Samsung Galaxy Note 7’ning taqdimot kunini ma’lum qildi

Samsung kompaniyasi 13 iyul kuni o‘zining navbatdagi – Galaxy Note 7 fabletining rasmiy taqdimot kunini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, fablet 2 avgust kuni Nyu-Yorkda namoyish qilinadi.
Yangi, innovasion flagman fableti – Galaxy Note 7 to‘g‘risidagi mish-mishlar, xabarlar foydalanuvchilarga juda katta va’dalar berayotgandek, go‘yo. Fabletda joriy qilinishi kutilayotgan eng yorqin texnologiya, shubhasizki unda ko‘zning rangdor pardasi skaneridir.
Galaxy Note 7 fabletida 5,7 (yoki 5,8) dyuymli Super AMOLED platformali, QHD (2560 x 1440 piksel) sig‘imli displey, 256 GB ma’lumotni sig‘dira oladigan microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi mavjud bo‘ladi.
12 megapikselli bosh kamera fazali avtofokus, optik barqarorlashtirish, LED fotochaqnoq bilan ta’minlanadi. Fabletning old kamerasi 5 MP sig‘imli surat oladi.
Uning tezkor quvvat olish va simsiz quvvatlash texnologiyasi bilan ta’minlangan, 4000 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyatorga ega ilg‘or gadjet bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu quvvat bilan unda 20 soatlik videoni o‘ta yorqin rangda va to‘xtovsiz tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Galaxy Note 7 dizayni xususida internet tarmog‘ida Fransiyaning NowhereElse nashri tomonidan e’lon qilingan, ammo rasman tasdiqlanmagan suratlar orqali bir oz tasavvur hosil qilish mumkin. Fablet metall va shisha uyg‘unligida tayyorlangan korpusga ega bo‘ladi.
Uning muhim jihati korpus old panelining yuqori qismida ko‘zning rangdor pardasini skaner qilish orqali telefon tizimiga kirishiga ruxsat beruvchi sensorning mavjudligi bo‘ldi. Mazkur datchik orqali «aqlli telefon»ni yuzdan 25-35 sm uzoqlikda tutib, tekshiruvdan o‘tish talab etiladi. Shunda ekranda paydo bo‘lgan ikki nafar doira ko‘z qorachig‘ini skaner qiladi.

Shu bilan birga, mobil aloqa vositasida barmoq izlari skaneri ham mavjud bo‘ladi.
Galaxy Note 7 korpusi IP68 standartiga ega bo‘lib, suv hamda chang ta’siriga chidamli bo‘lishi aytilmoqda.
GSMArena nashri mualliflarining ma’lumot berishicha, fabletning displeyi qayrilma, ya’ni sohil-ekranlariga ega bo‘ladi. Shuningdek, unda USB Type-C turidagi universal port ham mavjud.

Smartfon 6 GB tezkor xotira, Exynos 8893 yoki Snapdragon 821 prosessorlari bilan ta’minlanadi. Galaxy Note 7 Android Marshmallow operasion tizimining eng so‘nggi «Grace UX» talqinida faoliyat ko‘rsatadi.
Ferra.ru nashri tarqatgan xabarda aytilishicha, mazkur fablet rasmiy taqdimot kuni sotuvga chiqariladi. Norasmiy ma’lumotga ko‘ra, Galaxy Note 7 bozorga taxminan 800-900 AQSh dollari bahosida sotuvga chiqariladi.
Bularning barchasiga 2 avgust kunida bo‘lib o‘tadigan taqdimotda oydinlik kiritiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing