
Qarshining "Nasaf" jamoasi kecha o‘z safiga rossiyalik yarim himoyachi Ivan Solovyovni qo‘shib olganini rasman e’lon qildi.
2019 yildan beri chempionatimizda o‘ynab kelayotgan futbolchini muxlislar juda yaxshi tanishadi. "Navbahor"dagi 3 yillik faoliyati davomida u qolgan legionerlarga nisbatan yaxshi taassurot qoldira oldi, deya olamiz. Ushbu mavsumdan boshlab esa Solovyov "ajdarlar" libosida harakat qiladi.
- Ivan "Navbahor" bilan shartnomangiz bo‘lishiga qaramasdan klubni tark etib "Nasaf"ga ko‘chib o‘tdingiz. Namanganliklar sizni olib qolishni istamadimi yoki bu o‘zingizdan chiqqan g‘oyami?
- "Navbahor"dan ketish o‘zimning fikrim edi. Aytganingizdek klub bilan yana bir yillik shartnomam bor bo‘lishiga qaramay jamoamni o‘zgartirdim. Menga "Nasaf"dan jiddiy taklif borligini aytishdi. Ularning chorlovini ko‘p ham o‘ylab o‘tirganim yo‘q.
- Sizni Qarshiga jalb qilgan asosiy jihat nima?
- Bu jamoada futbolchilarga bo‘lgan munosabat yaxshiligidan xabardorman. "Nasaf"ning infratuzilmasiga qoyil qolmasdan iloji yo‘q. Umuman olganda yangi jamoaga qo‘shilganimdan xursandman.
- "Navbahor"da Andrey Kanchelskis, Deyan Jurjevich, No‘’mon Hasanov, Viktor Jalilov kabi murabbiylar bilan ishladingiz. Ularning qaysi biriga alohida ta’rif bera olasiz?
- Siz aytgan murabbiylar orasidan eng yaxshisi Andrey Kanchelskis edi. Uning davrida jamoa jismonan juda yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan. Andrey Antanasovich o‘z jamoasidagi futbolchilarni yaxshi ko‘rardi. Murabbiy uchun barcha birdek hisoblanardi.
- 2021 yilgi mavsum yakunlangach o‘zingizda qanday istak bor edi, O‘zbekistonda yoki xorijda faoliyatingizni davom ettirish?
- Albatta O‘zbekistonda qolib o‘ynash istagi kuchlilik qildi.
- Qishki transferlar vaqtida yana qaysi klublardan takliflar oldingiz?
- Ko‘plari aniq muzokaragacha bormadi. Faqatgina AGMK aloqaga chiqdi.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar