date
views 1 961

Mourino raqobatda Shomurodovni enggan hujumchini asosiy tarkibdan haydadi

Моуриньо рақобатда Шомуродовни eнгган ҳужумчини асосий таркибдан ҳайдади
Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino 19 yoshli hujumchi Feliks Afena-Gyanni yana oʻrinbosarlar tarkibiga qaytarib yubordi.

Ganalik hujumchi joriy mavsumda asosiy tarkibga qoʻshilgandi. U “Jenoa”ga qarshi debyut uchrashuvida ikkita gol urib, Joze Mourino ishonchiga kirgan edi. Portugaliyalik mutaxassis uni qoʻllab-quvvatlash uchun qimmatbaho krossovka hadya qilgani ham bosh murabbiyning yosh oʻyinchiga munosabatini bildirib turadi.

Keyin paytda Mourino Feliksni Temmi Abraxamdan keyingi ikkinchi hujumchiga aylantirdi. Ungacha Eldor Shomurodov angliyalik toʻpurarning oʻrinbosari hisoblanardi.

Joze Mourino uchun Eldordan ustun koʻringan Feliks xatoga yoʻl qoʻydi. Bosh murabbiy uning tungi diskotekalarda yurganidan xabar topdi.

Il Messaggero nashrining xabar berishicha, Feliks oʻrinbosarlar tarkibidagi doʻstlari bilan tungi diskotekalarga borgani uchun Joze Mourino uni asosiy tarkibdan haydab, yani ikkinchi jamoaga qaytarib yuborgan.

Oʻyinchining bunday qattiq jazolanishiga klubdagi vaziyat ham ta'sir qildi. Mourino jamoaning hujumkor oʻyinchilari Stefan El-Shaaravi va Nikolo Dzanolo jarohatlaridan toʻliq tiklanmagani bois Feliksdan bor e'tiborini jamoaga qaratishni talab qilgan. Biroq, yosh oʻyinchi masala naqadar jiddiy ekanini tushunmay, koʻngilochar tadbirlarga shoʻngʻib ketgani Mourinoni ikki hissa gʻazablantirdi.

Afena-Gyan joriy mavsumda A Seriyada 12 ta uchrashuvda ikkita gol urdi. Kubok bahslarida ham ikki bor maydonga tushdi.
Oʻrinbosarlar jamoasida esa beshta bahsda qatnashib, raqiblar darvozasini olti bor ishgʻol qilgan edi.

Shu tariqa, “Roma” asosiy tarkibida ikki markaziy hujumchi Temmi Abraxam va Eldor Shomurodov qoldi. Shuningdek ularga Karles Peres va Stefan El-Shaaravi ham yordamlashadi.

Mourinoga mashhur oʻyinchi kerak

Bild nashrining xabar berishicha, “Roma” mutasaddilari “Benfika”da toʻp tepayotgan Yulian Vayglni transfer qilmoqchi. Bu maqsadga erishish uchun rimliklar “Milan” bilan raqobatlashishiga toʻgʻri keladi.

26 yoshli oʻyinchi “Borussiya”dagi faoliyati bilan tanilgan. “Benfika” uni 2020 yilning yanvarida dortmundliklardan 20 million evro evaziga transfer qilgan edi.

Vaygl boʻyi baland boʻlishiga qaramay, texnik jihatdan kuchli oʻyin koʻrsatadi. U har ikki oyoqda ham yaxshi oʻynaydi. Ikkinchi qavatdagi kurashlarda ham faol. Mourino germaniyalik futbolchi yordamida tayanch zonani sezilarli darajada kuchaytirmoqchi.

Yulian Vaygl joriy mavsumda barcha turnirlarda 37 ta uchrashuv oʻtkazib, uchta toʻp kiritdi va jamoadoshlariga beshta golli pas oshirdi.

Uning “Benfika” bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilning yarmigacha davom etadi. Portugaliyaliklar uni 20 million evro evaziga qoʻyib yuborishga tayyor.

“Roma” Mxitaryanni olib qoladigan boʻldi

“Roma” rahbariyati armanistonlik legioner Genrix Mxitaryanga bir yillik shartnoma berishga qaror qildi. Avvalroq, klub xoʻjayinlari yozda erkin agentga aylanadigan pleymeyker bilan xayyorlashishga tayyor ekanini bildirgandi.

La Gazzetta dello Sport nashrining ma'lum qilishicha, poytaxtliklar joriy mavsumda yuqori saviyada oʻynayotgan yarim himoyachi borasida fikrini oʻzgartirgan. Klub mutasaddilari yaqin kunlarda Mxitaryanning agentlari bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha muzokarani boshlashi kutilmoqda.

Joriy mavsumda Genrix barcha turnirlarda 32 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasiga uchta toʻp kiritdi va jamoadoshlariga ettita golli pas uzatdi.

Mourinoga bu oʻyinchining turli pozitsiyalarda oʻynay olish mahorati qoʻl kelmoqda. U qanotlardan hujum uyushtirish, jamoadoshlarini qulay pozitsiyaga chiqarish, hujumchi ortida oʻynash va pleymeykerlik qobiliyatini namoyish qilib kelmoqda.

Mxitaryan faoliyati davomida “Pyunik, “Metallurg D”, “Shaxtyor”, “Borussiya D”, “Manchester Yunayted” va “Arsenal” kabi jamoalarda ham toʻp tepgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport