Tojikistonning birinchi raqamli klubi – “Istiqlol”ni joriy yilda ham muhim o‘yinlar kutyapti. O‘zi ishtirok etadigan musobaqalarda jamoa yana muxlislarini quvontirishni xohlaydi. Bilasiz, o‘tgan yili Vitaliy Levchenko boshchiligidagi “Istiqlol” Osiyo Chempionlar ligasida qahramonlik ko‘rsatdi. E’tiborlisi shundaki, bu yil ham Tojikiston chempioni OCHL guruh bosqichida o‘tgan yildagidek Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasi bilan bellashadi.
Bundan tashqari, “Istiqlol” o‘z yetakchilarini yo‘qotyapti. Ayniqsa, klubning asosiy figuralari birin-ketin O‘zbekiston chempionatiga o‘tib ketishayotganiga nima deysiz? Shu va yana boshqa masalalar yuzasidan klub bosh murabbiyi Vitiliy Levchenko bilan bog‘landik.
- Vitaliy Grigorevich, sizni “Istiqlol” bilan tuzgan shartnomangiz tugagandi. Klub bilan kelishuv uzaytirildimi yoki...
- Ha, rostdan ham mening “Istiqlol” bilan amaldagi shartnomam tugagan. Mavsum yakunida klub prezidenti Shoxruh Saidzoda bilan uchrashdim. Biz yana bir yillik hamkorlik borasida kelishib oldik. Dushanbega uchib kelishim bilan shartnoma imzolayman.
- Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga qur’a tashlandi. “Istiqlol” yana “Al-Hilol” bilan bir guruhda. Buni kutmagandingizmi?
- Eng kuchli guruhga tushib qoldik. Osiyo Chempionlar ligasining amaldagi chempioni – “Al-Hilol”ga kelsak, albatta biz bunday variantni kutmagandik. Lekin hammasi yaxshilikka. Shunday ekan, biz ruhimizni tushirmaymiz, tayyorgarlik ko‘ramiz va kelajakka umid bilan boqamiz.
- Sizningcha, “Istiqlol” “Al-Hilol”ni yana mag‘lub eta oladimi? Axir o‘tgan yili bu raqibni 4:1 hisobida mag‘lub etgansizlar. Yoki bu ertakka aylandimi?
- Xotiralar bilan yashash kerak emas. Faqat oldinga boqish darkor. “Al-Hilol” o‘z tarkibini jiddiy ravishda kuchaytirganini bilamiz. O‘zimizga kelsak, o‘tgan mavsumga nisbatan yangi jamoani shakllantiryapmiz. Endi o‘tgan yilgi tarkibdan ko‘pchiligi yo‘q. Lekin oldimizdagi vazifa doimo jiddiy. Biz buni bajarishga harakat qilamiz.
- Klub yetakchilari – Andrey Mishenko va Alisher Jalilov AGMK klubiga o‘tib ketdi. Bu borada fikringizni bilmoqchiman. “Istiqlol” ularni nega saqlab qola olmadi?
- Yetakchi o‘yinchilarimizning boshqa klublarga, yaxshi sharoitlarga ega bo‘lgan jamoalarga ketishgani bu haqiqat. Ammo bu hayot va u davom etadi. Xuddi murabbiylarda bo‘lgani kabi almashtirib bo‘lmas futbolchi ham yo‘q. Klubimizni tark etgan o‘yinchilarga omad tilab qolamiz.
- Endi tarkibni qanday qilib yaxshilamoqchisiz? O‘zbekistondan futbolchilarni taklif qilmoqchimisiz?
- Biz birgina O‘zbekistonda emas, balki butun dunyo bo‘ylab o‘yinchilarni ko‘rib chiqyapmiz. Shu sabab ish davom etmoqda. Hozircha familiyalarni oshkor qilishga erta. Fikrimcha, biz tarkibni yaxshigina kuchaytiramiz va Osiyo Chempionlar ligasida klubimiz sha’nini munosib himoya qila olamiz.
- Sizga O‘zbekiston klublaridan aniq takliflar bo‘lganini eshitgandim. Qaysi jamoalarimizdan qiziqish bo‘ldi. O‘zbekiston chempionatida o‘zingizni sinab ko‘rishga tayyormisiz?
- Ha, takliflar bo‘ldi. Ammo bu klublar Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishmaydi, balki O‘zbekiston chempionatida 5-6-o‘rinlar uchun kurashishadi.
- Sir bo‘lmasa, qaysi jamoalar xizmatingizga qiziqdi?
- Men bu klublarning nomlarini oshkor qilishni xohlamayman. Ammo ulardan biriga mahalliy mutaxassis bosh murabbiy etib tayinlandi.
- Demak, bu “Lokomotiv”midi?
- (Kulib) Boya aytganimdek, bu klub nomini piar qilmoqchi emasman. Bu jamoa shundoq ham nomdor.
- Yaqinda “Istiqlol”ning ikki nafar o‘yinchisi Eronning “Persepolis” klubiga o‘tib ketishgandi. Tarkib zaiflashyaptimi? Axir Vaxdot Xanonov, Andrey Mishenko, Manuchexr Safarov, Alisher Jalilov kabilar ketishdi. Bular katta yo‘qotishmi?
- Doimo klubni yetakchilar tark etsa, bu o‘yin sifatiga ta’sir qiladi. Ammo futbolchilarga juda yaxshi shart-sharoitlardan iborat shartnomalar taklif qilinsa, bunday paytda biz ularni ushlab qola olmaymiz. Shunday ekan, pul ishlab topish uchun ketaverishsin.
- “Istiqlol”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi vazifasi qanday? Guruhdan chiqa oladimi?
- “Istiqlol” klubining oldida doimo yuksak maqsadlar va vazifalar turadi. O‘zimiz ishtirok etayotgan har bir turnirda raqibning kuchidan va kimga qarshi o‘ynayotganimizdan qat’iy nazar g‘alaba qozonish asosiy maqsadimiz. Shuning uchun maqsad va vazifalarimiz o‘zgarmaydi.
- Doim O‘zbekiston chempionatini kuzatib kelasiz. Sizningcha, yangi mavsumda qaysi klublar favorit?
- Fikrimcha, bu mavsum chempionlik uchun AGMK, “Nasaf”, “So‘g‘diyona” va “Navbahor” kurash olib boradi.
- Nega bu ro‘yxatga amaldagi chempion – “Paxtakor”ni qo‘shmadingiz?
- Ular bu mavsum “Bunyodkor” va “Lokomotiv” bilan 4-5-o‘rinlar uchun kurashishlari mumkin. Chunki bu klublarda tarkibni yoshartirish jarayoni ketmoqda. Chempionlik uchun kurashda hozirda ushbu jamoalarda moliyaviy imkoniyat yetishmaydi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot