtakor” bilan xayrlashishgani jiddiy yo‘qotishga aylanishi mumkin. Chunki ularda katta tajriba bor edi. Endi bo‘lsa, klub ularning o‘rnini to‘ldirishi shart. O‘z o‘rnida Irismetov himoyachilarning ketishi bo‘yicha ham o‘z fikrini bildirdi.
“Bilasizlar, Anzur Ismoilov bilan Yegor Krimes jamoamizni tark etishdi. Fursatdan foydalanib, ularning jamoamiz uchun qilgan mehnatlariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. “Paxtakor”ning chempion bo‘lishida ushbu o‘yinchilar ancha hissalarini qo‘shishdi. Lekin futbol shunaqa ekan-da, bir kun kelib o‘zgarishlar bo‘ladi. “Paxtakor” futboli klubi Ismoilovga ham, Krimetsga ham katta rahmat deb qoladi. Shaxsan o‘z nomimdan keyingi faoliyatlariga omad tilayman”.
Bevosita klubning qishki rejalariga kelsak, xabar berganimizdek, 8 yanvardan mashg‘ulotlar boshlanadi. Tabiiyki, Turkiyada ham tayyorgarlik ko‘riladi. Qizig‘i, “Paxtakor” u yerda asosan “Dinamo” nomli klublarga qarshi nazorat uchrashuvlarida qatnashadi. 10 fevralda Moskvaning “Dinamo”si, 5 kundan so‘ng Tbilisining “Dinamo”si hamda 19-sanasida Kiyevning “Dinamo” klubi “Paxtakor”ning raqibiga aylanadi. Ja’far Irismetov tayyorgarlik rejasi haqida ham gapirdi.
“8 yanvarda yig‘ilib, avvalo koronavirus uchun test topshiramiz va shundan keyin mashg‘ulotlarga kirishamiz. Rejamiz bo‘yicha 5 fevralga qadar Toshkentda shug‘ullanamiz. Chunki 8 nafar futbolchilarimiz terma jamoaga chaqirilishgan. Ular 3 fevralda klub ixtiyoriga qaytishgach, 5-sanasida safarga jo‘nab ketamiz. Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazamiz. O‘zimizga ma’qul keladigan mehmonxonani tanlab olganmiz, u yerda ajoyib maydonlar bor. Sharoitlari joyida. O‘zinglar ko‘rdinglar, bizning Antaliyadagi sparring-raqiblarimiz ham kuchli. Ularni bejizga tanlamadik. Bunday tayyorgarlikda o‘zimizni nimalarga qodirligimizni tekshirib olishimiz muhim.
Qayerda kamchiligimiz bor, qaysi pozitsiya bo‘yicha kuchayishimiz kerak? Chunki “Paxtakor” Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Tarkibimiz ancha-muncha yoshartirilishiga qaramasdan Mirjahon Mirahmadovni ham safimizga qo‘shib oldik. U yosh va iqtidorli hujumchilardan biri hisoblanadi. Bizni bu bilan to‘xtab qolish niyatimiz yo‘q. Hali yana muammoli chiziqlarimiz bor. Hozirgi paytga kelib ayrim futbolchilar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Yaqin orada yana jamoamizni kuchaytiradigan yangi o‘yinchilarni olib kelishga harakat qilamiz. Asosiy e’tiborni baribir yoshlarga qaratamiz.
Darvoqe, “Paxtakor” moliyaviy tarafdan biroz qiynalib qoldi, degan gap-so‘zlar ham quloqqa chalinyapti. Irismetovdan bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini so‘radik.
“Rostini aytsam, klub moliyaviy qiyinchiliklarga uchragani yo‘q. Garchi budjetimiz biroz qisqarganiga qaramasdan 80 foiz futbolchilarimizni saqlab qolyapmiz. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi”, - dedi klub sport direktori.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar